VELOSPORTCHILARIMIZNING YUTUG‘I
Tailandning Bangkok shahrida velosport bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo kubogida O‘zbekiston sportchilari 1 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Nufuzli musobaqaning g‘olib va sovrindorlarini Toshkent xalqaro aeroportida sport jamoatchiligi, muxlislar va ommaviy axborot vositalari xodimlari kutib oldi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni izchil rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasida sportchilarimiz jismoniy kuch va mahoratda hech kimdan kam emasligini namoyish etib, qit’a va jahon chempionatlari, Osiyo va Olimpiya o‘yinlarida muntazam yuqori natijalarga erishib kelmoqda.
Qit’aning o‘ttizga yaqin davlatidan eng kuchli velopoygachilar ishtirokida o‘tkazilgan Osiyo kubogining velotrek bahslarida tajribali sportchimiz Vladimir To‘ychiyev guruh poygalarida oltin, shaxsiy poygalarda kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Osiyo kubogining shaxsiy va guruh poygalarida qatnashgan sportchilarimizdan Dilmurod Siddiqov bittadan kumush va bronza, Yekaterina Knebelyova ikkita bronza medal bilan taqdirlandi, qizlar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida Alla Bezuglova kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning jamoaviy poygalarida Vladimir To‘ychiyev, Sergey Medvedev, Timur Gumirov va Ruslan Fyodorovdan iborat terma jamoamiz shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.
Javohir TOSHXO‘JAYEV,
O‘zA muxbiri