OTA UYI

Ota uyi. Atak-chechak tashlagan ilk qadamlarimizga, qo‘ng‘iroqdek beg‘ubor kulgilarimizga, jajjilarga xos chuldirashlarimizga guvoh bo‘lgan muqaddas makon!

Ota uyini xalqimiz ota Vatan deb ardoqlaydi. Yurt kengliklarini biz shu yerda yurakka tuyamiz, sog‘inchni, orzu qilishni, polaponlardek ko‘klarga parvoz etishni niyat qilamiz. Dilimizga, xotiralarimizga joylaymiz! U bizning Vatan ichidagi Vatanimiz, urib turgan yuragimiz, suyanch tog‘imiz!

Vatan. Uning har qarichi, har bir giyohi biz uchun muqaddas. Oila esa shu ulug‘vorlikning gulg‘unchasi. Mustahkam oila el-yurt tinchligini ta’minlaydi, deydi donishmandlarimiz. Ba’zida bu tushunchani yodimizdan chiqarib qo‘yamiz. Natijada kimdir yoki nimadir sabab bo‘lib ana shu muqaddas dargohga darz ketadi. Biz aybni boshqalardan izlaymiz. Ba’zida esa atrofimizdagilarni, yaqinlarimizni tushunmaymiz yoki tushunishni xohlamaymiz. Kimdir mol-dunyo talashadi, yoinki o‘zini o‘zgalardan ustun qo‘yishga harakat qiladi. Boshqa birov esa hayot ikir-chikirlaridan andisha qilsa, «andishaning otini qo‘rqoq» qo‘yishadi.

Poytaxtga oilasi bilan ko‘chib ketgan kenja o‘g‘il nihoyat ota uyiga mehmonga keldi. Intizor bo‘lib kutayotgan onaizori bilan diydorlashdi. Volidasi o‘g‘lini bag‘riga olar ekan, sog‘inchlari ancha bosilgach, mehr bilan so‘raydi: – Bolaginam, buncha uzoq qolib ketding, sog‘-salomat yuribsanmi? Kelinim, nevaralarim yaxshigina yurishibdimi? Ishing yaxshiku-ya, farzandlaring, oilang ham joyida, Yaratganga shukur, – Atrofni qo‘li bilan ko‘rsatarkan: – dadang qo‘llari tekkan bu eski devorlarni bir yangilasang, degandim. Otaginangning ruhlari shod, mening ko‘nglim to‘q bo‘lardi. Axir, bu uy endi senga tegishli. Opang, singling uyli-joyli, oilasi bilan tinib-tinchib ketgan. Akang ham yonimizdagi mahallada yangi uy qurdi. Sen ham vaqti kelib qaytsang, hammamiz bir joyda bo‘lsak, yaxshi-yomon kunlarda tug‘ishganlar bir-biringizni qo‘llab-quvvatlab turarmidingizlar deyman-da, bolam.

Onasining bu gapidan keyin o‘g‘il chuqur o‘yga toldi: – Bolalarim katta bo‘lishsa, bu yerga qaytib kelisharmikan?.. Keyin bolalikning baxtli onlarini eslab ko‘ngli yorishdi. Dasturxon atrofida o‘tirib nima der ekan, deya uning og‘zini poylayotgan onasiga qarab: – Xo‘p bo‘ladi onajon, hammasi siz aytgandek bo‘ladi. Faqat menga biroz fursat bering, ro‘zg‘ordan orttirib, mablag‘ to‘plab olay, albatta, hovlimizni ko‘nglingizdagidek qilib ta’mirlayman, xavotir olmang, onajon, – dedi. U ota uyining qadri balandligini anglab yetgandek edi…

Yana o‘qing:  KITOB YO‘LI

Bolalikda devor-darmiyon qo‘shnimiz bo‘lardi. Ularning oilasida ikki nafar o‘g‘il va bir qiz farzand bor edi. Bolaliklari nihoyatda ahil-inoqlikda o‘tgan bu oilaning tinchligi o‘g‘illar uylangach, darz keta boshladi. Ikki og‘a-inining oralaridan «ola mushuk» o‘tdi. Katta kelin ishdan kech qaytgan kun hech qayerda ishlamay uyda o‘tiradigan kichkina kelinning gap-so‘zlari tinmaydigan bo‘ldi: – Men bu uyda ovsinimga malay emasman, bundan keyin ovqat yegisi kelsa, pishirib yesin. Hamma uy ishlari menga, oyijonimizning siylovlari opamga. Bo‘ldi, hammasidan to‘ydim. Bu uyda yo ular turishsin yoki biz.

Kun ora bo‘ladigan urush-janjal, oiladagi xotirjamlikni yemira boshladi. Otaning qalbi bundan qattiq ozorlandi. Kunlar o‘tib, mehr-oqibat, hurmat va xotirjamlik ushbu xonadonni tark etdi. Birgina singilni ham kelgan sovchilarni so‘rab-surishtirmay turmushga uzatishdi. Oradan besh-olti oy o‘tib-o‘tmay homilador qiz ota uyiga qaytib kelibdi. Nima ekan, kuyovning boshqa oilasi bor ekan. U ota-onasining qistovi bilan uylanganini, unga ko‘ngli yo‘qligini aytgach, g‘ururi toptalgan qiz uyiga qaytishga majbur bo‘libdi. Or-nomus ustunlik qilib ota bechora yuragini changallagancha yerga qulabdi…

Xullas oiladagi nosog‘lom muhit uni parokandalikka olib keldi. Ikkala ovsin esa «Ikki yomon zanjir uzar» deganlariday, ota uyni sotishga, alohida «dom» olishga erlarini ko‘ndirishibdi. Bir paytlari gurkirab, bolajonlarning shodon kulgusiga to‘lgan ota uy o‘zgalarga nasib etibdi…

Yurtimizning taniqli rassomlaridan biri o‘zi tug‘ilib o‘sgan makonidan yiroqda bo‘lsa ham bolaligi o‘tgan makonni, qum ko‘chalari-yu, unda ungan ajabtovur giyohlarni entikib eslaydi. Yantoq gullaridan zavqlanib, daryo bo‘ylarida oyoq yalang chopganlarini, o‘rtoqlari bilan mazza qilib daryoda cho‘milganlarini o‘zgacha sog‘inch bilan gapirib beradi. Bularning bari unga ilhom manbai bo‘lganini va ayni kunda hamon ilhom bag‘ishlashini qayta-qayta g‘urur ila takrorlashdan charchamaydi. Ijodkorning ko‘zlaridagi sog‘inch alangalari uning ota uyiga bo‘lgan mehridan darak beradi. Shu emasmi, Vatan sog‘inchi?! Ona Vatanga mehr-muhabbat, Vatandan faxrlanish tuyg‘usi!

Men ham bolalikning yorqin kunlari o‘tgan, buvim ekkan mevali daraxtlar bilan to‘la bog‘u rog‘ni hamon eslayman. Oilamizda olti nafar farzand edik. Bolaligimiz yeldek uchib o‘tdi-ketdi. Esimda, uyimizning oldidan loyqa suvli ariq oqar, biz bolalar yozning jazirama kunlarini ertadan-kechgacha cho‘milish bilan o‘tkazardik. Buvimiz yopgan kulchalarni ariqqa oqizib, suvga bo‘ktirib yerdik. Uyimizning orqa tomonida esa olma, o‘rik, shaftoli, olcha nihollari meva bera boshlaganida biz bolalar naqadar shodlanardik, yeb to‘ymasdik.

Yana o‘qing:  YURTIMIZDA YANA BIR BOR: “TASHKENT CHALLENGER – 2014”

Biz voyaga yetgach bilim olish, ishlab pul topish, ro‘zg‘orga biroz bo‘lsa-da, qarashish maqsadida polaponlardek uchib har tomonga tarqaldik. Yillar o‘tdi. Buvijonim olamdan o‘tdi. Vaqti kelib uyni sotishga majbur bo‘ldik. Ko‘p o‘tmay uyni, buvimni sog‘inib, bolaligimni eslab ko‘rgani kirdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, buvim ekkan mevali daraxtlar ham qurib qolibdi. Tabiatning mana shunday mo‘jizalari oldida inson ba’zan lol qolarkan…

Ota uy. Bu biz dunyoga kelgan xonadon. Ota-onamizning farzandlarim o‘sib-ulg‘aysin, deya peshona teri, mehnatlari evaziga bunyod etilgan koshona. Azizlar, ushbu baxt qasrini asrab-avaylaylik. Umr yeldek o‘tmoqda. Borgan sari inson bolalikning beg‘ubor haroratini qo‘msaydi. Unday kezlarda ota-ona, og‘a-ini, opa-singillar qadri yanada bilinadi. Dilingni ezguliklar qurshab oladi. O‘tkinchi dunyoda bir-birimizga yaxshilik qilib yashamoq baxti hammamizga nasib etsin. Zero, donishmandlar deydilar «Kengga keng dunyo!”

Muhabbat XO‘JAMURODOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: