Umrboqiy tarona

Har 1 oktyabr arafasida ustozlarga bo‘lgan izhorlarim qalbda tug‘yon ura boshlaydi. Barchasini jamlab olish qiyin. Axir, ularning sha’niga dunyoning bor ezgu so‘zlarini armug‘on etsa ham kam. Shunday paytlarda bir qo‘shiq yuragimga ohista singa boshlaydi. Bu tarona umrboqiydir. Har bir kishiga maktab davrlarini, jonkuyar ustozlarni eslatadi.

Mehr nuri yog‘ar doim

Ko‘zingizdan ustozlar.

Yursam deyman, bu tabarruk

Izingizdan ustozlar.

Ha, el sevgan san’atkor Sanobar Rahmonovaning boshqa qo‘shiqlari qatori “Ustozlar” qo‘shig‘i ham, mana, qirq yildirki, kishilar qalbini junbushga keltirmoqda. O‘z vaqtida muxlislar qalbidan munosib o‘rin egallagan bu ajoyib tarona hali-hanuz odamlar tilida. Uni hamon tinglovchilar zavq-shavq bilan eshitadi. Ayniqsa, “Ustoz va murabbiylar” kunida jaranglaganida butun ta’lim-tarbiya sohasi fidoyilarining qalbi yanada faxrga to‘ladi, kasblariga bo‘lgan sadoqati, mehr-muhabbati yanada oshadi.

Chin insonlik kitobiga

Baxt-u hikmat bitibsiz.

Odob ila bilim oldim

So‘zingizdan ustozlar.

Mazkur qo‘shiq ijrochisi Sanobar Rahmonova 1972-73 yillarda san’at sohasiga kirib keldi. Uning ilk ovozini mehribon ota-onasi eshitib, xursand bo‘ldi va unga oq yo‘l tiladi.

Bu orada o‘n uch yoshli qiz Po‘lat Mo‘min she’ri, G‘ulomjon Ro‘ziboyev musiqasi bilan “Ustozlar” qo‘shig‘ini kuyladi. Qo‘shiq 1974 yil teleekranga uzatildi. U xalqimizning umrboqiy taronalaridan biriga aylandi.

Hozirgi kunda xonandaning shogirdlari Gulasal Abdullayeva va Xonzodabegim Do‘stova bu qo‘shiqni maromiga yetkazib ijro etmoqda. Sanobar Rahmonovaning 6 yoshli nabirasi Hadyabonu ham qo‘shiqni buvisi bilan kuylab berganida qalbim yana zavq-shavqqa to‘ldi:

Joy oldingiz bir umrga

Shogird yurak to‘ridan.

Mo‘min hayot darsin o‘qir

O‘zingizdan ustozlar.

Zebiniso BO‘RIYEVA,

Surxondaryo viloyati

Yana o‘qing:  O‘ZBEKISTON O‘QITUVCHI VA MURABBIYLARIGA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: