UYIMIZDAGI BAROQVOY
uning xosiyati va parvarish qilish xususiyatlari haqida
Bir kuni ishdan qaytsam, qizalog‘im yig‘lab o‘tiribdi. Sababini so‘rasam, ko‘zlari to‘la yosh bilan tutilib-tutilib gap boshladi:
– Ayajon, mushukcham ariqdan suv ichmoqchi edi, tushib ketdi-da, oqib ketdi. “Miyov, miyov”lab o‘tlarga yopishmoqchi bo‘ldi, lekin baribir kichkina panjasi kuchsizlik qildi. Yordam berolmadim, meni ham suv oqizib ketadi, deb qo‘rqdim. Ayajon, mushukcham endi kelmaydimi?!
Qizimning jon kuydirib yig‘lashi ko‘nglimni g‘ashladi. Bechora jonivorga ham achindim. Mittivoy qizim bilan rosa o‘ynardi, uydagi zararkunandalarni ovlardi. Boshqa mushuk olib kelaman deb uni yupatganday bo‘ldim. O‘sha kuni kechki payt qo‘shnim dori so‘rab chiqdi. “Tinchlikmi?” desam, “O‘g‘limni mushugimiz tishlab oldi, qo‘li qizarib ketyapti”, deb xavotirlandi. Ko‘nglimga “g‘ul-g‘ula” oraladi.
Bu jonzotning ham foydali ham zararli jihatlari bor ekan. Qizimga mushuk olib bersammi yoki yo‘qmi? Shu haqida o‘ylab, uy jonivorlari parvarishi to‘g‘risida ma’lumot to‘plashga kirishdim.
Uyimizdagi yoqimtoy azaldan insonlarning hamrohi bo‘lgan. Taxminan to‘rt ming yil avval mushuklar qadimgi Misrda qo‘lga o‘rgatilgan. Yana bir manbaada Kiprda eramizdan avvalgi yettinchi ming yillikka doir qabr topilgan. Unda odam yoniga ushbu jonivor ko‘milgan. Bundan tashqari, mushuklarning inson salomatligiga foydali jihatlari haqidagi gaplar qulog‘imizga chalinadi. Olimlarning ta’kidlashicha, magnit rezonansli tomograf skanerlashni o‘tishdan avval, mushuk bilan 15 daqiqacha “suhbatlashsa” bemorlarning vahimaga tushish darajasi pasayadi. 14 yoshdan – 83 yoshgacha bo‘lgan 1500 nafar amerikalikni tadqiq etish natijalari shuni ko‘rsatdiki, uy hayvonini boqish stress (ruhiy zo‘riqish) darajasini pasaytiradi. Uy hayvoni bolada allergiya va astmaning rivojlanish xavfini kamaytiradi.
Ichki a’zolarning yallig‘lanishini davolashda mushuklar foydali hisoblanadi. U insonning og‘riyotgan a’zosi ustiga yotib oladi. O‘zidan issiqlik chiqarib, og‘riqni qoldiradi. Xuddi shu kabi mushukning foydali xususiyatlari talaygina.
Xonaki mushuklarning ellikdan ortiq zoti mavjud. Ular asosan juni va dumining uzunligi, ko‘zlarining rangi bilan farqlanadi. Fors mushuklari juda yaxshi psixoterapevt hisoblanadi. Oila a’zolaringiz ichida hayvon yungiga allergiya bo‘lsa, unda abissin mushugini oling, chunki uning umuman tuki yo‘q. Siam mushugi jahldor va arazchi bo‘ladi. Bunday jonivorni bolaga olib bermagan yaxshiroq. Kichkintoy hayvonning dumidan tortishni, quchog‘iga olib ezg‘ilashni yaxshi ko‘radi, bunday paytda jahldor mushuklar tap tortmasdan hujumga o‘tib qolishi mumkin.
Mushuklar insonlarga nisbatan yorug‘likda olti barobar kamroq qo‘rishadi. Ularning ko‘z to‘rpardasi orqasida maxsus aks ettiruvchi qoplama mavjud. Shu sababli ularning ko‘zlari tunda yonib turadi.
Bilgan va bilmaganlarimiz HaQida
Hovlili uylarda uy hayvoni parvarishlash qiyin bo‘lmaydi, ammo ko‘p qavatli xonadonlarda bu biroz muammo tug‘diradi. Shu bois sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish zarur. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 iyuldagi “Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish va saqlash bilan bog‘liq xizmatlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aholi punktlarida it va mushuklarni saqlash, parvarishlash, hayvon egalari va davlat organi vakillarining vazifalari, huquq va majburiyatlari belgilab berilgan.
– Jonivorlarni parvarishlashning o‘z qoidalari bor, – deydi Shayxontohur tumani Davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazi, epidemiologiya bo‘limi mudiri Matluba Jumayeva. – Xususan, uy hayvonlarini boqmoqchi bo‘lganlar, avvalo, veterinariya xizmatida ro‘yxatdan o‘tishi, it va mushuklarni parvarishlash tartibi, ularning yon-atrofga va inson salomatligiga ta’siri to‘g‘risida aniq ma’lumotlarga ega bo‘lishi kerak. Uy hayvonlarini parvarishlayotgan shaxslarga veterinariya guvohnomasi beriladi.
Hayvonlardan odamlarga yuqadigan kasalliklarning eng xavflisi bu qutirish virusidir. Keling, bu haqda batafsil ma’lumot beraman.
Mushuklarda quturish kasalligi to‘satdan qo‘zg‘alish bilan boshlanadi, mushuk juda tajovuzkor va hujumkor bo‘lib qoladi, odamlarga, boshqa hayvonlarga tashlanib tishlaydi va tirnaydi, 2-4 kunda nobud bo‘ladi. Quturish kasalligiga chalingan hayvon, agar odamning yuz qismidan tishlagan bo‘lsa, 90 foiz, agar qo‘l panjalarini tishlagan bo‘lsa 63 foiz, oyoq qismlaridan tishlagan bo‘lsa 23 foiz hollarda virus yuqadi va asoratlari paydo bo‘ladi. Quturish kasalligi bilan hayvon kasallanadimi, odam kasallanadimi, yakuni aniq…
Shuning uchun xonaki it va mushuklarni o‘z vaqtida veterinariya ko‘rigidan o‘tkazib turish va quturish kasalligiga qarshi emlash zarur. Uy hayvonlarini to‘g‘ri parvarishlash, ularda uchraydigan yuqumli kasalliklarning oldini olish orqali mahallalardagi tozalik va sarishtalikni saqlashga alohida e’tibor qaratish kerak. Har yili respublikamiz bo‘yicha hayvon tishlashidan jabrlanganlarni quturishga qarshi emlash uchun (antirabik vaksina, antirabik immunoglobulin) katta mablag‘ sarflanadi.
Shifokorlarning aytishicha, toksoplazma inson organizmida keng tarqaladigan yuqumli kasallik turi hisoblanadi. Ushbu infeksiyaning asosiy tashuvchisi mushuklardir. Surunkali toksoplazma asab tizimini ishdan chiqaradi. Ushbu virus homilaga ham o‘tishi mumkin va uning rivojlanishi uchun katta xavf tug‘diradi. Qon orqali homilaga o‘tishi va asosan homiladorlikning 12 haftalikkacha bo‘lgan davrida inson embrioni hayotiga tahdid soladi.
Mutaxassislarning gaplarini o‘qib, uy jonivorlarini boqish zararli ekan-da, deb o‘ylashingiz mumkin. Ammo o‘z vaqtida e’tiborli bo‘lsangiz, mushuk yoki itingiz haqida yetarlicha ma’lumotingiz bo‘lsa, ko‘ngilsizliklarning oldini olasiz va sevimli jonivoringiz bilan hech qanday muammolar yuzaga kelmaydi.
Hadislardan Hikmatlar
– Hayvonot olami inson manfaati uchun yaratilganini ulardan xohlagancha foydalanish mumkin deb tushunmaslik kerak, – deydi Toshkent shahar Chilonzor tumani “Nosirxon” jom’ye masjidi imom xatibi Jasur Raupov. – Islom dini bu borada ham adolatli o‘lchovlarni belgilab qo‘ygan. Ya’ni: hayvonot olamidan to‘g‘ri foydalanish; mahsulotlaridan ehtiyojga ko‘ra manfaat olish; zarurat bo‘lganidagina ov qilish va hokazo.
Xonadonda mushuk boqish mumkin, boqilgan ham. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam mushuklar haqida “u sizlarning atrofingizda aylanib yuradigan hayvonlardan” deb yaxshi gaplarni aytganlar. Sahobalardan Abdurahmon ibn Sahl mushuklarni yaxshi ko‘rib, boqib yurganlari uchun Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan “Abu Hurayra” degan kunyani olganlar, ya’ni “mushukchaning otasi” degan ma’noda nomlanganlar. Ana shu ma’noda mushuk uy hayvoni sifatida boqilishi mumkin, bu ma’noda hech qanday ma’n qilish yo‘q.
Xulosa O‘rnida
Yuqoridagi fikrlarimizga xulosa qiladigan bo‘lsak, aholi sihat-salomatligi, ayniqsa, bolalarning jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishi, ularni turli xavfli va yuqumli kasalliklardan asrashga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi tadbirlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shahar obodonlashtirish boshqarmalari va sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Shunga qaramay mushuk va boshqa uy hayvonlari saqlovchilarning ayrimlari ushbu qoidalarga amal qilmayotgani kuzatilmoqda. Natijada, bu nafaqat insonlar balki, jonivorlar uchun ham ko‘ngilsiz holatlarni yuzaga keltirmoqda.
Biz tirik tabiatning barcha turfa xilligini saqlab qolishga intilgan holda ularga juda muloyimlik va mehr bilan munosabatda bo‘lishimiz lozim.
Dildora QARSHIBOYEVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri