GO‘DAKNI OVUTADI, ammo…
so‘rg‘ichdan xalos bo‘lish osonmi?
Oilada go‘dak tug‘ilgach, ota-onadan tortib barcha oila a’zolari unga parvona bo‘lishadi. Ayniqsa, yangi tug‘ilgan chaqaloq ikki yoshgacha ona sutini emib o‘ssa, nur ustiga a’lo nur. Uni ovutish uchun onalar so‘rg‘ichni o‘zlarining eng yaxshi yordamchilari deb biladilar. Biroq, “tanganing ikki tomoni” bo‘lganidek har narsada me’yor yaxshi. Agar go‘daklar so‘rg‘ichga “mukkasidan ketsa” ularni ba’zan maktab yoshigacha ham undan ajratish qiyin. Ona sutini emadigan chaqaloqqa yaxshisi so‘rg‘ich bermagan ma’qul. Chunki, u ko‘krakni jigarrang areolasi bilan qo‘shib emadi. Bu esa uning yuz-jag‘ sohasi to‘g‘ri rivojlanishiga zamin yaratadi. So‘rg‘ichni esa faqat uch qisminigina emadi.
So‘rg‘ich emgan bola onasini ham shunday emishga harakat qiladi. Ko‘krakni emish uchun chaqaloq mehnat qilishiga to‘g‘ri keladi. Agar onaning suti kam deb o‘ylab, unga sun’iy sutli aralashma shishachada so‘rg‘ich bilan berilsa, go‘dak harakat qilmasa ham sut quyilib keladi. Bu holat esa go‘dakni dangasa qilib qo‘yadi va u osongina ona sutidan voz kechib qo‘ya qoladi. Ona chaqaloqni qancha ko‘p va tez-tez emizsa uning suti ko‘payadi. Mabodo go‘dakni shishacha va so‘rg‘ichda oziqlantirishga to‘g‘ri kelsa ham sut tomchilab chiqadigan qilib qo‘yish kerak. Shunda u ona ko‘kragidan voz kechmaydi.
So‘rg‘ichning foydali va zararli tomonlari haqida ota-onalar va mutaxassislar tomonidan uzoq bahs yuritildi. Uning natijasiga ko‘ra bola uchun so‘rg‘ich kerakligi aniqlandi. Uzoq bahslashuvlardan so‘ng bu qarorni psixolog, logoped, stomatologlar bilan birgalikda ota-onalar tasdiqladi. Bolaga so‘rg‘ich bermaganda uning o‘rnini bolakayning barmoqchalari egallaydi. Bu esa barcha ota-onalar uchun yoqimsiz holat. Lekin oradan vaqt o‘tib bolakay katta bo‘la boshlaydi va ertami-kechmi odat tusiga kirib qolgan so‘rg‘ich bilan xayrlashishga to‘g‘ri keladi. Xo‘sh, qachon va qanday qilib so‘rg‘ichdan xalos bo‘lmoq kerak?
1. Eng yaxshisi so‘rg‘ichdan bolakayni xalos qilishda mehribonlik bilan ish tutgan ma’qul. Masalan 3-4 oylik paytida bolakay so‘rg‘ich bilan uzviy “aloqa”da bo‘ladi. Aynan shu vaqtda murg‘ak bolaga hushyor bo‘lish, iloji boricha huda-behudaga so‘rg‘ich bermaslik maqsadga muvofiqdir. Agar bolajonning kayfiyati yaxshi bo‘lsa yoki uxlayotgan bola birdaniga uyg‘onib ketib, yig‘lashni boshlasa so‘rg‘ich bermasdan uni turli yo‘llar bilan tinchlantirish lozim. Asosiysi unga sababsiz so‘rg‘ich bermang. Masalan: onaning telefonda gaplashishi uchun bola so‘rg‘ich so‘rishga majbur emas! Bir so‘z bilan aytganda, so‘rg‘ichdan o‘z manfaatingiz uchun foydalanmang. Umuman olganda go‘dagim sog‘lom o‘ssin degan ota-onalar ularning shaxsiy gigiyenasiga e’tibor berishlari kerak. Ya’ni, har gal so‘rg‘ichni bolaga qaynagan iliq suvda obdon yuvib berish zarur. Har kuni bir marta so‘rg‘ichni antibakterial suyuq sovun bilan yuvib, qaynagan iliq suvda chayib, so‘ngra toza dokaga o‘rab quritish kerak. Yana sun’iy ovqatlantiriladigan go‘daklarning sut idishlari va so‘rg‘ichlari ham har doim antibakterial suyuq sovun bilan yuvilib, quritilishi kerak. Chunki, tozalikka rioya qilinmasa go‘daklarning og‘iz bo‘shlig‘ida stomatit rivojlanishi va yana ularda me’da-ichak tizimi faoliyati buzilib, ichketar(diareya) va qusish holatlari kuzatiladi. Bu esa o‘z navbatida go‘dakning tana harorati oshib, organizmi suvsizlanishiga sabab bo‘ladi. Aziz ota-onalar, arzimagan sabablar (ya’ni, gigiyenaga amal qilmaslik) mudhish oqibatlarga olib kelishi mumkin.
2. Bola qancha tez so‘rg‘ichni rad qila boshlasa, undan qutulish shuncha yengil kechadi. Go‘dakning 8 oylikdan 11 oylikkacha bo‘lgan muddat amaliyot uchun maqbul vaqt bo‘lib hisoblanadi. Sababi bu bosqichga kelib bolaning so‘rish refleksi bosqichma-bosqich so‘nib boradi. Uning o‘rnini esa bolakayning keyingi hayoti bilan bog‘liq oziq-ovqatlarni chaynash, emaklash, uni o‘rab turgan muhitga bo‘lgan qiziqish taassurotlari egallaydi. U o‘zi uchun yetarli darajada yorqin taassurotlarga ega bo‘la boshlaydi. Umuman olganda bu vaqtga kelib so‘rg‘ichga hojat qolmaydi. Lekin uxlash oldidan chaqaloqqa albatta so‘rg‘ich berish tavsiya etiladi. Buning asosiy sababi esa bolakayning miyasi kun davomida olgan voqealardan tinchlanishi lozim. Aynan shu vaqtga kelib bolani yangi odatlarga o‘rgatish kerak. Bolaga endi katta rasmlari bor kitoblarni o‘qib berish, uni ovuntira oladigan, kichik she’rlar aytish, oldiga turli xildagi (juda kichik bo‘lmagan, gigiyenik talablarga javob bera oladigan va oson yuviladigan) o‘yinchoqlarni qo‘yish zarur.
Agar bolakay ona suti bilan oziqlansa, ertaroq ya’ni, aniqroq qilib aytganda 4-7 oylikda so‘rg‘ichdan bosh torta boshlaydi. Sababi ko‘krak suti bilan oziqlanadigan bolada so‘rish refleksi to‘g‘ri rivojlanadi. Bolani diqqat bilan kuzating, u so‘rg‘ichdan bo‘yin tovlagan vaqtda uning ko‘z oldidi yerda yotgan (ataylab qo‘yilgan) so‘rg‘ichni oling. Saldan keyin uning so‘rg‘ichga bo‘lgan “munosabati” yangi bosqichga o‘tganini, muammoning ancha qismi hal bo‘lganini ko‘rasiz.
3. Agar bola so‘rg‘ichni tug‘ilganining ilk kunidayoq rad qilsa, xavotir olishga asos yo‘q. Uni uyqu oldidan bolaga berish mumkin. Shunda ham bola injiqlik qilib so‘rg‘ichni so‘rishdan bosh tortsa shirintoyni alla yoki beshik tepasiga ilingan o‘yinchoqlar yordamida ovutib uxlatish mumkin. Bunday vaziyatda esa uni tinchlantirish uzoq muddatni talab etadi, sabrli bo‘lish ziyon qilmaydi. Bu vaziyatdan chiqishning yanada yaxshi yo‘li kunning ikkinchi yarmida bolakay bilan sayrga chiqishdir. Eng qiyin muammo bu bolani so‘rg‘ichdan bosh tortishi hisoblanadi. Bu barcha bolajonlar uchun tinchlantiruvchi vositadir. Ammo go‘dagingiz so‘rg‘ich emishni istamasa, uni zo‘rlamang. Ya’ni, so‘rg‘ichni asalli yoki shakarli shirin suv, murabboga botirib bolaga bermang. Bu uning me’da osti bezi ko‘proq ishlashiga sabab bo‘ladi. Natijada ko‘p insulin moddasi ishlab chiqariladi. Yana og‘iz bo‘shlig‘ida shakarli suv stomatit rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Me’da osti bezi go‘dakligidan zo‘riqib ishlasa qandli diabet rivojlanishiga zamin yaratadi.
4. Har bir ona farzandining ehtiyojini yaxshi his qilgan holda, bolakayning qachon so‘rg‘ichni rad qilishga tayyorligini juda yaxshi biladi. Aksariyat ikki yoshli bolajonlar uchun so‘rg‘ich so‘rish uchun ehtiyoj bo‘lsa, qolganlari uchun bu-tashvishga soladigan holdir. Umuman olganda hali ikki yoshli bolalar so‘rish qobiliyatini o‘zida saqlab qolgan bo‘ladi.
Ikki yoshli bolaga ko‘p narsalarni tushuntirish mumkin. Masalan: ko‘chaga chiqqanda so‘rg‘ichni uyga tashlab chiq, u iflos bo‘ladi; og‘izda so‘rg‘ich bo‘lganda yugurish mumkin emas, bo‘lmasa tilingni tishlab olasan; ovqatdan so‘ng so‘rg‘ich so‘rma, tishing kasallanishi mumkin va hokazo. Farzandingizni bag‘ringizga bosib, unga o‘zi tushunadigan qilib so‘rg‘ich so‘rishning yomon tomonlarini tushuntiring. Bolalardan so‘rg‘ichni so‘rishni bas qilgunicha, ota-onalardan ulkan sabr-toqat talab qilinadi.
Agar ikki yoshli bola so‘rg‘ichni eng sevimli o‘yinchog‘idek qabul qilsa, so‘rg‘ichdan voz kechish bolakay uchun kuchli ruhiy zo‘riqish(stress) bilan kechadi. Shuning uchun ham bu vaziyatdan qattiqqo‘llik bilan chiqib ketish samarasiz. Ota-onaning sabr-toqat-la g‘amxo‘rlik qilishi sababli bolaning asab tizimiga bezarar, natija beradigan usullardan foydalanish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Bu har bir ota-onaning topqirligiga bog‘liq. Yoki shunday vaqt keladi (bolalarda uchraydigan eng ko‘p holatlardan biri) bolangizning burni bitib qoladi. Shunda uni ko‘rib qo‘ygan shifokor kichik bemorga so‘rg‘ich uning nafas olishiga xalal bergani uchun uni so‘rishni ta’qiqlab, o‘z daftariga qayd qilib qo‘yganday ko‘rsatsin. Farzandingiz bunga shubhasiz ishonadi.
– Bola uchun so‘rg‘ichdan voz kechish, “unchalik dahshatli” kechmaydi. Ammo onalarning bezovtaligiga go‘dakning e’tirozli nigohi sabab bo‘ladi, – deydi psixologlar.
Agar ota-onalar bosiqlik bilan bu vaziyatdan chiqish yo‘lini muntazam izlashsa, shubhasiz maqsadlariga yetishlari oson bo‘ladi.
Agar bola o‘z vaqtida so‘rg‘ichdan ajratilmasa, keyinchalik uning tishlari chiqayotganda yuz-jag‘ sohasi noto‘g‘ri shakllanib, tishlar noto‘g‘ri tishlam (prikus)ga ega bo‘ladi. Bu esa ovqatni yaxshi chaynashga salbiy ta’sir etadi. Shuningdek, ularning nutqi rivojlanishi ham kechikib, talaffuzi buziladi.
Xurshida HUSENOVA tayyorladi