Qutlug‘ yoshli qizaloq
“Gulxan” jurnalida ish boshlagan dastlabki kunlarimda mas’ul kotibimiz Narimon Orifjonov “Muhabbatxon, shaddodligingiz, gapni chertib-chertib, maqol qo‘shib ishlatishingizni Yayraxonga o‘xshatdim. Yayra opangiz bola dunyosini, bola tilini yaxshi biladi, u kishining etagidan tutsangiz kam bo‘lmaysiz”, dedilar qo‘limga bir dasta jurnal tutqazib.
– Yayra Sa’dullayeva yetti yil “Gulxan”ga rahbarlik qilgan, – suhbatga qo‘shildi badiiy muharrir Mirvosil aka Odilov, – opamiz ishga, intizomga talabchan bo‘lsada, ijodkorni juda qadrlaydi. Dadaxon Nuriy, Xayriddin Saloh, Rauf Toliblar ham u kishini ustoz deb bilishgan. Xohlasangiz, u kishi bilan sizni tanishtirib qo‘yaman.
Ammo, men Yayra opaning “Gulxan”, “G‘uncha”da e’lon qilingan hikoyalarini o‘qib o‘qishga kirishdimu, o‘zlari bilan yuzma-yuz gaplashishga jur’atim yetmadi. Chunki, bir ko‘rishda opa ancha jiddiy va qattiqqo‘l ko‘rinardi. Kutilmaganda, “G‘uncha”ning mashinistkasi Mukambar opa, xonada tushlik qilaylik, deb qoldi. Tushlik bosh muharrir Yayra opa bilan birga o‘tdi. U kishi mo‘jazgina idishda osh olib kelgan ekan.
– Abduolim akangiz damlagan edi. Olimlarning qo‘lidan bir osh yenglar, – ochiq chehra bilan dedi opa.
Men qisinib-qimtinib dasturxonga olma-uzum, pomidor-bodring qo‘ydim.
– Voy-bo‘, bozorni ko‘chirib kelibsiz-u, sizga iqtisodni o‘rgatsam bo‘larkan, – xijolat bo‘ldi Mukambar opa.
– Bularni tomorqamizda, o‘zimiz yetishtirganmiz, – dedim shosha-pisha.
– Yozganlaringizda yerni tushunishingiz sezilib turadi. Bejizga sizni mirzacho‘llik do‘stlarimga o‘xshatmagan ekanman, – Yayra opa qirmizi olmalardan birini qo‘liga olib miriqib hidladi. – Buni Sobit akangiz ko‘rsa, darrov topishmoq yozib tashlaydi. Tavba, xuddi yosh bolaga o‘xshaydi. Xafa bo‘lishi ham, hayratlanishi ham oson.
– Ha, endi bolalar ijodkori, butun umr bolalar ichida-da, – suhbatga qo‘shildi Mukambar opa.
– Rost, bolalar bilan ishlayverib, o‘zimiz ham bola bo‘lib qolyapmiz, – jilmaydi Yayra opa.
Opaga tabassum yarashib, meni cho‘chitgan viqorni yo‘qotib yubordi. “Demak, ijodimni kuzatar ekanda” o‘yladim ichimda, qaddimni sal tiklab o‘tirarkanman. – Opa, Siz Mirzacho‘lda bo‘lganmisiz? – so‘radim hayratimni yashirolmay.
– Bo‘lgangina emas, u yerda ishlaganman. Yoshlik bir jasorat ekan-da. Nozikkina shaharlik qiz, yoshlar gazetasidagi yaxshigina lavozimdan kechib cho‘lga ketibman-a. Ustozim Abdulaziz aka Vahobovning “Yayraxon, sen buni uddalaysan” degan duolari qanot bo‘ldi. Lekin qaqroq cho‘lga keldim deb, aslo, pushaymon bo‘lmadim. Chunki, chinakam jasorat maydoniga aylangan sahroda irodam toblandi, shijoatli yoshlar safida bo‘ldim, hayotni kuzatdim. U yerdagi hayot quvnoq yoshlar qo‘shig‘i sadolari ostida traktor gurillashiyu, ariq kanallarda suv to‘lib oqishi biz o‘ylaganchalik oson kechmagan. Gigiyena talablariga umuman javob bermaydigan baraklar, nafaqat qoningni, joningni sug‘urib oluvchi iskabtopralar… haftalab ichimlik suvini kutib qaqragan lablar… Men shu yerda inson qudratini ko‘rdim. Tengdoshlarimning matonatini, irodasini ko‘rib hayron qolardim. Bu hayratlarim maqola, lavha, ocherk bo‘lib respublika yoshlar gazetasida ketma-ket e’lon qilinardi. Men bu maqolalarni kechqurun sham yorug‘ida yozardim.
– Agar cho‘ldagi qaynoq hayot qozonida qaynab, atroflicha o‘rganib yozmaganingizda cho‘lquvar yoshlar haqidagi “Hayotning bir varag‘i” to‘plamingiz kitobxonlarga bunchalik manzur bo‘lmagan, Sizni elga tanitmagan bo‘lardi, – dedi Mukambar opa piyolaga choy quyib uzatarkan.
– To‘g‘ri, jurnalistning haqiqiy yutug‘i mavzuni bilib, chuqur o‘rganib yozishida, – jiddiy tortdi opa. – Afsuski u davrda qiyinchiliklar, muammolarni ochiq yozish imkoni yo‘q edi.
– Yayra opa, – dedim asta, – cho‘lquvarlar haqidagi kitobingizni berib tursangiz.
– Ertaga olib kelaman. Lekin “Gulxan”chi bo‘lmoqchi ekansiz, ko‘proq bolalar ijodkorlarining asarlarini o‘qing. O‘quvchilar, maktab hayotini yaxshilab o‘rganing. Bolalar soddalikni yaxshi ko‘rishadi. Uzun jumla, katta abzatslar ularni zeriktirib qo‘yadi. Uyda ukalaringiz bormi, – dedi Yayra opa o‘ylanib.
– 4-sinfda o‘qiydigan jiyanim bor.
– Ana shu jiyaningiz bilan ko‘proq suhbatlashing, gaplarini, harakatlarini kuzatib, yon daftaringizga yozib boring.
U kishini kuzatarkanman, “men o‘ylaganimdan ancha samimiy ekan” degan xulosaga keldim.
– Muhabbatxon “Gulxan”dagi “Toshbaqa xola nima deydi?” nomli maqolani juda qiziqarli, o‘qimishli qilib yozibsiz. Bolalar esida qoladigan uslub topibsiz. Endi “G‘uncha”ga qatnashsangiz bo‘ladi, – dedi bir kuni Yayra opa meni xonasiga chaqirib.
Men u yerdan qanot paydo qilib chiqdim. To‘g‘ri, Toshkent “Hayvonot bog‘”i, u yerdagi muammolar haqida shu maskanning eng keksa toshbaqasi nomidan yozilgan bu maqola bosh muharririmiz Abdulla Oripovga ham yoqqan edi. Ammo Yayra opadan bunday maqtovni kutmaganim uchunmi juda hayajonlandim.
Biz “Gulxan”chi, “G‘uncha”chi yoshlar Yayra opani nafaqat ijodda balki hayotda ham ustoz deb bilardik. Opamizning kiyinishidan tortib, yurish, turishi odamlarga muomalasi ham biz uchun ibrat edi. Opa pardoz-andozni uncha ham yoqtirmasdi, biroq qo‘shiq aytib, raqsga tushishni juda maromiga yetkazardi. Darvoqe, Yayra opa taniqli san’atkor Habib Sa’diyning jiyani edi. Ehtimolki, kuy, qo‘shiqqa mehr u kishidan o‘tgandir. Yayra opam bu mehrni ukalari, jiyanlariga ham singdirgani bois O‘zbekiston Xalq artistlari Lutfulla Sa’dullayev, Xayrulla va Yodgor Sa’diyevlar mohir san’atkor bo‘lib yetishgandir.
“Saodat”, “Gulxan”, “G‘uncha” bitta kasaba uyushmaga birlashgan edik. Shu bois ko‘pgina yig‘ilish va tadbirlarimiz birga o‘tardi. Ana shu paytlarda Rahima Shomansurova, Yayra opa, Mukambar opa, Mahmud akalar – ansambl bo‘lib, “Omonyor”, “Qoshingizni qora deydilar” laparlarini ijro etishardi. Bu “ansambl”dagi xonimlar “kim ko‘hlik semiz ko‘hlik” toifasidan bo‘lganlari uchun Mahmud aka “Ko‘rsat belingni bir ko‘rayin” deganida. Mukambar opam qo‘llarini beliga qo‘yib “bel bo‘lsa ko‘rasizda yor-yor” deb hammani kuldirardi.
Uyushmaning majlisi bo‘ladigan kunlari hammamiz o‘zimizga qarab, chiroyli kiyinib kelardik. Chunki, bunday majlisda “Saodat”ning bosh muharriri Zulfiya opa ishtirok etardida.
– Yayrajon, siz buyoqqa mening yonimga keling, – derdi Zulfiya opa u kishiga alohida iltifot ko‘rsatib, – kecha “Toshkent oqshomi”da hajviyangizni o‘qidim, qahramon kampiringiz juda hayotiy chiqibdi.
Ana shunday paytlarda Yayra opaning ko‘zlari chaqnab, shunday yayrab ketardiki, nazarimda nafaqat ko‘ngli, balki bo‘yi ham bir qarichga o‘sganday bo‘lardi.
Axir nozikta’b ijodkor, xalq shoirasining e’tirofiga sazovor bo‘lish oson bo‘ptimi…
Yayra opaning hayot yo‘lini ko‘z o‘ngimdan o‘tkazar ekanman, u kishining o‘zgalarga bo‘lgan samimiy munosabatiga havasim keladi. Inson qachon shaxsga aylanadi, qachonki, hamisha boshqalar haqida o‘ylasa, qo‘lidan kelgan yordamini boshqalardan ayamasa. Ustoz “G‘uncha”ga muharrirlik qilgan chorak asr davomida juda ko‘p bolalar ijodkorlariga suyanch bo‘ldi. Juda ko‘p yosh iste’dodlarni kashf qildi, – deydi opa bilan uzoq yillar birga mehnat qilgan “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” Erkin aka Malikov.
Chindan ham o‘sha davrlarda “G‘uncha” nafaqat bolalar, balki katta ijodkorlarning ham sevimli maskaniga aylangandi. Quddus Muhammadiy, Ilyos Muslim, Po‘lat Mo‘min, Hakim Nazir, Miraziz A’zamgina emas, To‘xtasin Jalolov, Muzayyana Alaviya, Asqad Muxtor, Hamid G‘ulomlar ham tez-tez tahririyatga kelishar, yozganlarini kichkintoylarga ilinishardi. Yayra opa ularni hamisha ochiq yuz bilan kutib olar, barcha ishlarni chetga surib, bir piyola choy ustida ular bilan suhbatlashish imkonini topardi. Yana tashriflar sal hayallab qolsa, opa yo qo‘ng‘iroq qilar, yoki ularning uylariga borib hollaridan xabar olardi. Taniqli pedagog, professor Qumri Abdullayeva esa “Alifbo”ga kiritiladigan she’r, hikoya, topishmoqlarni dastavval “G‘uncha” o‘quvchilari nazaridan o‘tkazib olardi. O‘sha paytlarda “G‘uncha” to‘liq ma’noda boshlang‘ich sinf darsliklarining sinov maydoni edi desam xato qilmagan bo‘laman. Salkam bir million nusxada chop etilayotgan jurnal yosh ijodkorlarning, ijodkor o‘qituvchilarning ham minbari bo‘ldi. Opa tahririyatga kelgan yaxshi asarni ko‘rganda boladay quvonib ketar, muallifni esa yosh boladay erkalab qo‘yardi.
Bosh muharrir ishda qanchalik qattiqqo‘l bo‘lmasin, o‘rni kelganda onaday mehribon ham edi. Tahririyat xodimlari xuddi bir oila a’zosidek, qon-qardoshlik rishtalarini bog‘langandi. Tursunpo‘lat aka yangi uy olganida, Sobit G‘ofurov qiz uzatganida, Rauf Tolib o‘g‘lini uylantirganida, opa xuddi onadek quvongan bo‘lsa, butun umrini bolalar adabiyotiga bag‘ishlagan iste’dodli yozuvchi kamtarin Mahmud ota Murodov olamdan o‘tganida singil bo‘lib bel bog‘lab ko‘z yosh to‘kkan edi.
– Jurnalda chiqqan hikoya va ertakni Yashnar bilan, she’r va tez aytish, topishmoqlarni Yulduz bilan, rasm va boshqotirmalarni Hamzaxon bilan muhokama qilamiz. Ularga ma’qul kelsa, barcha o‘zbek bolalariga ham yoqadi, – derdi Yayra opa. Ehtimolki, ana shu bahslar natijasi farzandlar ona kasbini tanlashgandir.
Mehnat qilgan elda aziz. Yayra Sa’dullayevaning bu fidoyiliklari xalqimiz, hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoniga sazovor bo‘ldi. Mustaqillikning ilk, nufuzli mukofoti – “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlandi.
Butun faoliyatini bolalar matbuoti va adabiyoti bilan bog‘lagan, salkam o‘ttiz yil kichkintoylarning suyukli jurnalini boshqargan, barcha o‘zbek bolasining sodiq do‘stiga aylangan G‘unchaoy, Tariqvoy, Temirjon (robotbola) kabi qahramonlarning “onasi” Yayra Sa’dullayevaga jurnalxonlar o‘z maktublarida aya deb murojaat qilishardi. Millionlab o‘zbek bolasining qalbini zabt etgan jurnalga aya bo‘lish esa bolalarning ijodkorga bo‘lgan e’tibori, cheksiz hurmati ramzi emasmi?!
Bugun ulug‘ yoshni qarshilagan adibamizning qalami hamon yozishdan to‘xtagani yo‘q. U kishi nabiralari – qorako‘z o‘zbek bolalarining ma’naviyatini boyituvchi, milliy qadriyatlarimizga hurmat, sharqona axloq-odob ruhida tarbiyalovchi hikoya-ertaklar yozishda davom etyapti.
Biz shogirdlari esa turmushdami, ijoddami biror muammoga duch kelsak naql va misollarga to‘la maslahatlarini tinglash uchun u kishining huzurlariga oshiqamiz. Bilamizki, sevimli onajonimizning eshigi biz uchun hamisha ochiq.
Kimgadir kerakligini, kimgadir nafi tegayotganini bilib yashashdan ortiq baxt bormi, inson uchun bu dunyoda?!
Muhabbat HAMIDOVA