ENG YAQIN DO‘ST, ENG YAXShI HAMROH
“Bolalar kitobi” respublika festivali bo‘lib o‘tdi
Kitob dillarni munavvar etadi. Kishilarni ezgu g‘oyalar bilan yashashga turtki beradi. U insonning ma’naviy olamini boyitadi. Shaxs sifatida kamolga yetishida muhim ahamiyatga ega. Shunday ekan, kitobga mehr bolalikdan shakllantirilishi lozim. Zero, Oybek aytganidek, “Kitob – tafakkur qanotidir”.
Poytaxtimizning G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida tashkil etilgan “Bolalar kitobi” respublika festivali ishtirokchilari bunga yana bir bor amin bo‘lishdi. “Sog‘lom va ma’naviy yetuk avlod – yurt kelajagi” shiori ostida o‘tkazilgan mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad esa bolalar orasida kitobxonlik madaniyatini yanada shakllantirishdan iborat.
Tadbirning ochilishida so‘zga chiqqanlar ushbu festival yoshlarni istiqlol g‘oyalariga sadoqat, ona Vatanga muhabbat, an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlashdi. Adabiyot va noshirlik sohasida qo‘lga kiritilgan ulkan yutuq va marralarni keng jamoatchilikka yetkazish, bolalar adabiyotini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani qayd etildi.
Sayl tarzida tashkil etilgan ikki kunlik festival doirasida respublikamizda faoliyat yuritib kelayotgan 60 dan ziyod nashriyot va matbaa korxonalari o‘zlarining bolalar uchun mo‘ljallangan adabiyotlari bilan ishtirok etdi. O‘rnatilgan maxsus peshtaxtalardagi bir-biridan qiziq, rang-barang, sifat va saviya jihatidan yuksak bahoga ega kitoblar yurtimizda noshirlik faoliyati tobora rivojlanib borayotganining isbotidir.
– Insondagi ijodkorlik, yaratuvchilik kitobga do‘st bo‘lishdan boshlanadi, – deydi “Tafakkur qanoti” nashriyotining muharriri Mehribon Safaraliyeva. – Ularga yaxshi “hamroh”, sodiq “yo‘ldosh”lar sonini va sifatini oshirish, mazmunan boyitish esa biz noshirlarning asosiy vazifamiz. Jajji avlodni tabiatga mehr, kishilarga hurmat ruhida tarbiyalashda kitobning ahamiyati katta. Mazkur festivalda bolajonlarga mo‘ljallangan yigirmaga yaqin turdagi kitoblar bilan ishtirok etmoqdamiz. Uch tilda nashrdan chiqqan “Onasini qidirgan jo‘ja” kitobi shular jumlasidandir.
Qayd etish joizki, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan 2014 yil 1 sentyabr holatiga ko‘ra, 108 ta nashriyot, 1750 dan ortiq matbaa korxonasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Respublika nashriyotlari tomonidan har yili 2,5 ming nomdan ko‘proq, umumiy adadi 40 million nusxadan ziyod turli kitob mahsulotlari nashr etilmoqda. Ellikdan ortiq nashriyot bolalarga bag‘ishlangan noshirlik mahsulotlarini chop etib kelmoqda. Bugun yurtimizda nashr etilayotgan adabiyotlarning har uchtadan bittasi bevosita bolalarga bag‘ishlangan nashrlar ekanligi kelajak avlodga bo‘lgan e’tiborning amaliy ifodasidir.
– “Akademnashr” nashriyoti ham qator bolalar nashrlari qatorida “Cho‘pchagim, cho‘pchak”, deya nomlangan ertaklar kitobini taqdim etmoqda, – deydi nashriyotning ijodiy ishlari bo‘yicha direktor muovini Shahnoza To‘raxo‘jayeva. – Tez kunlarda esa Po‘lat Mo‘min, Quddus Muhammadiy, Anvar Obidjon, Tursunboy Adashboyev kabi bolalar shoirlarining maktabgacha ta’lim yoshidagi bolajonlarga mo‘ljallangan eng quvnoq, eng oson yod oladigan she’rlarini rangli, bezakli tarzda taqdim etmoqchimiz. Mazkur festival esa kitobxonlarni bundan xabardor etishda yaqindan ko‘mak beradi.
Bugungi axborotlashgan, “ommaviy madaniyat” kun sayin rivojlanib borayotgan bir davrda, ulg‘ayib kelayotgan avlodni milliy ruh tamoyillari asosida tarbiyalash mamlakatimizda dolzarb vazifalardan biri sifatida olg‘a surilmoqda. Mazkur festival zamirida ham yoshlarimiz ongida kitobga bo‘lgan hurmatni oshirish va shu orqali ularni milliy qadriyatlarga muhabbat ruhida tarbiyalashdek ezgu g‘oya yotadi.
Shu maqsadda tadbir doirasida turli viktorinalar tashkil etildi. “Eng yaxshi kitobxon”, “Kitobxon oila”, “Mening birinchi kitobim”, “Atrof olam muhofazasi – salomatlik garovi” mavzularidagi sovrinli intellektual o‘yin va viktorinalar shular jumlasidandir.
Shuningdek, Toshkent shahridagi “Barkamol avlod” bolalar texnik-ijodiyot markazlaridagi adabiyot, badiiy ijodga oid to‘garaklar a’zolari ishlarining ko‘rgazmasi ishtirokchilarning qiziqish va e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
– Kitob bolaning hayotidagi eng yaxshi ustozi, sodiq do‘sti, beminnat maslahatgo‘yi sanaladi, – deydi bolalar shoiri Tursunboy Adashboyev. – Mazkur festival axborotlashgan asrda bolani kitob bilan yaqinroq bo‘lishiga zamin hozirlaydi. Ammo, bolalarni kitob bilan yaqinlashtirish uchun bu bayramlarni dam olish kunlarida tashkil etilsa, yanada ommalashardi. O‘ylaymanki, keyingi festivallarda buni albatta, inobatga olishadi.
“Turkiston” san’at saroyida festivalning yakuniga bag‘ishlangan tantanali konsert dasturi tashkil etildi. El suygan xonandalar tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
– Mazkur bayram tadbiridan poytaxtimizdagi 23-sonli “Mehribonlik uyi”da tarbiyalanuvchi bolalar ham bahra olishdi, – deydi muassasaning ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘limi xodimi Ra’no Xo‘jayeva. – Ushbu festivalda yuzga yaqin bolajonlarimiz ishtirok etishdi. Ularga sovg‘a sifatida rang-barang, qiziqarli ensiklopedik kitoblar sovg‘a qilindi. Bu esa jajji qalblarda kitobga hurmatning oshishiga yordam beradi.
Ikki kunlik festival chinakamiga ma’naviyat va ma’rifat ayyomi bo‘ldi. “Bolalar kitobi” respublika festivali Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida ham ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.
Ma’rifat TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri