Hammasi yaxshi bo‘ladi
…Halim ko‘p o‘qiydi. Ayniqsa, mendan olib turadigan kundalik gazetalar uning uchun haqiqiy sovg‘a. Bir kuni gazetalardan birida yoritilgan maqola uni qiziqtirib qolibdi.
Unda “Mehribonlik uyi”da voyaga yetayotgan Sardorbek ismli bolaning kundalik hayoti aks etgan ekan. Doimgidek o‘qigan kitob va gazeta-jurnallaridagi voqealar xususida menga to‘lqinlanib gapirib beradimi, desam, yo‘q, aka, “Mehribonlik uyi” yaxshi joymi? deya so‘rab qoldi. Uning ko‘zlariga tikildim. Halim bu gal nigohlarini olib qochmadi. Nimadandir umidvorlik bilan qarab turardi.
– Ha, u yerda hamma narsa yetarli. Bolalar maza qilib, har xil o‘yinlar o‘ynashadi. Miriqib uxlashadi. Xullas, hamma narsa bor. Faqat ota-ona mehri yo‘q.
Halimning ich-etini yeyayotgan orziqish beixtiyor tiliga ko‘chdi:
– Sardorbekka havasim kelyapti.
– Unday o‘ylama. Axir sening ota-onang bor, ular yoningda-ku. Sardorbekning ota-onasi yo‘qligi sabab ham u shu yerda-da, ukajon.
Halim bu safar bo‘g‘zidan otilib chiqayotgan alamni tutib turolmadi.
– Men ham yetim bo‘lib qolishni istayman!
Uni yupatgan bo‘ldim.
– Qo‘y, ukajon! Undan ko‘ra, kel, sen ham ichki kechinmalaringni, ota-onanga aytmoqchi bo‘lgan gaplaringni qog‘ozga tushirib, gazetaga yubor. Shunda ota-onang uni o‘qib, to‘g‘ri xulosa chiqaradi. Yaxshi insonlarga aylanadi.
Halim tezda o‘zini qo‘lga oldi.
– Yo‘q, men ota-onamni yomonlab yozmoqchi emasman! Axir yaxshimi, yomonmi baribir ular mening ota-onamku. To‘g‘rimi, aka?! Bir kuni hammasi yaxshi bo‘ladi. Bunga ishonaman va kutaman.
Shu payt u yana avvalgidek quvnoqlik bilan meni turtkilay boshladi:
– Ey, aka, avtobus keldi, ketdik…
Avtobus Halimni, uningdek ko‘ngli yarimlarni ovutmoqchiday chayqala-chayqala yo‘lga tushdi.
Farhod ESHMO‘MINOV