Salomatlik borasida tashabbus
Yurtimizda ayollar sportiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda hududlarda 12 ta sinxron suzish, 14 ta badiiy gimnastika Federatsiyalari tashkil etilgan bo‘lib, ularning faolligini oshirish yuzasidan turli xil musobaqalar, tadbirlar, uchrashuvlar, marafon va festivallar o‘tkazilib kelinmoqda.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida “Sog‘lom nazar” sport sog‘lomlashtirish guruhining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur guruh mashg‘ulotlari mahallalardagi ayollar o‘rtasida olib borilmoqda.
Poytaxtimizning 8 ta tumanidagi 25 ta mahalladan 135 nafardan ortiq ayollar ushbu mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda.
Ta’kidlash joizki, mazkur guruh O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan o‘z intilishlari va g‘oyalarining qo‘llab-quvvatlanishini so‘rab fidoyi, tashabbuskor ayollarning murojaat etishi orqali tashkil etilgan. Bu esa o‘z o‘rnida aholining sog‘lig‘iga bo‘lgan e’tiborning shakllanganidan, eng asosiysi jamoatchilik faolligi va fuqarolik mas’uliyati kuchayib borayotganidan dalolatdir.
Ma’rifat TOLIPOVA