Farg‘onada MEDIATUR
O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan “O‘zkimyosanoat” DAK bilan hamkorlikda joriy yilning 5 sentyabr kuni “Farg‘onaazot” OAJda mediatur tashkil etildi.
Ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2013 yil 27 maydagi 142-sonli qarori bilan tasdiqlangan “2013-2017 yillarda O‘zbekiston Respublikasida atrof-muhitni muhofaza qilish harakatlar Dasturi” doirasida amalga oshirilgan faoliyat bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi. Dasturga muvofiq, karbamid va ammiak selitrasini ishlab chiqaruvchi korxonalarni qayta ta’mirlash hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha ishlar boshlangan. Mazkur tadbirlarning bajarilishi atmosferaga chiqarilayotgan azot oksidi tashlamalarini yiliga 149,3 tonnagacha, ammiakni yiliga 16,3 tonnagacha qisqartirish kutilmoqda.
Atrof-muhitga zararli moddalar tashlamalarini kamaytarishga qaratilgan tadbirlarning tizimli ravishda amalga oshirilishi, ekologik toza texnologiyalarning joriy etilishi natijasida “Farg‘onaazot” OAJda ifloslantiruvchi moddalar tashlamlari o‘rnatilgan me’yorlarga muvofiq 30 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorni tashkil etadi.
Ta’kidlash joiz, “Farg‘onaazot” OAJda chiqindilarning 75 turi hosil bo‘ladi, shulardan 2 turi xavflilik darajasi bo‘yicha 1-toifaga, 7 turi 2-toifaga, 25 turi 3-toifaga va 41 turi 4-toifaga mansubdir.
Dastur yakunida jurnalistlar ekologik toza texnologiyalar asosida mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sex faoliyati bilan tanishdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Axborot xizmati