BOBOSINING chempion bolalari
Ularning ko‘zlariga e’tibor berganmisiz? Undagi uchqun va o‘ziga bo‘lgan ishonch kelajakda shaxmat afsonasi bo‘lishini aytib turgandek go‘yo. Gap kim haqida ketayotganini tushungan bo‘lsangiz kerak. Shubhasiz, olti yoshidayoq jahon chempioni bo‘lib, butun dunyoga o‘zining o‘zbek o‘g‘loni ekanini bolalarcha shirin tili orqali g‘urur bilan baralla ta’kidlagan aka-uka Javohir va Islombek Sindarovlar haqida.
Go‘dakligidan xotirasi juda kuchli bo‘lgan Javohirning eng sevimli mashg‘uloti buvasi bilan shaxmat o‘ynash edi. 4 yoshidan o‘smirlar o‘rtasida ikki karra jahon chempioni Sirojiddin Zayniddinovning shaxmat maktabida mashg‘ulotlarga qatnashib, Sabohat Zayniddinovadan shaxmat sirlarini o‘rgana boshladi. Mashg‘ulotlarda ter to‘kkan Javohir tez orada o‘zini ko‘rsatdi. 2011 yili Toshkent shahar birinchiligi g‘olibi bo‘lib, ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi. 2012 yil Hindistonda bo‘lib o‘tgan maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi qit’a chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib, tezkor shaxmat bo‘yicha Osiyo chempioni, klassik shaxmat bo‘yicha kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Shu yilgi O‘zbekiston chempionatida 10 yoshgacha o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi musobaqada ishtirok etib, O‘zbekiston chempioni bo‘ldi.
Gretsiyaning Kavala shahrida o‘tkazilgan maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi jahon chempionatida 9 yoshgacha o‘g‘il bolalar guruhida shaxmatning har ikkala turi bo‘yicha ikkita oltin medalni qo‘lga kiritdi va ikki karra jahon chempioni degan yuksak unvon sohibiga aylandi.
Akasiga ergashib, shaxmat maktabiga qatnab yurgan Islombek ham ulkan yutuqlari bilan barchaning e’tiboriga sazovor bo‘ldi. 2012 yili Hindistonda o‘tgan qit’a birinchiligida 5 yoshgacha shaxmatchilar o‘rtasida kumush medalni qo‘lga kiritdi. “Aql gimnastikasi”ning murakkab sir-asrorlarini juda tez va puxta o‘rganayotgan bu zehnli bolakayning o‘yin uslubi ko‘plab mutaxassis-u muxlislarning diqqat-e’tiborini tortmoqda. Uning tez va to‘g‘ri qaror qabul qila olishi, hujumkor o‘yin uslubi Eronda o‘tgan Osiyo chempionatida g‘olib chiqishida muhim ahamiyat kasb etdi. Mazkur chempionat doirasida rapid va blits turnirlari hamda klassik shaxmat bo‘yicha uchta oltin medalni qo‘lga kiritgan yagona sportchi bo‘ldi. 6 yoshli o‘zbek o‘g‘loni mahoratiga dunyo tan berdi.
2014 yil Islombek uchun yanada omadli keldi. Gretsiyaning Kavala shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan shaxmatning tezkor va blits turlari bo‘yicha jahon chempionatida 7 yoshgacha bo‘lgan tengqurlari orasida tengsiz ekanligini isbotlab, bir yo‘la ikki oltin medalni qo‘lga kiritdi va ikki karra jahon chempioni bo‘ldi. Joriy yilning 20-29 iyun kunlari Toshkent shahri mezbonlik qilgan 6 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha Osiyo chempionatining blits musobaqalarida g‘olib bo‘lib, to‘rtinchi marta Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi.
Xalqimizda “Olmaning tagiga olma tushadi”, degan naql bor. Sindarovlar oilasining eng katta a’zosi, ya’ni chempionlarning bobosi Komil aka Sindarov yuridik fanlari doktori. Vaqti juda tig‘iz bo‘lishiga qaramay, Komil aka doimo nabiralarining tarbiyasi va shaxmat mashg‘ulotlariga alohida e’tibor qaratadi.
– Nevaram Javohir 2 yoshida kompyuterga qiziqib qoldi, – deydi biz bilan suhbatda Komil aka Sindarov. – Kichkinagina go‘dakning turli xil murakkab o‘yinlarni mahorat bilan olib borishi uning o‘tkir zehnidan darak berardi. Boladagi xotiraning kuchliligini ko‘rib, uni shaxmat to‘garagiga berishga qaror qildim. Bir kuni uni sport do‘koniga olib chiqib, yaxshi shaxmat doskasi olib berdim. Sipohlarni tizib, qanday yurishi lozimligini o‘rgatdim. Bir-ikki kunda o‘yinni o‘rganib oldi. Qarasam, qiziqishi ham yomon emas. Keyin uni yetaklab, ustozi Sabohat Zayniddinovaning oldiga oldib bordim… Shunday qilib, kechagina kompyutersiz turolmaydigan Javohir to‘rt yarim yoshida shaxmat bilan jiddiy shug‘ullana boshladi. Endi uning vaqti chegaralangan edi. Undan atigi bir yosh kichik bo‘lgan nevaram Islombek ham akasidan ko‘rib, shaxmatga qiziqa boshladi. Men bilan o‘ynash uchun ishdan kelishimni eshikda poylab o‘tirardi…
2013 yil nevaralarim uchun omadli yil bo‘ldi. Yanvar oyida Javohir 7 yoshida o‘n yoshgacha bolalar o‘rtasida O‘zbekiston chempioni bo‘ldi va jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Iyun oyida Eronning Mozondaron viloyati Sari shahrida 6-18 yoshli yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Islombek o‘ziga xos rekord o‘rnatdi. U 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida shaxmatning rapid, klassik, blits turlari bo‘yicha 21 ta partiyadan 20 tasida g‘olib bo‘lib, bir yo‘la 3 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi. 20 dan ortiq davlatlar ishtirok etgan nufuzli musobaqada yurtimiz bayrog‘ini uch karra baland ko‘tardi. Javohir esa 8 yoshgacha bolalar guruhida ishtirok etib, klassikda to‘rtinchi, blitsda esa ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
– 2014 yil bolajonlarim uchun yanada omadli keldi. Ular Gretsiyaning Kavala shahrida o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi jahon chempionatida eng yuqori natijani qo‘lga kiritib, o‘zbek bolalarining qanday salohiyatga ega ekanligini isbotlashdi. Islombek 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida shaxmatning blits va rapid yo‘nalishida oltin medallarni qo‘lga kiritib, ikki karra jahon chempioni unvoniga sazovor bo‘ldi. Huddi shunday 9 yoshgacha o‘g‘il bolalar musobaqasida mag‘lubiyatsiz dona surgan Javohir ham barcha raqiblarini dog‘da qoldirib, ikki karra jahon chempioni bo‘ldi, – deydi ularning bobosi Komil aka Sindarov.
– Ba’zida o‘ylab qolaman, avvallari bunday sharoit, shunday e’tibor faqat orzularimizda bo‘lardi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan boshlab yurtimizda o‘zimizni, o‘zligimizni ko‘rsatishga imkoniyat eshiklari ochildi. Shu sababdan nabiralarimga doimo bir gapni takrorlayman: Mustaqillik sharofati bilan bugun yoshlarimiz dunyo kezishmoqda. Istiqlol tufayli dunyoga o‘zbek degan nom baralla taralmoqda. Shu sabab uning qadriga yetishimiz, Vatanimizning har qarich yerini asrab-avaylashimiz, uning nomini ko‘klarga ko‘tarishimiz, bizga yaratgan imkoniyatlari uchun loyiq farzand bo‘lishimiz shart, – deya so‘zini yakunladi K.Sindarov.
O‘zbekiston – iste’dodlar makoni. Ana shu iste’dodlarni yuzaga chiqarish uchun esa imkoniyatlarimiz bisyor. Bizdan talab qilinadigani esa faqatgina harakat va ana shu e’tiborga loyiq bo‘lish. Mehnat insonni ulug‘laydi. Shu sababdan mehnatkash o‘zbek o‘g‘lonlari butun dunyoda ulug‘ bo‘lishlariga ishonchimiz komil. Zero, biz buyuk yurt farzandlarimiz.
Farhod TOLIPOV