TARBIYACHI O‘YINCHOQLAR ota-onalarga yaqin ko‘makchi

Globallashuv jarayonida millatimiz “ommaviy madaniyat”ga qarshi kurashmoqda. O‘yinchoqlar esa o‘sha g‘arbona g‘oyaning eng birinchi “tashviqotchisi” hisoblanadi. Yurtboshimizning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida ta’kidlanganidek, o‘yinchoqlar obrazi bolaning murg‘ak tasavvuriga bamisoli toshga o‘yilgan naqshdek muhrlanib, uning ongida bir umr saqlanib qoladi. Go‘dakning ulg‘ayib, kasb tanlashi, kelajakda qay yo‘ldan borishi, hayoti qanday kechishi, uning bolalikda qanday o‘yinchoqlarga oshno bo‘lgani bilan ham belgilanadi.

Multfilm qahramonlari aks etgan “Shrek”, “O‘rgimchak odam”, “Sohibjamol va mahluq”, “Barbi” kabi o‘yinchoqlar dunyo bo‘ylab tarqalgan. Yer sharining butun bir qismini o‘yinchoqlar egallagan, desak xato bo‘lmaydi. Negaki, bolalar dunyosida “sehrli diyor”ning paydo bo‘lishi tabiiy hol. Azaldan momolarimiz matolardan o‘yinchoqlar tikishgan, cho‘p qo‘g‘irchoqlar yasagan. Bu ovunchoqlar milliylik ruhi bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, unda ezgulik, sof tuyg‘ular mujassamlashgan. Xo‘sh, ayni kunlarda o‘zimizning bozor rastalarini qanday o‘yinchoqlar egallamoqda? Ularning sifat darajasi, dizayni talabga javob beradimi?

Ota-onalar fikri

– Mustaqillik bizga erkin erkin yashash baxtini berdi, milliy qadriyatlarimizni qaytardi. Qarang, yurtimizda sanoatning barcha turi rivojlanmoqda, hatto o‘yinchoqlar ham o‘zimizda ishlab chiqarilmoqda, – deydi Jizzax viloyati Zafarobod qishlog‘idan o‘qituvchi Said Umarov. – Shunday bo‘lsa-da, do‘konlarda g‘arbona o‘yinchoqlar talaygina. Ularning nafaqat sifati past, balki ma’naviyatga salbiy ta’siri ham katta.

Bunga ahamiyat bermayotgan ota-onalar “shunchaki o‘yinchoq-ku” deya, bolasi xarxasha qilib aytgan narsani olib berashadi. Vahimali, baland ovoz chiqaradigan dahshatli maxluqlar, yuzlari otishmadan yaralangan “Kovboy”lar yoki multfilm qahramonlari bolada qiziqish uyg‘otishi tabiiy hol, lekin o‘sha “qahramonlar”, endigina shakllanayotgan ongda ideal timsolga aylanib qolishi mumkin. Befarqlik oilaning, farzand kelajagining zavolidir.

Bolalarimizni kompyuter zararlaridan himoya qilyapmiz-mi, demak yot g‘oyalar aks etgan qo‘g‘irchoqlardan ham asrashimiz kerak. Bu bilan chetdan kirib kelayotgan mahsulotlarni cheklash lozim, demoqchi emasman. Ammo o‘zimizniki baribir yaxshida.

– Yaqinda qarindoshlar va do‘stlar davrasida qizimning olti yoshga to‘lganini nishonladik, – deydi Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida yashovchi Gulbahor Shermanova. – Qizim keltirilgan sovg‘a-salomlarni tomosha qilar ekan, “Aya, menga ham shunaqa ko‘ylak olib bering. Maktabga borganimda kiyaman” deb qoldi. Qarasam, qo‘lida “Feya” deb yozilgan qo‘g‘irchoq. Uning ko‘ylagi bir parcha matodan tikilgan bo‘lib, tizzasi va yelkalari ochiq holda edi. Qolaversa, ko‘z-qoshlari bo‘yalgan, sochlari ham qandaydir qattiq mahsulotdan tayyorlangan. Bu o‘yinchoq o‘zida sharqona qizlarga xos ifodani bermaydi, aksincha, behayolikni tasvirlab turibdi.

Yana o‘qing:  BOBOSINING chempion bolalari

O‘zbekona odatlar muhitida o‘sayotgan qizaloq uchun bu kabi “Feya”lar qiziqarli tuyuladi. Endi o‘ylab ko‘ringchi, pardoz-andozi me’yoridan oshgan, kiyimi bir alfozda bo‘lgan o‘yinchoq bola ruhiyatiga ta’sir qilmasligi mumkinmi?!

Qo‘g‘irchoq xarid qilayotganimizda ana shu jihatlarini inobatga olsak yomon bo‘lmasdi.

– Bolalar uchun mo‘ljallangan do‘konlarda milliy o‘yinchoqlarni topish mushkul, – deydi Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida yashovchi shifokor Mo‘tabar Nizomova. – Ularni faqat ko‘rgazmalarda, sayyohlik markazlarida uchratishimiz mumkin. Sotuvchilardan buning sababini so‘rasam, milliy qo‘g‘irchoqlarga xaridor kam ekanini aytishdi. To‘g‘ri, qo‘l mehnati mahsuli bo‘lgani bois narxi qimmatroq, lekin bolamizning sog‘lom kelajagi uchun biroz xarajat qilsak zarar qilmasdi. Yot g‘oyalar tarqatuvchi o‘yinchoqlarning bolalarga ta’siri haqida ko‘p gapiramiz-u, ammo o‘zimiz ularning ommalashishiga yordam bermayapmizmi? Qachonki o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan o‘yinchoqlarga talab ortar ekan, g‘arbona timsollar o‘z-o‘zidan bozorlarimizni tark etadi.

Mutaxassislar nima deydi?

Ma’lumki, bozor iqtisodida talab va taklif muhim ahamiyatga ega. Shu bilan bir qatorda raqobat iqtisodning o‘sishini ta’minlaydi. Biroq, korxonalarning raqobatlashishi ayrim hollarda zararli oqibatlarni yuzaga keltiradi. Talab etilayotgan o‘yinchoqlar sonining ko‘payishi, sifat darajasining tushishiga olib kelishi mumkin. Shu bois bola uchun buyum xarid qilayotganda, albatta, uning sifatiga ahamiyat bering. Masalan, o‘yinchoqdan o‘tkir kimyoviy hid taralmasligi kerak. Bu o‘yinchoq ishlab chiqarishda sifatsiz plastmassa va rezinalardan foydalanilganini anglatadi. Yumshoq o‘yinchoqlar esa asosan kimyoviy-sintetik tolalardan tayyorlanadi.

O‘yinchoqlarning sifatsiz xomashyodan tayyorlanganligi sabab ularning mayda bo‘laklarini kichkintoy yutib yuborishi mumkin. Judayam yorqin rangdagisi zaharli kimyoviy elementlarga boy bo‘yoqlar bilan bo‘yalganini bildiradi. Buyoq tarkibida uchraydigan formaldegid, fenol, fenoksil, metil, izobiturat kabi zaharli moddalar darajasining oshib ketishi bola uchun aslo foydali emas. Kichkintoylar uning rangiga qiziqib, mazasini tatib ko‘rgisi keladi. Natijada zaharli moddalar jigar, me’da-ichak yo‘llariga tushadi va organizmga o‘z salbiy ta’sirini o‘tkazadi.

Yumshoq o‘yinchoqlarning tuki to‘kilmasligini tekshirib ko‘ring. Bolaga o‘yinchoqni berishdan oldin uni qoqib tashlang va nam latta bilan arting, shunda tuklarning qoldig‘i lattada qoladi. O‘yinchoqlarning yog‘och, rezina, karton, metall, mato, paxta, teridan tayyorlangani ayni muddao.

Statistika ma’lumotlariga qaraganda…

Bugun savdo rastalarini to‘ldirgan o‘yinchoqlarning aksariyati xorijdan keltirilmoqda. Biroq, yurtimizda ham o‘yinchoq ishlab chiqarish sohasida o‘ziga xos tajriba to‘plangan bo‘lib, tadbirkorlarimiz tomonidan bu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Xususan, 2013 yilgi ko‘rsatgichlarga ahamiyat bersak, mamlakatimizda 50 dan ziyod o‘yinchoq ishlab chiqaradigan korxonalar faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, kasanachilik asosida milliy matolarimizdan qo‘g‘irchoqlar tikayotgan oilalar soni ham talaygina. Aynan qo‘l mehnati bilan milliyligimizga xos tayyorlanayotgan qo‘g‘irchoqlar xorij bozorlarida ham xaridorgir.

Yana o‘qing:  Ajdodlarga munosib avlod

2008 yildan o‘z faoliyatini boshlagan “Toys–Plast” korxonasi o‘yinchoq ishlab chiqarayotgan korxona faoliyati ham diqqatga sazovor.

– Bizning mahsulotlarimiz dizayn, sifat talablariga to‘liq javob beradi, – deydi korxona rahbari Akrom Muzaffarov. – Bu borada xorijiy davlatlarning o‘yinchoq sanoati bilan raqobatlasha olamiz. Dastlab 3-4 turdagi mahsulot ishlab chiqargan bo‘lsak, bugunga kelib ularning soni 80 dan ortdi. Qolaversa, o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan bolalar buyumlari xorijdan keltirib sotilayotgan mahsulotlardan arzonroq. Hammabop va hamyonbop. Mahsulotlar shartnoma asosida savdo shoxobchalari va do‘konlarga yetkazib berilayapti. 2013 yilda 540 ming dona o‘yinchoq ishlab chiqargan bo‘lsak, shundan 162 ming donasi chet elga Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga eksport qilindi.

Korxonamiz zamonaviy andozalar asosida qurilgan, ishchi kuchi va texnik qurilmalarimiz yetarlicha. Yaqinda Dubay shahriga mahsulotlarimizni eksport qilish bo‘yicha shartnoma imzoladik. Kelgusida korxonamiz faoliyatini yanada kengaytirib, yurtimizning boshqa tumanlarida ham filiallar tashkil etishni rejalashtirganmiz. Faqat manfaatni ko‘zlab, “ayrim” korxonalar singari ko‘plab sifatsiz mahsulotlarni ishlab chiqarsak bo‘ladi, ammo biz uchun farzandlarimiz salomatligi birlamchi manfaatdir.

Xulosa o‘rnida

O‘yinchoq o‘ynab o‘tirgan bolani kuzatganmisiz? U qo‘g‘irchoqlari bilan suhbatlashadi, mashinalarning poygaga shaylab, jarayonni o‘zicha sharhlaydi. Bundan ko‘rinib turibdiki, o‘yinchoqlar bolada nutqiy faollikni shakllantiradi, lug‘at boyligini oshiradi, tahlil qilish, taqqoslash, diqqatni jamlash kabi qobiliyatini rivojlantiradi, qaysidir ma’noda ovunchoqlari bilan do‘stlashadi. Shunday ekan bolalarga o‘yinchoq olib berishda sifat, dizaynga ko‘proq ahamiyat qaratsak foydadan xoli bo‘lmaydi. O‘yinchoqlar nafaqat tashqi ko‘rinishi, shaklu shamoyili bilan, balki mahsulotning kimyoviy tarkibi, gigiyenik sifati orqali ham kelajagimiz egalariga ziyon yetkazmasligi kerak.

Dildora QARSHIBOYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: