BEShIKCHI MARYAM
Yelkasiga beshik ortqilab borayotgan ota quvonchini hech kuzatganmisiz? Uning yuzu ko‘zida baxtiyorlik shavqi, kelajakka bo‘lgan ishonch mujassam. Nevarasi beshigiga yopinchiq tikayotgan yoki xarid qilayotgan onaxon siymosida hayot abadiyligi aks etadi. Darhaqiqat, o‘zbek o‘z taqdirini farzandining kamoli bilan bog‘laydi. Shuning uchun mehnat qiladi, yelib-yuguradi. Parkentlik tadbirkor ayol Maryam Ashirboyeva esa o‘zining betakror hunari bilan elimiz farzandlarining sog‘lom voyaga yetishiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotir. Ming-minglab ota-onalarga quvonch ulashayotir.
Darvoqe, asli kasbi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi bo‘lgan Maryam Ashirboyeva 1994 yilda “Parkent hunarmandlari” korxonasini tashkil etib, beshik va unga yopinchiqlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Yigirma yil mobaynida qator shogirdlar yetishtiradi.
– Yurtimizda bir ishning boshidan tutaman, tadbirkor bo‘laman, degan kishi uchun hamma imkoniyat bor, – deydi biz bilan suhbatda Maryam opa. – Faqat sir-sinoatini bilgan sohani rivojlanishga hissa qo‘shsangiz, muammolarga yo‘liqmaysiz. Oilamiz beshikchilar sulolasi sifatida nom qozongan. Bolaligimdan shu hunarga qiziqqanman. Bugun esa istiqlol sharofati bilan korxona tashkil etib, o‘z biznesimizni yo‘lga qo‘ydik. Beshikni asosan tut daraxtidan yasaymiz. Chunki uning taxtasi mustahkam bo‘ladi, qurt zarar yetkaza olmaydi, qolaversa tut – qut-baraka ramzi. Shuningdek, serfarzandlik nasib qilsin degan ezgu tilaklar ham mujassam.
Ha, mamlakatimizda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga keng imkoniyatlar yaratilyotgan tadbirkorlarni ham izlanishga, ham yangilik yaratishga undaydi. Ayni kunda turmush o‘rtog‘imning sa’y-harakati bilan beshiklarni yangi texnologiya asosida tayyorlashni yo‘lga qo‘ydik. Elektr toki yordamida tebranma beshik yasashni o‘zlashtirdik. Bu ayol kishining vaqtini tejaydi.
Bu serg‘ayrat tadbirkor ayol avval maktabda, so‘ngra mahallada to‘garak ochdi. Unda sochiqlarga turli shakllar – kapalak, toshbaqa, xo‘rozlarning rasmlarini chizishni, turfa ipak iplar bilan gullar to‘qish san’atini o‘rgatishni yo‘lga qo‘ydi. Shuningdek, tumandagi “O‘quvchilar ijodiyot saroyi”da ham to‘quvchilik to‘garagini tashkil etib, yoshlarga turli kiyim-kechaklar to‘qish, tikishni o‘rgatdi.
Tashabbuskor kelin qaynotasi Ashirboy otadan beshikchilik hunarini ham puxta o‘rgandi. Ularga yaqin yordamchi bo‘ldi. Maryam opa tumanda birinchilardan bo‘lib, beshiklarga yopinchiqlar tikib sotishni yo‘lga qo‘ydi. Qaynonasi Zebo onadan yuqtirgan beg‘uborlik, ko‘ngil kenglik unga bir umrga baxt olib keldi. Turmush o‘rtog‘i bilan uch nafar farzandini o‘zlaridek mehnatsevar etib voyaga yetkazishdi.
Korxona ochgandan keyin esa paxta matodan sochiq, futbolka, ich kiyimlar, ko‘ylak, xalat va beshik yopinchiqlari va ro‘zg‘orbop, oshxona buyumlari tikishni yo‘lga qo‘ydi. Keyinchalik tikuvchilik fabrikasi ochib shifoxonalar uchun choyshab, yostiq jildlari, xalatlar tikib berdi. Shu bilan birga ustozlik kasbini davom ettirib, uyda o‘tirgan ishsiz ayollarga hunarini o‘rgatdi. Kam bo‘lmadi. Intilganga tole yor deganlaridek, umr yo‘ldoshi Ma’mur akaning har bir ishda qo‘llab-quvvatlashi unga omad keltirdi. Parkentlik beshikchilar sulolasining to‘rtinchi avlodi sifatida qaynotasining ishini birgalikda davom ettirishdi. Bugungi kunda farzanlari Olimjon, Komiljon, qizi Dilfuza hamda kelinlari Sayha va Muhayyo bilan birga beshikchilik san’ati rivojiga hissa qo‘shishmoqda. Shuningdek, ular zamonaviy mebellar ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘ygan.
Maryam opa “Tashabbus – 2006” tanlovining respublika bosqichida ikkinchi o‘rin sohibasi bo‘ldi va maxsus sovrinni qo‘lga kiritdi. Ko‘p yillik mehnatlari evaziga viloyat, tuman hokimligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Respublika, viloyat, tuman, xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan turli diplom va sertifikatlar bilan taqdirlandi.
– Yurtimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng biz xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligimizni oshirishga, ijtimoiy hayotda o‘z o‘rnimizni topishimizga davlatimiz tomonidan alohida e’tibor berildi. Biz turmush o‘rtog‘im bilan oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Ana shu yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanganimiz bois muvaffaqiyatga erishib kelyapmiz. Bu korxonada nevaralarim ham beshikchilik, duradgorlik, chevarlik hunarlarini o‘rganishayotgani menga olam-olam quvonch baxsh etadi. Ular mehnatda toblanib boradi. Ham ko‘z oldingizda ulg‘ayadi. Zero, hayotdagi shiorim – farzandlarimning kasb-hunar egallashida yonma-yon tayanch bo‘lishdan iborat edi. Oilaviy tadbirkorlik mening ana shu talablarimga javob beradi, – deydi hayotidan mamnun Maryam opa.
Maryam opa faqat korxona ishlari bilan o‘ralashib qolgani yo‘q. U chorvachilikni ham yo‘lga qo‘ygan. Ro‘zg‘orbop barcha sabzavot va mevalar o‘zining bog‘idan chiqadi. Dalasi atrofiga turli kasalliklarga shifo bo‘ladigan giyohlar ham ekilgan.
Parkent Dehqon bozori rahbari Ahror Saidmurodov:
– Maryam opa “Parkent hunarmandlari” MCHJ rahbari bo‘lib ish boshlagandan buyon ustoz-shogird yo‘nalishida ish yuritib ko‘plab yosh hunarmandlarga ustozlik qildi. Shogirdi Murodjon Abdiyev ham zamonaviy mebellar – karavotlar, divan-kreslolar yasaydi. Parkent tumanida milliy hunarmandchilikni rivojlantirishda o‘zining munosib hissasini qo‘shish bilan birga “Hunarmand xotin-qizlar” uyushmasi jamoatchilik kengashining raisi sifatida ham namunali ish olib bormoqda. Ularga bozor ma’muriyati binosidan xona ajratib berildi. Opa hozirgi vaqtda 300 nafardan ziyod xotin-qizga bosh-qosh.
Eng asosiysi har haftaning payshanba kuni ma’naviyat va ma’rifat kuni o‘tkaziladi. Mutaxassislar taklif etiladi. Bozorda savdo qilayotgan ayollarning o‘zini tutishi, muomala va kiyinish madaniyati to‘g‘risida suhbatlar bo‘ladi. U g‘ayrat-shijoatga to‘la tashabbuskor ayol.
Ahror Saidmurodovning bu fikrlariga biz ham to‘la qo‘shilamiz. Kelajakda Boyqozonda namunali to‘yxona qurdirish, atrofida bog‘-rog‘lar bunyod etish maqsadida tinib-tinchimayotgan bu ayolga havasim keldi. Undan Boyqozon qo‘rg‘oni ta’rifu tavsifini so‘raganimda bir rivoyatni hikoya qilib berdi. Mahalliy aholi qiynalib yashayotgan ocharchilik paytlarida u yerga o‘ziga to‘q kishi ko‘chib kelgan va katta doshqozonlarda ketma-ket osh bergan ekan. U osh tarqatadigan kuni chekka-chekka qishloqlardan ham kishilar taklif qilinar ekan. Shu-shu u yerlar Boyqozon deb atala boshlangan ekan. Opaning saxovatpesha ishlarini kuzatib beixtiyor o‘sha rivoyatni esladim. Qahramonimiz ham yozgi dam olish oromgohlariga, o‘z mahallasidagi kam ta’minlangan oilalarga, nogiron bolalarga yordam berishni kanda qilmaydi. Bayramlarda ularni sovg‘alar bilan yo‘qlab turadi.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA