Anhor bo‘ylarining endi KO‘RKI O‘ZGACHA

Ikki yil chet elda xizmat safarida bo‘lgan do‘stim O‘zbekistonga qaytib keldi. Uni kutib olgani aeroportga chiqdim. Jomadonlarini mashinaga joylab uyga qaytar ekanmiz, do‘stim yo‘l-yo‘lakay:

– Yo tavba Toshkent judayam o‘zgarib, yana ham go‘zallashib ketibdi-ya. Shuncha o‘zgarish bo‘libdi shaharda, – dedi.

Darhaqiqat, ko‘chalar kengaytirilib, yo‘l chetlariga yotqizilgan maysalar, har tomonda xushhol raqsga tushib parvoz qilayotgan favvoralar yarqirashi ko‘zni oladigan biri-biridan go‘zal binolar, barcha-barchasi poytaxtimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turibdi.

– Hukumatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari natijasida nafaqat shahrimiz, balki butun mamlakat kundan-kunga chiroy ochib bormoqda, – deydi Toshkent shahar Obodonlashtirish Bosh boshqarmasi boshqaruvchisi o‘rinbosari Saidumar Aglayev. – Ushbu jarayonda faol ishtirok etayotgan turli tashkilotlar qatori boshqarmamiz jamoasi ham ana shunday xayrli ishlarda samarali faoliyat yuritib kelayapti. Shuningdek, xodimlarimizning malakasini oshirish maqsadida chet davlatlarda tajriba almashish ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning aprel oyida Niderlandiyaning Lisse shahrida o‘tkazilgan Xalqaro gullar ko‘rgazmasida Obodonlashtirish Bosh boshqarmasining “Landshaft dizayn” guruhi xodimlaridan uch nafari ishtirok etdi.

Toshkent shahrining kundan-kunga chiroy ochayotganidan nafaqat mahalliy aholi, balki kelayotgan sayyohlar ham mamnun.

– Shahrimiz ko‘chalari kundan kunga chiroy ochib bormoqda, – deydi biz bilan suhbatda poytaxtimizda yashovchi Tohir Halimov. – Avvallari ko‘rimsiz holatda bo‘lgan joylar hozir juda ham go‘zal, obod maskanlarga aylantirilmoqda. Masalan, yoshligimizdan suv havzalarida cho‘milib katta bo‘lganimiz “O‘rda” anhor bo‘ylarini oling. Bu yerdagi daraxtlar o‘sib, vahimali bir holatga kelib qolgandi. O‘sha joylar qayta rekonstruksiya qilinib, yorug‘ va go‘zal maskanga aylantirildiki, bugun bu yerda shahrimiz aholisi bemalol sayr qilib hordiq chiqarmoqda.

Darhaqiqat, mazkur hududda katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Hozir u yerda tashkil etilgan manzara kishiga huzur bag‘ishlaydi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 6 avgustda “Madaniyat va dam olish bog‘larini rivojlantirish, aholining va ayniqsa yoshlarning madaniy ongini oshirish to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilindi. Unga ko‘ra poytaxtimizning Yunusobod va Shayxontohur tumanlaridagi “Anhor” kanali qirg‘og‘ida “Anhor-Lokomotiv” ko‘ngilochar va dam olish maskanini barpo etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. O‘z navbatida Obodonlashtirish Bosh boshqarmasi tizimidagi korxonalar tomonidan anhor bo‘yi atroflarini sanitar tozalash, sun’iy sug‘orish uskunalarini o‘rnatish va boshqa obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, yangi barpo qilingan ko‘kalamzor hududda 2014 yil 26 avgust holatiga ko‘ra 500 dona buta ko‘chatlari 25 ming 700 dona manzarali gullar ekilib, 1 ming 125 kvadrat metr maysazor barpo qilindi.

Yana o‘qing:  HORDIQ VA RAG‘BAT: bola ishtiyoqini oshiradi

Eng ulug‘, eng aziz bayram Mustaqilligimizning 23 yillik shodiyonalariga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Obodonlashtirish Bosh boshqarmasi tomonidan alohida dastur ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra shaharni tashqi bezash, asosiy bayram tadbirlari o‘tadigan markaziy ko‘chalar va maydonlarni, xiyobonlarni bezatish ishlari amalga oshirilmoqda. Shahardagi gulzorlar yangilanmoqda, manzarali daraxtlarga shakl berilmoqda.

Bularning barchasi kishi ko‘nglini ko‘taradigan, bahri dilini ochadigan holatlar. Ammo ba’zan shunday vaziyatga duch kelib qolasanki, tabing xira bo‘ladi. Masalan, ko‘chalarimizda yerga tashlab ketilgan chiqindilar, turli idish va qog‘ozlarni ko‘rganda shunday bo‘ladi. Hozirgi kunda shahar ko‘chalari, xiyobonlari, transport to‘xtash bekatlarida zamonaviy dizaynga ega, qulay chiqindi tashlash qutilari o‘rnatilgan. Ammo ba’zida fuqarolarimizning turli xil yegulik va ichimlik qoldiqlarini, har xil buyumlarni yerga, ko‘chalarga tashlab ketishayotganining guvohi bo‘lamiz. Bu kabi holatlar o‘sha insonning ichki madaniyatidan darak beradi. Obodlik ko‘ngildan boshlanadi, deydi xalqimiz. Shu boisdan yurtimiz obodligi, uni ozoda va sarishta saqlash mamlakatimizda istiqomat qilayotgan har bir fuqaroning kundalik turmush tarziga aylanishi lozim. Zero, bunga faqatgina Obodonlashtirish Bosh boshqarmasi emas, balki har bir fuqaro mas’uldir.

Farhod TOLIPOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: