“O‘ZIMIZNING BOG‘”DAN: SMARTFON
UzDaily.Uz berayotgan xabariga ko‘ra joriy yilning oxirigacha O‘zbekistonda mobil telefonlar, smartfonlar va planshet kompyuterlarni muntazam ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
UzDaily.Uz berayotgan xabariga ko‘ra joriy yilning oxirigacha O‘zbekistonda mobil telefonlar, smartfonlar va planshet kompyuterlarni muntazam ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
23-27 oktyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan VI xalqaro sanoat yarmarkasida O‘zbekistonda shu mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgan shirkatlar o‘z mahsulotlarini namoyish etishgan. Yarmarka doirasida Artel savdo belgisi mobil telefonlar va smartfonlar taqdimotini o‘tkazgan. Kompaniya vakilining UzDaily.Uz’ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, ushbu mobil qurilmalar 2012 yilning dekabrida savdoga chiqariladi.
Artelning smartfonlari Android operatsion tizimi ostida ishlaydi. Ayni vaqtda kompaniya o‘z mahsulotlarini sertifikatlash ustida ish olib bormoqda.
Xitoyning ZTE kompaniyasi esa noyabr oyidan smartfonlar va planshetlarni O‘zbekistonda yig‘ishni boshlaydi. ZTE kompaniyasi Peng Sheng shirkati bilan hamkorlikda UZTE qo‘shma korxonasini tashkil etgan. Ma’lumot o‘rnida shuni aytish lozimki, Artel savdo belgisi 2011 yilda faoliyatini boshlagan bo‘lib, maishiy texnika vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Bugungi kunda konditsionerlar, changyutgichlar, mikroto‘lqinli pechlar, plitalar, oshxona uchun o‘rnatma texnika, mini pechlar, 2012 yilning ikkinchi yarmidan esa televizorlar, kir yuvish mashinalari, sovutgichlar ishlab chiqarishni boshlagan.
ZTE kompaniyasi esa, IDC tahlil markazi tadqiqotlariga ko‘ra, ushbu yilning uchinchi choragida jahon smartfon bozoridagi ulushini 3,3 foizdan 4,1 foizgacha oshirishga muvaffaq bo‘lgan.
Qayd etish joiz, bungacha ham bir necha marotaba O‘zbekistonda mobil telefonlar va planshetlar ishlab chiqarish to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi. Jumladan, 2011 yilda Hindistonning Olive Telecom kompaniyasi 2012 yildan “Navoiy” EIIZda planshetlar ishlab chiqarishi haqida xabarlar tarqatilgandi. Bundan tashqari, 2012 yilning sentyabrida Singapurning Servetechno Pte. Ltd shirkati O‘zbekistonda smartfonlar, planshetlar va kompyuterlar yig‘ishi haqida xabar berilgandi.