Baxt surati

Qadrdonim Sulton aka Hasanov!

Avvalo, Sizni umringizning qutlug‘ oltmishinchi dovoniga sog‘-omon yetganingiz bilan chin dildan samimiy qutlayman. Bunday nurafshon, tinch va osoyishta kunlarda oltmish yoshga yetish hech gap bo‘lmay qoldi. Yana bir bor muborak bo‘lsin!

Taklifnomangiz – juda chiroyli va bejirim chiqibdi. Rangi alvonday yashnab, lolazorni eslatdi. Lolazor esa inson umrining jo‘shqin lahzalarini, past-baland yillarini, quvonch va iztiroblarini yodga soladi.

Bolalik – beg‘uborlik, deb bejiz aytilmagan. Bolaligimiz Jaloyir qishlog‘ida, uning dalalari va paxtazorlarida, Zarafshon daryosi bo‘yidagi bepoyon to‘qayzorlarda poda boqish bilan o‘tgan. O‘shanda hali to‘qayzorlar paxtazorlarga aylantirilmagan edi. Qo‘lma-qo‘l kitob o‘qishlar barham topmagan edi… Eh-he bolalikda qolgan nurli izlar ko‘p…

Bunday hayajonli damlarda xayollar beixtiyor g‘ayrat to‘la bolalik – ko‘proq maktab yillari sari qanot qoqadi.

O‘shanda sizlar o‘ninchi, biz, ukalaringiz esa sakkizinchi sinfda o‘qirdik. Endi u beg‘ubor davrlarni afsuski ortga qaytarib bo‘lmaydi. To‘g‘risi, sizlarga chin dildan havas qilardik. Ayrim jihatlaringizga taqlid ham qilganimiz rost. Masalan, kiyim kiyishdan tortib soch tarashgacha… U davrdagi yigit-qizlarning rusumi bo‘lakcha edi…

Rahmatli maktab direktorimiz – oliyjanob va samimiy inson Bahron aka Mardonov ham katta-kichik yig‘ilishlarda sizlarning sinfingizni doim ibrat qilib ko‘rsatib, faqat yaxshi gaplarni aytib, maqtardi. Sizlar biz uchun ibrat edingiz.

Shu bois sizlarga o‘xshagimiz kelar va sizlarday “a’lo” baholarda o‘qishga astoydil intilardik. Ayniqsa, rahmatli sinfdoshingiz Xolmurod Idiyevning matematika fanini zo‘r va chuqur bilishiga hamma havas qilardi. Bu inson bilan butun maktab, hatto qishlog‘imiz faxrlanardi. Lekin qo‘li kaltalik qildimi yoki oilaviy imkoniyati yetmadimi, rahmatlik o‘qishga borolmadi. Xolmurod akaga havas qilib, maktabimizda matematikaga qiziquvchilar ko‘paygan edi…

Aslida sizlarning sinfingizda bunday “a’lo”chilar ko‘p edi. Siz ham shularning biri edingiz. Shu bois Sizday oddiy oila farzandini Samarqand Davlat tibbiyot institutiga o‘qishga kirgani haqidagi xushxabar o‘shanda hammamizni juda xursand qilgan edi.

Institutni muvaffaqiyatli tugatib, Karmana tuman markaziy shifoxonasida ish faoliyatingizni boshladingiz. Dastlab Uchtut qishloq vrachlik punktida ishlab tajriba orttirdingiz. So‘ng taqdiringizni sud-tibbiy ekspertiza sohasi bilan mustahkam bog‘ladingiz. Mana shunga ham 34 yil bo‘libdi. Shundan 18 yilini Navoiy viloyat Sud – tibbiyot ekspertiza boshqarmasi boshlig‘i lavozimida hormay-tolmay ishlab kelayotirsiz. O‘tgan yillar davomida Siz rahbarligingizda yaxshi va ahil jamoa shakllandi. Viloyat Sud tibbiyot ekspertiza boshqarmasi o‘z ishlarini puxta biladigan yetuk mutaxassislar bilan ta’minlandi. Ular hozirda viloyatning shahar va tumanlarida samarali mehnat qilib kelmoqdalar.

Yana o‘qing:  Bilim sarhad bilmaydi

Tibbiyotning barcha sohalari kabi Siz bevosita ishlab kelayotgan sud tibbiyot ekspertizasi sohasi ham mutaxassisdan halollik va to‘g‘rilikni talab qiladi. Bundan tashqari bu sohaning yana bir tamoyili borki, u ham bo‘lsa adolatni e’tiqod darajasida yuksak bo‘lishini ta’qozo etadi. Qayerdaki, qachon adolat buzilsa yoki adolatga soya solinsa o‘sha sohada odamlarning ishonchiga putur yetadi. Siz buni chuqur anglagan holda o‘z ish faoliyatingizda adolat, to‘g‘riso‘zlik va halollik tamoyillariga amal qilib kelmoqdasiz. Va Siz bilan ishlayotgan kasbdoshlaringizni ham shunday ishlashga da’vat etib kelayotganingiz tahsinga sazovor.

Bilasizmi, rahbarga juda ko‘p narsa bog‘liq. Rahbar ishxonaning oynasi. Rahbar qaysi yo‘ldan yursa, xodimlar ham shu yo‘ldan boradilar. Rahbarning yurish-turishidan tortib, gap-so‘zlari hamisha xodimlarga ibrat. Ibrat bo‘lish esa oson emas, akajon!..

Sizning ko‘pchilikka namuna bo‘ladigan yana bir ajoyib fazilatingizni aytmasam bo‘lmas. Siz adabiyotni yaxshi ko‘rasiz. Badiiy asarlarni sevib o‘qiysiz. Iloji boricha yangi kitoblarni ko‘zdan qochirmaysiz. Siz bilan uchrashganimizda, asosiy suhbatimiz kitob va matbuot haqida bo‘ladi. Shu bois el sevgan ustozlar – mashhur olim Ozod Sharafitdinov, taniqli adiblar – Ne’mat Aminov, Xayriddin Sultonovning asarlarini sevib o‘qish bilan birga, ularning ijodiy suhbatlaridan ham bahramand bo‘lgansiz. Ayniqsa, “Sharq Yulduzi”, “Jahon adabiyoti”, “Yoshlik” jurnallari “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Xalq so‘zi”, “Hurriyat”, “Sog‘lom avlod” singari gazetalarga muntazam obuna bo‘lib, ularni o‘qib kelishingizga havas qilsa arziydi. Aslida ziyoli shunday bo‘lishi kerak emasm?.. Fikrlayotgan odam uchun bular juda muhim.

Sulton aka, yaxshi oilaning egasisiz. Ajoyib farzandlarning otasi, shirin-shakar nabiralarning bobojonisiz.

Agar rassom bo‘lganimda edi, menga baxtli insonlar siymolarini chizish vazifasi topshirilganda birinchi galda albatta, Sizday yaxshi, kamtarin, samimiy va baxtli insonlarning suratini chizgan bo‘lardim. Baxtning suratiga aylanish hamma baxtlilarga ham nasib etavermaydigan go‘zal baxt.

Sizga yana bir bor baxt va omad, uzoq umr, sihat-salomatlik tilayman.

Ashurali JO‘RAYEV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: