Virtual olamning real oqibatlari
Hozirgi kunda butun dunyoda o‘zini o‘zi suratga olish ya’ni, selfi ommalashib ketdi. Turli ijtimoiy tarmoqlarda dunyo darajasidagi yulduzlardan tortib siyosatchilaru oddiy insonlargacha o‘zlarining elektron manzillarida ana shunday suratlari bilan o‘rtoqlashishmoqda. Xo‘sh, selfi o‘zi nima?
Selfies – hozirgi kunda barcha ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p tarqalgan odat bo‘lib, insonning ruhiy holati haqida yetarlicha ma’lumot beradi. Dunyo psixologlari o‘zini o‘zi ko‘p suratga tushiruvchi insonlar o‘zlariga bino qo‘ygan va o‘z tashqi ko‘rinishi bilan faxrlanadiganlar toifasiga kiradi deb hisoblashmoqda. Ular narsissizm (atrofdagilarning e’tibor va e’tirofi hamda o‘z ko‘rinishiga qaramlik) girdobiga tushib qoladilar.
Psixologlarning fikricha, ijtimoiy tarmoqlarda o‘z suratlarini joylashtirish va buning natijasi o‘laroq virtual do‘stlaridan yoqtirish (like)larni qabul qilib olish o‘ziga bo‘lgan ishonchning ortishiga va o‘zida mavjud bo‘lmagan xislatlarning borligiga ishonish va buning natijasida yolg‘on tasavvur girdobiga tushib qolishlariga sabab bo‘ladi. Bu esa kelajakda asab bilan bog‘liq muammolarga olib keladi. Insonda o‘zini boshqalardan ustun qo‘yish, xudbinlik singari illatlar paydo bo‘ladi.
Amerikalik ruhshunoslar qabulida bo‘ladigan bemorlarning uchdan ikki qismi aynan ana shunday ruhiy holatdagi insonlardir. Ular beixtiyor tinimsiz selfi qilib uni ijtimoiy tarmoqqa joylashadi.
Britaniyalik olimlar esa umuman ijtimoiy tarmoqlarning o‘zi inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi deb hisoblashmoqda. Arik Sigman Britaniya Biologiya institutining “Biologist” ilmiy jurnalida chop etilgan maqolasida shu haqda mulohaza yuritgan.
Uning fikricha ijtimoiy tarmoqlar insonlar bilan yuzma-yuz muloqotning kamayishiga olib keladi va buning natijasida inson asab tizimida salbiy o‘zgarishlar yuzaga keladi. Zero, ijtimoiy tarmoqlar virtual so‘zlashuv davomida faqatgina muloqotning noto‘g‘ri tasavvurini, soxta ko‘rinishini taqdim etadi xolos.
Olimning fikricha, jamiyatdagi faollikning yetishmasligi inson immun tizimi, gormonal balans, arteriyalar faoliyati va tafakkurining buzilishiga olib keladi. Bu esa saraton, yurak-qon-tomir va xotira zaifligi kabi turli xil kasalliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.
Farhod BEK