TAOMGA TALPINGAN GO‘DAK
unga qo‘shimcha ozuqa zarur
Ko‘krak suti go‘dak hayotida eng qimmatli va almashtirib bo‘lmaydigan noyob mahsulot hisoblanadi. Shuning uchun Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti birinchi olti oylikda go‘dakni faqatgina ko‘krak suti bilan oziqlantirishni va keyinchalik qo‘shimcha ozuqa kiritilganda ham ko‘krak suti bilan oziqlantirishni davom ettirishni tavsiya etadi. Bu borada oliy toifali bolalar shifokori Umida Yuldashevaga bir necha savollar bilan murojaat qildik:
Bolalarga nima sababdan qo‘shimcha ozuqa-bo‘tqalar berish tavsiya etiladi?
Bolaning sog‘lom bo‘lib rivojlanishi uchun 6 oygacha faqat ona suti bilan emizish tavsiya qilinadi. Ona suti tarkibidagi oqsil, mineral tuzlar, yod, vitamin, makro va mikro elementlar, uglevod kabi moddalar bolaning rivojlanishi uchun yetarli darajada mavjud. Go‘dakga olti oydan boshlab qo‘shimcha ovqatlar beriladi. Buning asosiy sababi ona suti endi kichkintoyni kerakli miqdorda quvvat va ozuqaviy moddalar bilan ta’minlay olmaydi. Uning tarkibidagi nafaqat mikroelementlar, shuningdek vitaminlar va boshqa moddalar o‘sib borayotgan bola organizmi ehtiyojini qondira olmaydi. Ayniqsa, chaqaloq vujudining rux va temir moddasiga bo‘lgan ehtiyojlarini endi ona suti to‘ldira olmaydi.
Bolada chaynash ko‘nikmasi (chaynash bolalarni tish chiqishiga tayyorlaydi) va shuningdek me’da-ichak tizimi harakatini rivojlantiradi.
Bolaga qo‘shimcha ovqat zarurligini qanday bilish mumkin?
Har bir chaqaloq o‘ziga xos (individual) ravishda rivojlanib boradi. Kichkintoyga qo‘shimcha ovqat zarurligini bolalar shifokori go‘dak rivojlanishining quyidagi belgilariga qarab aniqlashi mumkin:
Mittivoy kattalarning ko‘magi bilan o‘tiradi va boshini dadil tuta boshlaydi, uning vazni tug‘ilganidan ikki barobar ortadi. Bola 8-10 marta emganidan yoki aralashma ichganidan so‘ng ham och qoladi.
Bolaga qo‘shimcha ravishda meva va sabzavotlardan tayyorlangan bo‘tqa (pyure) berib ko‘ring. Agar pyure go‘dakning og‘zidan butunlay qaytib chiqsa hali bolaga qo‘shimcha ovqat berishga erta hisoblanadi. Agar bola tilini chiqarmasdan pyureni yutsa, demak uning taomnomasiga qo‘shimcha ozuqa kiritish mumkin.
Bolaga bo‘tqa tavsiya qilindi deylik, uni qaysi mahsulotdan boshlagan ma’qul?
Qo‘shimcha ozuqani vitamin va minerallar bilan boyitilgan qutisida bir boshoqli don surati solingan glyutensiz bo‘tqadan boshlansa maqsadga muvofiq. Odatda biz guruchli bo‘tqalarni tavsiya qilamiz. Guruchli bo‘tqa bolani organizmi o‘rganishi va qayt qilmasligi, ich ketishi kabi salbiy holatlar bo‘lmasligi uchun yengil hazm bo‘luvchi bo‘tqa turiga kiradi. Keyinchalik esa glyutenli (bug‘doyli yoki javdarli) bo‘tqalar tavsiya etiladi.
Glyutenli va glyutensiz bo‘tqalar qaysi jihatlari bilan foydali?
Glyuten – bu ba’zi bolalar uchun hazm qilish qiyin bo‘lgan o‘simliklarga mansub oqsil. Masalan:
Guruch – organizm rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi,tez hazm bo‘ladigan glyutensiz uglevodlar, kaliy, V guruhidagi vitaminlar va aminokislotalar manbai hisoblanadi.
Grechka – glyutensiz yorma tarkibida ko‘p uglevodlar, o‘simlik oqsillari,klechatka, V1, V2, V6, RR vitaminlari, minerallar mavjud.
Bug‘doy – organizmni quvvat bilan ta’minlaydi va A, V,S,D, Ye vitaminlari hamda, to‘yinmagan yog‘ kislotalari uning himoya kuchini mustahkamlaydi.
Javdar – aminokislotalar, mineral tuzlar, V,Ye,RR guruhi vitaminlari, temir, mikro va makroelementlar, klechatka kabi ko‘plab foydali moddalarga ega.
So‘nggi paytlarda bo‘tqalar reklamasida “VL bifidobakteriyalarga ega” degan so‘zlarga ko‘zimiz tushadi. VL bifidobakteriyalar o‘zi nima? Uning bola rivojlanishida qanday ahamiyati bor?
Biz bilamizki, katta odam va go‘dak ichagida milliardlab turli bakteriyalar yashaydi. Ular hazm qilish jarayonida qatnashadi. Organizmni taom yoki tashqi muhit orqali kiradigan zararli bakteriyalardan saqlaydi. Ichakdagi tirik bakteriyalar bola immunitetini rivojlantiradi va faollashtiradi. Kichkintoy uchun asosiy foydali bakteriyalar bifido– va laktobakteriyalar hisoblanadi. Bu bakteriyalarni bola ona suti orqali oladi. Ko‘krak sutini go‘dak emmagan taqdirda ularni probiotikli bolalar aralashmasi orqali olishi kerak. Qo‘shimcha ozuqalar kiritilish payti kelganda bola har kuni oddiy emas, balki, bifidobakteriyalar bilan boyitilgan bo‘tqa iste’mol qilishi haqida onalar qayg‘urishlari kerak. Bu esa bolaning ichaklarida sog‘lom mikroflora va mustahkam immun tizimi rivojlanishiga yordam beradi.
Qanday turdagi bo‘tqalar bolalarga tavsiya etiladi?
Bola tug‘ilganidan 6 oygacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida “NAN”, “Malyutka”, “Bebizan” kabi aralashmalar eng ko‘p tavsiya qilinadigan va ichish uchun mo‘ljallangan aralashmalar qatoriga kiradi. 6 oydan keyin esa “Nestle”, “Mali’sh” kabi bo‘tqalar va meva– sabzavot sharbatlari beriladi. 7-8 oylikdan keyin qatiq, tuxum mahsulotlari berish maqsadga muvofiq. Sababi ona suti bilan oziqlanmagan bolada kalsiy moddasi yetarli darajada bo‘lmaydi. Bo‘tqalar esa doim berilmaydi. Ular qo‘shimcha ovqat turiga kirganligi bois kuniga 2-3 marta beriladi.
Xurshida HUSENOVA
suhbatlashdi