Qoraqalpog‘istonliklar BIRINCHI
Nukus shahrida 14-15 yoshli o‘smirlar va qizlar o‘rtasida sportning qo‘l to‘pi bo‘yicha O‘zbekiston birinchiligi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari hamkorligida tashkil etilgan musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan uch yuzga yaqin sportchi g‘oliblik uchun o‘zaro bellashdi.
– Bahslar to‘rt kun davom etdi, – deydi musobaqa bosh hakami Ismoil Matxoliqov. – Qizg‘in kechgan bellashuvlar 2015 yilda Xorazm viloyatida o‘tkaziladigan “Umid nihollari” sport musobaqalari oldidan o‘ziga xos tayyorgarlik vazifasini o‘tadi.
Keskin kurashlarga boy bo‘lgan musobaqa yakunida o‘g‘il bolalar o‘rtasida qoraqalpog‘istonlik gandbolchilar birinchi o‘rinni, jizzaxliklar ikkinchi va xorazmlik sportchilar uchinchi o‘rinni egalladi.
Qizlar o‘rtasida g‘oliblik Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Sirdaryo viloyati hamda Toshkent shahri yosh sportchilari qo‘lga kiritdi.
A.ORTIQBOYEV,
O‘zA muxbiri