TAN – QO‘RFON, DARD – MEHMON, AGARDA…

Suhbatdoshimiz Toshkent shahar 5-sonli yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasining 1-bo‘limida faoliyat olib boruvchi oliy toifali shifokor Ma’rifat Abdiyeva. U 22 yildan buyon tibbiyot sohasida xizmat qiladi.

Ma’rifat Shorahmetovna, sizning oilangiz yurtimizdagi ko‘plab tibbiyotchi oilalarning biri ekan. Turmush o‘rtog‘ingiz Sherzod Abdiyev-jarroh, to‘ng‘ich qizingiz Shahnoza ham shifokor, Mehrioy va Shuhrat ismli farzandlaringiz ham shu sohani tanlab, talabalikning uzun, mashaqatli yo‘llari oldida turishgan ekan.

Inson asta-sekin o‘zi xizmat qilayotgan va yashayotgan muhitning bir qismiga aylana boradi. Shu ma’noda siz ham oilangiz bilan birga tibbiyot yangiliklaridan kuch olasiz. Prezidentimiz hammamizning oldimizga qo‘ygan: “Kim edigu, kim bo‘ldik?” degan savolini siz ham xayoldan o‘tkazasiz, shunday emasmi?

– Albatta, mening shifokorlik faoliyatim asosan istiqlol yillariga to‘g‘ri keladi. Hamma sohada bo‘lgani kabi tibbiyotdagi ijobiy o‘zgarishlar bizning ko‘z o‘ngimizda ro‘y berdi. Talabaligimizda ham amaliyot o‘tagani shifoxonalarga borardik.

Mustaqillik yillarida juda katta quvonch va mamnuniyat bilan ayta oladigan o‘zgarish bu – bemorlarni davolash imkoniyatining kengayganidir. Men o‘zi hozirgi Toshkent tibbiyot pediatriya institutining yuqori kurslarida o‘qib yurganimdayoq, shu yo‘nalish, ya’ni yuqumli kasalliklar yo‘nalishini tanlaganman. Chunki bu toifaga kiruvchi kasalliklar, ya’ni o‘tkir me’da-ichak kasalliklari yoki gepatit(sariq kasalligi) bo‘ladimi hamma kasalliklarning belgilari, davosi aniq. Agar shifokor bemor bilan birgalashib kurashsa, albatta, shifo topadi.

Istiqlol yillarida bu ishonchimizga zamonaviy tashxislash jihozlari va muolaja usullari qo‘shildi. Biz o‘zimizni yana ham ishonchli, xastalik qarshisida kuchli his eta boshladik. Har holda bugun taniqli shifokor Salima Valiyeva rahbarligida izchil faoliyat olib borayotgan shifoxonamiz mutaxassis-shifokorlari to‘rt faslda ehtiyotsizlik, ekologik omillar va boshqa turli sabablar bilan yuzaga chiquvchi xastaliklarga qarshi kurashda chekinmayapti.

Hozir meva va sabzavotlar g‘arq pishib, saraton issig‘i ham avjlangan payt. Asosan bu davrda qanday kasalliklar kuzatiladi? Xastalik belgilari qanday namoyon bo‘ladi?

– Aytganimizday, bahor, yoz oylarida ko‘proq o‘tkir me’da-ichak kasalliklari, bahor, kuzda esa ko‘proq gepatit (sariq) kasalligi bilan kurashishga to‘g‘ri keladi. Qaynatilmagan suv ichganda, meva-sabzavotlarni yuvmay yoki chala yuvib iste’mol qilgan holatda, eski ovqatlar, achigan tvorog, kefir, tuxum, go‘sht, qatiqlar tanovul qilinganda o‘tkir me’da-ichak kasalliklari yuzaga keladi. Hatto, yeyishga yaroqsiz turli oziq-ovqat mahsulotlari ham organizmning zaharlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Yana o‘qing:  Diqqat, ko‘rik-tanlov: “Yilning eng yaxshi kitobi”

Bemorning avval ko‘ngli ayniydi, keyin qusa boshlaydi. Tana harorati ko‘tariladi, o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilinmasa, xasta kishining ichi ketadi, tana suvsizlanadi.

Demak, kasallik tez rivojlanadi. Shifokorlar yetib kelgunicha uy sharoitida bemorga qanday yordam ko‘rsatsa bo‘ladi?

– Oz-ozdan qaynatilib, sovutilgan suv ichirish mumkin yoki gazlanmagan mineral suvdan ham ichsa bo‘ladi. Eng yaxshisi, kasallikning birinchi belgilari boshlanishi bilan zudlikda mutaxassis-shifokorlarga murojaat qilish kerak. Ba’zilar: “o‘tib ketadi”, deb o‘z bilganicha davolashga kirishadilar. Natijada bemorning tanasii ancha suvsizlanib qolgach, shifokorga yuzlanadilar. Keyin muolaja muddati bir muncha cho‘ziladi, bemor qiynalishi mumkin…

Ma’rifat Shorahmetovna, har qanday xastalikni davolashdan ko‘ra oldini olgan maqul deyishadi…

– Ovqatlanishga inson hayotining asosiy qismi deb qaralishi kerak. E’tibor berasizmi, ba’zi xalqlar hayotini kinolarda ko‘rsangiz, xar bir taom paytiga bayramga tayyorgarlik ko‘rgandek hozirlik ko‘rishadi. Bizning ham ovqatlanish madaniyatimiz ming-ming yillik tarixga ega. Yeguliklarni oz-ozdan, toza yuvib, pokiza pishirib yeyish, aralash-quralash, pala-partish ovqatlanishdan tiyilish o‘tkir me’da-ichak tizimi kasalliklaridan asraydi. Ayniqsa, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish, qo‘llarni, og‘iz bo‘shlig‘ini toza asrash ham kasal bo‘lmaslik, yuqumli xastalikni yuqtirmaslik uchun vosita bo‘la oladi. Bemor o‘tkir me’da-ichak kasalligi bilan og‘rib, tuzalgandan so‘ng o‘n kungacha, albatta, parhezga amal qilishi lozim. Qovurilgan va yog‘li taomlardan saqlangani maqsadga muvofiq. Sut ichish, tvorog, pishloq yeyishni ham tavsiya qilmagan bo‘lardim. Suvda yoki bug‘da pishgan taomlarni ham tanovul qilib tursa, organizmga og‘ir yuk bo‘lib tushmaydi.

Hojatxonalarni toza tutish, qo‘llarni kir sovun bilan yuvish ham yuqumli kasalliklar tarqalmasligiga kafolatdir.

Oilada oila hayoti bilan yashashni yoqtiradigan, turmush o‘rtog‘idan ham: – Ish tashvishlarini uyning ostonasidan narida qoldiring, – deya o‘tinadigan bu shifokor ayol kitob o‘qish, chiroyli musiqalar tinglashdan zavq olar ekan.

– Tana-qo‘rg‘on, dard-mehmonning ketishiga ishonish kerak… Ha deb xastalik haqida o‘ylamaslik, undan cho‘chimaslik kerak. Hayotsevar, qalbi ezguliklarga to‘la insonlardan xastaliklar uzoqlashadi, – deydi Ma’rifat Abdiyeva.

Qutlibeka Rahimboyevasuhbatlashdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: