FAVVORALAR farovonlik timsoli
Inson tabiatning bir bo‘lagi deb bejiz aytishmagan. Turmush tashvishlaridan horigan paytingiz dashtu adirda, lolazorlar bag‘rida yoki biror-bir sharqiroq soy yonida dam olsangiz, ufqqa termulib xayol sursangiz barcha tashvishlarni bir zum bo‘lsa-da unutib, qalbingiz orom oladi. Toshdan-toshga urilib oqayotgan suv ohangiga quloq solsangiz, mayin navo sasidan zavqlanasiz. Tinchlik, osudalik zamonida yashayotganingizga shukronalar aytasiz!
Hayotimiz manbai bo‘lgan suvga bejiz to‘xtalmadik. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, so‘nggi yillarda yurtimizning deyarli barcha hududlarida bir-biridan mo‘jizakor favvoralar barpo etilmoqda. Bu favvoralar tinchligimiz, suvdek tiniq hayotimiz ramzidir. Poytaxtimizning yuragi hisoblangan Mustaqillik maydonida ana shunday “o‘ynoqi” cuvlar kuy hamrohligida raqsga tushayotganining guvohi bo‘lasiz. Ayniqsa, kechki sayr paytida favvora atrofi gavjum bo‘ladi. Yetti yoshdan yetmish yoshgacha barcha suv sehridan bahra oladi.
Mamlakatimizda bunyodkorlik, ko‘cha va guzarlarni milliy andozalar asosida obod qilish yaxshi an’anaga aylandi. Istiqlolning ilk kunlaridan boshlangan bu ishlar bugungi kunda yangi sifat darajasiga ko‘tarildi. Xiyobonlar manzarali daraxt va gullarga burkandi. Ayniqsa, favvoralar shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda. Joriy yilda Toshkentdagi Xadra maydonidan joy olgan 12 metrli ranglarga hamohang harakatlanuvchi favvora poytaxt aholisi uchun ajoyib sovg‘a bo‘ldi.
Shuningdek, yoz fasli kirib kelishi arafasida tantanali “Favvoralar sayli” bayram tarzda o‘tkazildi. Poytaxtimizning Ma’rifat markazi va Simpoziumlar saroyining kirish joyida, Sayilgoh maydonida, “International Tashkent” mehmonxonasining kirish qismida, Xadra maydonida yangi qurilgan hamda Sirk binosining old maydonida, Mirzo Ulug‘bek nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ining kirish qismida, Bobur ko‘chasi, Yengil sanoat uyushmasi old kirish qismida, “Istiqlol” san’at saroyi orqa maydonida, “Lokomotiv” madaniyat va istirohat bog‘ida, Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti hududida, Toshkent Irrigatsiya va melioratsiya instituti hududida, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hududida bir-biridan mo‘jizakor favvoralar barpo etilgan. Bunday go‘zal manzaralarni birgina poytaxt hududida emas, balki viloyat va tuman markazlarida, amfiteatrlarda ham ko‘rish mumkin.
Ayni paytda poytaxtimizda oltmishdan ortiq favvoralar mavjud, albatta ularning salmoqli qismi mustaqillik yillarida qurildi. Bu borada “Toshkent favvorasi” davlat unitar korxonasi texnik xizmat bo‘limi boshlig‘i Nikolay Shpulin biz bilan suhbatda shunday deydi:
– Toshkent favvoralari poytaxtning diqqatga sazovor joylaridan biriga aylanib ulgurgan. Yozning issiq kunlarida bu yerlar shahar aholisi va mehmonlar bilan gavjum bo‘ladi. Bizning korxona shahar favvoralarining texnik xizmati va ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanadi. Mustaqillik maydonida joylashgan eng katta favvora bir necha yillardan buyon yurtdoshlarimizning qalbiga xushnudlik bag‘ishlab kelmoqda. Aynan o‘sha favvora sig‘imi 10 ming kub metrni, uzunligi esa 120 metrni tashkil etadi.
Ha, ayni paytda favvoralar atrofi poytaxt aholisi va mehmonlar bilan gavjum. Darvoqe, bugungi kunda an’anaviy turg‘un favvoralar o‘rnini yuqori texnologiyalar yordamida ranglarga va musiqaga hamohang harakatlanuvchi favvoralar egallamoqda. Suv oqimi va musiqa jo‘rligida ajib raqs dasturlashtiriladi. Har bir musiqa parchasiga o‘ziga xos dastur yoziladi. Bularning barchasi kompyuterda boshqariladi.
2009 yildan poytaxtimizda yangi favvoralar qurila boshlandi. Zamonaviy andozalar asosida yangi ta’mirlangan “Sayohat” mehmonxonasi oldida ilk bor ana shunday “musiqali” favvora qad rostladi. Mumtoz ohanglar orqali boshqarilayotgan ushbu favvora qalbingizga o‘zgacha shukuh olib kiradi. Ikkinchi “musiqali” favvora Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri atrofidagi favvora bo‘lib, uning markaziy qismiga o‘zgartirish kiritilmagan. Faqat atrofiga kichik-kichik “raqsga tushayotgan” favvorachalar guruhi o‘rnatilgan.
Muxtasar aytganda, borlig‘imizni o‘rab turgan olamning o‘zi mo‘jizadir. Inson tafakkuri bilan yaratilayotgan favvoralar esa o‘sha borliqning bir zarrasi. Qaysi elda cheksiz o‘zgarishlar ro‘y berayotgan bo‘lsa, demak, shu xalqning turmushi farovon, kelajagi porloq bo‘ladi. Ta’kidlash joizki, yurtimizga ko‘rk bag‘ishlab turgan rangin favvoralar ham xalqimiz farovonligi timsolidir.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA