Yurt farzandlari yana g‘alaba qozondi
O‘tgan haftada bir guruh O‘zbekiston yoshlari xalqaro maydonda yana bir bor o‘z salohiyatini namoyish etdi. Bu, albatta, istiqlol yillarida yurtimizda ta’lim tizimini takomillashtirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganining yorqin dalilidir.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Bilimlar bellashuvi” tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etgan o‘quvchilardan bir guruhi Koreya Respublikasining Tedjon shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasida xalqaro matematika musobaqasida ilk bor qatnashib, jamoaviy hamda yakka tartibdagi bahslarda ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Ushbu nufuzli xalqaro musobaqada dunyoning 31 davlatidan 600 ga yaqin iqtidorli o‘quvchi qatnashdi. Jamoalar o‘rtasida o‘tkazilgan bilimlar bahsida Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidagi 15-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Sardor Saidqulov, Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi 2-ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 7-sinf o‘quvchisi Jasurbek Imomov, Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 8-sinf o‘quvchisi Yulduz Ne’matova, Buxoro viloyati Olot tumanidagi 31-ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 8-sinf o‘quvchisi Davrbek Oltiboyevdan tarkib topgan jamoamiz ikkinchi o‘rinni egalladi.
Yakka tartibdagi musobaqada esa Jasurbek Imomov ikkinchi o‘ringa loyiq topilib, kumush medal bilan taqdirlandi. Yulduz Ne’matova hamda Davrbek Oltiboyev maxsus sertifikatni qo‘lga kiritdi. Shu tariqa intellektual musobaqada ilk bor qatnashgan yoshlarimiz umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.
Ta’kidlash joiz terma jamoa a’zolariga matematik olimlar ishtirokida maxsus mashg‘ulotlar tashkil etilgani, o‘quvchilarga murakkabligi yuqori bo‘lgan algebra, geometriya, matematik mantiq, kombinatorika va to‘plamlar nazariyasiga oid masalalarni yakka tartibda va jamoa bo‘lib yechishning eng ilg‘or usullari o‘rgatilgani o‘z samarasini berdi.
Bu muvaffaqiyat eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – Vatanimiz istiqlolining 23 yilligiga yosh matematiklarimizning o‘ziga xos sovg‘asi bo‘ldi.