Hayrat daqiqalarining haqiqatlari

Mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq Yurtboshimiz teatr san’atiga alohida etibor qaratib, mamlakatimizda mavjud teatrlarni qayta ta’mirlash, zamonaviy jihozlar o‘rnatish, iqtidorli yoshlar uchun studiyalar tashkil etishni yo‘lga qo‘ydi. Bugunga kelib, teatrdan tomoshabin arimaydi. Bu, o‘z navbatida, xalqning ma’rifati, madaniyati tobora yuksalib borayotganidan dalolat beradi. O‘zining halol mehnati tufayli el e’zoziga sazovor bo‘layotgan aktyorlar ma’naviyat targ‘ibotchisi sifatida el orasida qadr topmoqda. Ana shunday o‘z kasbining fidoyilaridan biri O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov bilan kechagi kun xotiralari va bugunning istiqbolli onlari haqida suhbatlashdik.

“Prezidentimizning “O‘zbek Milliy akademik drama teatrining yuz yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi”. Birgina shu so‘z zamirida xalqimizning boy madaniy merosi va an’analarini asrab-avaylash, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlodimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida kamol toptirishdek ezgu maqsad mujassam. Zero, teatr kishilar ma’naviy olamini shakllantiradigan qudratli kuchga ega. Shu bois ham u ibratxona deya e’zozlanadi.

Istiqlolning qariyb yigirma uch yillik davri mobaynida yurtimizda barcha sohada ulkan o‘zgarishlar, rivojlanish pallasi bo‘ldi va davom etyapti. Xususan, san’at sohasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Tajribali ustoz sifatida, kichkintoylar uchun mo‘ljallangan spektakllar haqida qanday fikrdasiz?

– Yosh avlod bizning bugunimiz, ertamiz davomchilaridir. Ularning har tomonlama yetuk inson bo‘lib ulg‘ayishlari uchun teatr ijodkorlari ham o‘z hissasini qo‘shyapti. Mana, Sog‘lom bola yili munosabati bilan Respublika yosh tomoshabinlar teatri qayta ta’mirlandi, ketma-ket yangi spektakllar namoyish etilyapti. Ertak qahramonlarining turli-tuman sarguzashtlari kichkintoylarga olam-olam quvonch ulashmoqda. Qolaversa, O‘zbek Milliy akademik drama teatrida ham bayram kunlari bolajonlar uchun tomoshalar tashkil etiladi. Kattalar bolasini televizor qarshisiga “mixlamasdan” teatrlarga olib borsa, ularning ma’naviy olami yanada boyiydi, ma’rifatli, teran fikrli bo‘lib voyaga yetadi.

Erkin aka, yoshligingizda bolalar teatri bo‘lganmi? Umuman, sizning bolaligingiz qanday o‘tgan-u, nabiralaringiz qanday ulg‘aymoqda?

Ochig‘i, men kutgan savol bo‘ldi. Men Andijon viloyati Ko‘rpa qishlog‘ida tug‘ilganman. Uyimizda bitta siyohdon va bitta ruchka bor edi. Ertalab Faridaxon singlim ruchka va siyohdonni olib maktabga ketardi. U qaytgach, ruchka bilan siyohdonni ko‘tarib men maktabga borardim. Biz oilada yigirma ikki nafar farzandmiz. Aka-ukalar bir-birimizning kiyimimizni kiyib, kurash tushib, topganimizni o‘rtada taqsimlab, och qolgan paytlarimiz bir-birimizga suyanib katta bo‘lganmiz. Bolalar teatri yo‘q edi. Yoshlarning beli mehnatdan dol bo‘lardi. Og‘a-inilar, singillarim bilan dalada mehnat qilganmiz, maktabdan qolib, paxta terganmiz. Bayramlarimiz ta’qiqlanib, sumalaklar, halimlar ariqqa oqizilganini ko‘rganmiz. Zahmatli kunlar ertak misoli xotiramda qoldi. Tinchlik sharofati bilan barcha qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz qayta tiklandi. Qarang, har kunimiz bayramday o‘tadi-ya! Yoshlarning salohiyatini aytmaysizmi?! Yurtimizning istagan joyiga borsangiz kollejlar, litseylar barpo etilgan. Yoshlarning o‘qib-izlanishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Farzandlarini sevuvchi shunday yurt yana qayerda bor?! Hozir dorilamon zamonda yashayapmiz. 21 nafar nabiram, bittagina evaram farovon zamonda, tinchlik-xotirjamlikda ulg‘aymoqda. Nabiralarimdan biri Amerikada o‘qiydi, yana biri Yaponiyada. Qolganlari ham oliy o‘quv yurtlarida tahsil olyapti.

Yana o‘qing:  OLIY MAQSAD – tinch va obod turmush

Hayotni bejiz oqar suvga mengzashmaydi. Odamlar umri davomida o‘zlari uchun yangiliklarni kashf qilishga intiladi. Ammo har kim ham yashashning asl saodatini anglab yetmaydiganday. Davrlar silsilasini ko‘rgan inson sifatida umr mazmuni nimada deb bilasiz?

– Atoqli shoir Muhammad Yusuf yozganidek: “Odam bo‘lib keldik, odam bo‘laylik. El, yurt dardiga malham bo‘laylik”. Bola-chaqam, turmushim, ishim, deb umrimiz o‘tayotganini bilmay qolamiz. Ammo insonning maqsadi faqat pul topishdan iborat emas-ku, to‘g‘rimi?! Kishi faqat o‘z manfaatini ko‘zlab emas, atrofdagilarga ham ezgulik ulashib yashasa, hayoti farahbaxsh, umri mazmunli o‘tadi. O‘zgalar dardi bilan yashash haqiqiy insoniylik belgisidir.

Birgina misol, ilgari odamlar “qo‘shni haqqi” degan gapga qattiq rioya etishgan. Qozondagi ovqatidan bir kosa, yarim kosa qo‘shnisiga chiqargan. Onam rahmatli, tandirda issiq non yopsa, bittasini sochiqqa o‘rab, “Erkinboy bolam, mana bu nonni Rahima xolangga olib chiqib ber”, deb qo‘limga tutqazardi.

Mahallada kimningdir uyida hashar bo‘lsa, yetti yoshdan yetmish yoshgacha hammamiz birdek mehnat qilardik. Doshqozonlarda osh pishirib, dasturxon atrofida jam bo‘lardik. Kimningdir boshiga tashvish tushsa, xonadonida notinchlik bo‘lsa, mushkulotda qolib zoriqsa, jimgina qarab o‘tirmasdan ularga yordam berish zarur. Yashashdan asl maqsad ham shudir. Axir, inson bilan tirikdir inson, deyishadiku!

Insonlar orasidagi mehr-oqibat yo‘qolyapti, demoqchimisiz?

– Yo‘q, unday demoqchi emasman. Xalqimiz azaldan bag‘ri keng, saxovatpesha. Ularning boshidan suv o‘girib ichsa arziydi. Halol, vijdonli, birovning ko‘nglini qoldirmaydigan, boshqalarning rizqiga xiyonat qilmaydigan, mehr-muruvvatli. Lekin muhit o‘zgarmoqda. Dunyoning turli hududlarida siyosiy bo‘hronlar avj olib, kishilar orasida vahima, xavotir kuchayib bormoqda. Bunday tahlikali paytda yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikni qadriga yetish, ko‘z qorachig‘idek asrash zarur. Buning uchun esa bola tarbiyasiga yanada jiddiyroq qarash kerak bo‘ladi. Otaning dardi pul topish, onaning ishi serial ko‘rish bilan cheklansa, nazoratsiz qolgan farzand turli oqim yoki muhit ta’siriga tushib qoladi.

“Temur tig‘i yetmagan joyni, qalam bilan oldi Alisher”, – deydi Abdulla Oripov. Mana, biz kimlarning vorislarimiz. Ularga munosib ish ko‘rishimiz, sharafli yo‘lini davom ettirishimiz ham farz, ham qarzdir. Istiqlol bergan imkoniyatdan unumli foydalanishni, shijoatini xayrli ishlarga yo‘naltirishni har bir bola ongiga singdirish kerak. Bugun yoshlarga berilayotgan imtiyozlar bir paytlar biz uchun orzu edi. Biror sohani tanlashga, bir og‘iz gapirishga hadiksirardik. Qani, endi men ham hozir navqiron davrimga qaytsam-u, ozod yurtimda miriqib o‘qisam, mehnat qilsam, bir qancha sohaning mutaxassisi bo‘lsam!

Yana o‘qing:  MEHRDAN BUNYOD MASKAN

Farzand tarbiyasi haqida gap borar ekan, siz ijodkorsiz, doimo izlanishda bo‘lasiz. Bolalar tarbiyasiga qachon vaqt ajratasiz?

– O‘zbek ayoli o‘zining jasurligi, fidoyiligi bilan dunyoni lol qoldirgan. Farzand tarbiyasida oqila umr yo‘ldoshim yordam beradi. Har qanday vaziyatda menga suyanch, oilamizga tayanch bo‘ladi. Ishdan qaytganimda rafiqam bolalarga “Dadangiz keldi, tez kutib olinglar, qani”, deydi. Biri sumkamni olgan, biri kiyimlarimni tayyorlagan, biri xontaxta atrofiga ko‘rpacha solgan, biri oshxonada onasiga yordam beradi. Bu oilada otaga bo‘lgan hurmat belgisi. To‘g‘ri, men ijodiy safarlarda ko‘p bo‘laman, lekin oilamni nazoratsiz qoldirmayman. O‘g‘illarim, qizlarim ortidan biror marta noma’qul gap eshitmaganman. Hammasi tarbiyali, o‘qimishli, oilali. Ular bilan faxrlanaman. Er-xotin bu kunlarga yetguncha yetti nafar bolani katta mashaqqat, sabr bilan voyaga yetkazdik. Hamfikrlik, mehr-muhabbat, sadoqat oilaning mustahkam zanjiridir. Bolalarim – davlatim, san’atim – rohatim, farog‘atimdir.

Siz dunyo kezgan, yurt, millat ko‘rgan insonsiz. Vatan mehri, qadrdonlar diydoridan azizroq narsa yo‘q, shunday emasmi?

– Yaqinda Istambulda yangi “Gumrohlar” nomli filmni suratga olish uchun bordik. Muhammadjon ismli bir tadbirkorning villasida yashadik. Men ho‘l mevalarni yaxshi ko‘raman. Toshkentdan safar xaltamga olma, tut, yana bir ikki xil mevalardan solib olgandim. Muhammadjon do‘stimiz, tutdan bir-ikkitasini yedida, o‘ylanib qoldi. Birozdan keyin ko‘zlarida yosh aylandi. Tinchlikmi birodar, dedim. “Erkin aka, men o‘zbekman. Bir paytlar otamni nohaq ayblab, quloq qilishgan. O‘shanda yosh edim. Otam bilan otga minib, Afg‘on yurtiga yo‘l olganmiz. Kechki payt bir tut daraxtining yonida to‘xtab, xurjundan non olib, ariqdagi suvga botirib yeganmiz. Otam tut terib bergan. Shu bilan qorin to‘ydirib, Vatanimizdan yig‘lab-yig‘lab uzoqlashgandik. Men hali-hanuz ariqdagi suvni, tutni, qishlog‘imni sog‘inaman!”

Uning gaplarini tinglab, yuragim uvushdi. Har kimning o‘z Vatani, tuprog‘idan ayirmasin. Bobur Mirzo o‘zga yurtlarda yashaganda dard to‘la misralar bitgan. Yerga ko‘milgan boyliklar uchun emas, Vataniga bo‘lgan sog‘inchi o‘rtagani uchun Andijon yo‘llariga ko‘z tikib o‘tgan. Yurtimizga ko‘z tegmasin, Olloh nazari tushgan diyor. Istiqlol sharofati bilan barchaning xonadoni tinch, rizqimiz butun, hamma o‘z mahallasi, qishlog‘ida shodu-xurram yashayapti.

Yana o‘qing:  Salohiyati yuksak, tolei porloq

Vatanimiz kun sayin chiroy ochmoqda. Erta tongdan ko‘chalarga suv sepilgan, atrof turfa xil anvoyi gullarga burkangan, baland inshootlar qad rostlagan, zamon andozasiga mos uylar qurilyapti. Rangin favvoralar, istirohat bog‘lari, xullas, bu mo‘jizalarning ketma-ketligini sanab adog‘iga yetolmaysiz. San’at va madaniyat, savdo-sanoat, turizm, texnika, mexanika, armiya, ilm-fan, barcha-barcha sohada jahonning yetakchi mamlakatlari bilan bo‘ylashyapmiz. Yer osti va yer usti boyliklarimiz o‘zimizniki, qo‘shni yurtlar bilan ahil-inoqmiz. Eng muhimi, musaffo osmonimizda quyosh nur sochib turibdi. Bolalarimiz ko‘zida quvonch, keksalarimiz tilida shukronalik, xonadonlarimiz fayzli, dasturxonlarimiz to‘kin. Bunday davr hali kelgan emas. Qushlar erkin parvoz qilayotgan yurtimiz mustaqilligi barqaror bo‘lsin!

Dildora QARSHIBOYEVA

suhbatlashdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: