SOKIN HAYOT ZAVQI

yoxud shovqindan saqlaning!

Inson ko‘plab kasallik keltirib chiqaruvchi omillardan ongli ravishda himoyalana oladi. Aytaylik, yomon suvni yoki oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilmasligi, chang, toza bo‘lmagan havodan nafas olmasligi, o‘zi yoqtirmagan kishi bilan muomalada bo‘lmasligi, shuningdek, mehnat qilish, dam olish kabi faoliyatlarida ham uning zararli tomonlaridan saqlanishi mumkin. Salbiy omillar ichida shundayi borki, uni ko‘z bilan ko‘rib, qo‘l bilan tutib bo‘lmaydi va baxtga qarshi hamisha ham undan to‘laqonli saqlanish qiyin. Bu – shovqin.

U me’yordan oshganda odam organizmiga salbiy ta’sir qiladi. Odatda biz har qanday turdagi mehnatdan charchaganimizda sokinlikni va jimlikni xohlaymiz. Bir yilda ishdan ta’tilga chiqqanda ham tinch joylarda dam olishga harakat qilamiz. Tabiatda va jamiyatda zararli shovqinlar bilan bir qatorda foydali tovushlar ham bor. Tongda bulbulning nolasi, mayin chalinayotgan musiqa yoki klassik ko‘shiqlar og‘ushida, shamolda yaproqlarning shitirlashlari, daryo va dengizlarning to‘lqin tovushlari insonlar asab tizimini tinchlantiradi va hatto undan davo sifatida ham foydalanish mumkin. Ayniqsa, o‘zimiz yoqtirgan musiqa tovushi jonga rohat bag‘ishlaydi, dilimizni ravshanlashtiradi, kayfiyatni ko‘taradi, ishchanlikni oshiradi. Ma’lumotlarga ko‘ra ko‘pgina kasalliklarni ham mayin musiqa sadolari yordamida davolash mumkin ekan. Shu boisdan “G‘amgin bo‘lsang, daryoga bor”, deyishadi. Daryoning oqishi, uning to‘lqinlaridan paydo bo‘layotgan sokin tovushlar inson ruhiyatini tinchlantiradi va sog‘lig‘iga ijobiy ta’sir qiladi.

Tovush aslida mahsulot, xuddi elektr tokiga o‘xshagan, ishlab chiqarilgan vaqtning o‘zida undan foydalaniladi. Ammo, me’yoridan oshib ketsa, u ham zararli chiqindiga o‘xshab qoladi. Qattiq “taqillab” yoki “g‘iyqillab” ochilgan eshik ham odamning asabini buzadi. Tinchgina uyda o‘tirganingizda birdaniga eshik qattiq “taqillasa” tasodifiy xavotirga tushasiz. Odamlar bir-birlari bilan sekin, past va mayin ovozda gaplashsalar ular tez bir-birlarini tushunadilar. Ammo, suhbatdoshlardan biri ovozini ko‘tarsa, ikkinchi suhbatdoshning ensasi qotib, “Nimaga ovozingni ko‘tarasan”, deb norozilik bildiradi va asabbuzarlikka olib keladi.

Bugun shahar ko‘chalarida shovqinning darajasi ayrim ma’lumotlarga qaraganda 80 DB (detsibell)dan 100 DB ga yetgan va yiliga 1 DB dan o‘sib borishi qayd etiladi. Shovqin organizmga zararli ta’sir etadi, dam olishga va ishlashga xalaqit qiladi.

Yana o‘qing:  Zarrasi zurriyodga zarba

Ko‘p qavatli uylarda, ko‘chalarda, yengil mashinalarda, jamoat transportlarida haddan tashqari musiqani baland qo‘yish ham odamlarning asabiga salbiy ta’sir qiladi va sog‘lig‘ini izdan chiqarishi mumkin. Oldinlari shovqinning faqat eshitish a’zolariga salbiy ta’siri o‘rganilgan bo‘lsa, bugun uning sezgi a’zolariga, yurak qon-tomir, markaziy asab hamda ovqat hazm qilish tizimlariga, vestibulyar a’zo va harakatlantiruvchi analizatorlarga salbiy ta’sir qilishi qayd etilmoqda.

Ish joylarida shovqin davomli tarzda doimo baland darajada saqlanib tursa, eshitish qobiliyati asta-sekin pasayadi va shovqinni pasaytirish choralari ko‘rilmasa, odamda umuman eshitmay qolish holati yuz berishi mumkin. Odatdagi tovushdan 10 DB ga oshganda, eshitish a’zolarida sezilarli o‘zgarish kuzatilmaydi. 20 DB bo‘lganda uncha katta bo‘lmagan o‘zgarish, ammo 20 DB dan oshganda katta yoshli kishilarga nisbatan uning ta’sir darajasi oshadi. Natijada, odamlarda asosan bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, xotiraning, ish qobiliyatining pasayishi kuzatiladi. Uyqu buzilishi, uyqusizlik, ishtaha pasyishi, yurak sanchishi va boshqa belgilar kuzatilishi mumkin. Ilmiy xulosalarga qaraganda ish joylarida shovqin 10 DB ga oshsa, kasalliklar darajasi 20-30 foizga ortishi qayd etiladi. Gigiyenik meyorlariga qaraganda shovqinning yo‘l qo‘yiladigan eng yuqori darajasi, yuqori takrorlanuvchi shovqinlar uchun 75-80 DB, past takrorlanuvchi shovqinlar uchun 90-100 DB qilib belgilangan.

Angliyada o‘tkazilgan ilmiy tadqiqot natijalariga qaraganda ishlab chiqarish jarayonida shovqin mehnat unumdorligini 40-60 foizga kamaytirgan. To‘qimachilik kambinatida shovqin 10 DB ga kamaytirilganda mehnat unumdorligi 12 foizga oshgan.

Shovqin ovqat hazm qilish tizimiga ham salbiy ta’sir qilib me’dada shira ishlab chiqarishni izdan chiqishi va ko‘p hollarda gastrit kasalligini yuzaga keltirishi mumkin. Shuningdek, shovqin ichki sekretsiya bezlari qalqonsimon beziga, gipofiz va buyrak usti bezlariga yomon ta’sir qilishi mumkin. Avstriyalik olim Grifitning xulosasiga qaraganda katta shaharlarda shovqin inson umrini 8-10 yilga kamaytirishi mumkin ekan.

Ayniqsa, katta shaharlarda avtomashinalardan, tramvay va boshqa transport vositalaridan chiqadigan shovqinni kamaytirish uchun yo‘l yonlarini ko‘kalamzorlashtirish, ayniqsa, to‘g‘ri va baland o‘sadigan daraxtlarni ko‘paytirish hisobiga shovqinni 70 foizgacha kamaytirish imkoni bor.

Yoshlarimizga har xil turdagi quloqchinlar orqali yuqori darajadagi shovqinli musiqalarni tinglashning zarari haqida tushuntirish ishlari olib borish, uning tibbiy nuqtai nazardan mazmun-mohiyatini chuqur tushuntirish lozim bo‘ladi. Doimiy ravishda uzoq muddatga bunday moslamalarda musiqa tinglash ham eshitish qobiliyatini pasaytirishi mumkin.

Yana o‘qing:  Qarindoshga quda bo‘lmang

Hayotingiz davomida tabiatda va insonning aql mahsuli sifatida yaratilgan, huzurlanish va lazzatlanish mumkin bo‘lgan ne’matlar juda ko‘p. Tabiatda yaproqlar tovushidan, bulbulning sayroqi ohanglaridan, tog‘ bag‘ridan oqib tushayotgan buloq suvlarining jimjimador tovushlaridan, hatto ertalab chumchuqlarning chug‘urlashlarini ham eshitib rohatlanamiz. Bu tovushlar bizning va atrofimizdagilar sog‘lig‘iga ijobiy ta’sir qiladi, ruhiyatimizni tinchlantiradi va kayfiyatimizni ko‘taradi. Bugun bizning bu boradagi asosiy vazifamiz farzandlarimizni yuqorida qayd qilingan tabiat va san’at ne’matlaridan bahramand bo‘lishga odatlantirish va o‘z navbatida har xil turdagi baland ovozli shovqinlar odam organizmiga yomon ta’sir qilib, turli xil kasalliklarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lishini tushuntirishdan iborat.

Ibodulla ABDULLAYEV,

tibbiyot fanlari doktori, professor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: