Dov-daraxtlar tabiatning ko‘rkam jamoli

shu bilan birga sog‘lom hayotimizning kafolatidir

Ona tabiat – tiriklik manbai. Borliq – borlig‘im mening, – deya unga qancha e’tibor qaratsak, e’zozlasak shuncha oz. Har kuni mo‘jazgina hovlimizda gurkirab o‘sayotgan bir tup oq o‘rikning sadaf kabi mevalarini yoki keng shoxlari bilan quloch yozib, supa sari soya tashlagan tut daraxtini ko‘rib, ko‘zimiz quvnaydi. Shohsupadagi rayhonlaru jambillarni qo‘yavering, darvoza yonidagi bir juft azim terakning shovullashi dilimizga olam-olam shodlik ulashadi. Bolajon xalqimiz farzand tug‘ilganida unga atab bir juft terak ekadi. Kim bilsin, balki o‘sha teraklar kelajakda uning uchun qurilajak yangi uyning sinchi yoki ustuni bo‘lishini ko‘zlab amalga oshirilgan bunday xayrli ishlarning adog‘i yo‘qdek.

 

Ha, buyuk ne’mat Istiqlol tufayli bo‘layotgan bunyodkorlik ishlarida inson salomatligining asosiy manbai atalmish sof havoni bizga yetkazib berayotgan yashil boyligimiz, rizqu nasiba ulashayotgan ko‘hna zaminimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash borasida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirildi.

Ana shunday keng ko‘lamdagi ezgu ishlar debochasi o‘rmonchilikni rivojlantirish va uning ahamiyati borasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi Iskandar Azizov bilan suhbatlashdik.

Iskandar aka, ayni vaqtda yurtimizda o‘rmonchilik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida to‘xtalib o‘tsangiz.

– Davlatimiz Mustaqilligining qariyb 23 yili mobaynida qay bir sohaga e’tibor bermaylik faqat yuksalishning guvohi bo‘lamiz. Birgina o‘rmonchilik rivojiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, O‘zbekiston yer resurslari to‘g‘risidagi milliy hisobot bo‘yicha 1990 yilda o‘rmonzor va butazorlar maydoni 1 million 410 ming gektarni tashkil etgan bo‘lsa, 2000 yilga kelib qariyib 1 million 512 ming gektarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2014 yilga kelib 3 million 453 ming gektarga yetkazildi. Har yili respublika bo‘yicha 42 ming gektardan ortiq maydonda cho‘llanishga, shamol va suv eroziyasiga qarshi yangi o‘rmonzorlar barpo qilish ishlari olib boriladi. Shuning 80 foizidan ortig‘i Orol bo‘yi hududida bajariladi.

Ayni paytda mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash orqali inson salomatligini saqlash borasida 30 ga yaqin muhim qonunlar qabul qilindi hamda 150 ga yaqin qonun osti me’yoriy hujjatlarida atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan foydalanish me’yorlari belgilab qo‘yilganligi tom ma’noda soha rivojida muhim burilish yasadi.

Endilikda o‘rmon xo‘jaliklari ko‘chatxonalarida o‘rmon va mevali daraxt ko‘chatlarini yetishtirish bilan bir qatorda manzarali daraxt ko‘chatlarini parvarishlash hajmi ham ortib bormoqda. Bu borada hukumatimizning “kashtan va yapon saforasi” daraxti ko‘chatlarini, “Lola daraxti va qrim qarag‘ayi” ko‘chatlarini hamda “Unabi” daraxti ko‘chatlarini yetishtirishni ko‘paytirish to‘g‘risidagi maxsus farmoyishlari qabul qilingan. Mazkur xo‘jaliklar tomonidan nafaqat o‘rmon fondi yerlarida o‘rmonzorlar barpo etish ishlari bajarilmoqda, balki shahar va tumanlar markazlari, mahallalar hududlari, maxsus ob’yektlar va sanoat korxonalari hududlarini ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Har yili o‘rmon xo‘jaliklari tashabbusi bilan respublikada ko‘chat ekish oyligi tashkil etib kelinmoqda.

Yana o‘qing:  MTMning yangi binosi

O‘rmonchilikda to‘plangan boy tajriba hamisha qo‘l kelmoqda. Birgina Kattaqo‘rg‘on suv ombori atrofida eroziyaga qarshi barpo etilgan 3000 gektar yerda madaniy pistazorlar tashkil etilgan bo‘lsa, suvi qurigan Orol dengizi tubida zaharli tuz va chang zarrachalarini havoga ko‘tarilishining oldini olish va ekologik muhitni yaxshilash maqsadida 400 ming gektar o‘rmonzorlar barpo etildi. Farg‘ona vodiysi o‘rmon xo‘jaliklarida har yili 100 gektardan yog‘ochbop daraxtlar plantatsiyalarini tashkil qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuqori samara berayotgan bo‘lsa, tog‘ va tog‘oldi o‘rmon yerlarida har yili o‘rtacha 500-600 gektardan yong‘oqzorlar barpo etish tajribasi ommalashtirilmoqda. Uzun, Qo‘qon, Namangan, Kosonsoy, Jizzax markaziy, Kitob, Navoiy markaziy davlat o‘rmon xo‘jaliklari, Darg‘om, O‘rtaorol o‘rmonchilik ishlab chiqarish korxonalari tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar soha rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda. O‘rmonlarni qo‘riqlash va muhofaza qilish ishlarini to‘g‘ri tashkil etilganligi bois yuqoridagi o‘rmon xo‘jaliklarining ish tajribalari ommalashtirilib borilmoqda. Xorijiy tajribalarni o‘rganish maqsadida Turkiyaning TIKA tashkiloti ko‘magida terakchilik ilmiy tadqiqot instituti va Jomboy o‘rmon xo‘jaligi hamkorligida Turkiyadan keltirilgan 70 turdagi terakning har xil klonlari va navlari 5 gektar maydonda ko‘chatxona va plantatsiyada ekilib o‘rganilmoqda. Ular respublikamizning boshqa viloyatlarida ham ekib, sinab ko‘rilmoqda. Shuningdek, Saroyqo‘rg‘on davlat o‘rmon xo‘jaligida mahsuldor navlarni ko‘paytirish uchun Turkiyaning Antep pista navi mahalliy pista navlariga payvand qilinib, ko‘paytirish ustida ish olib borilmoqda. Ushbu tajribalar Zomin, Bobotog‘, Xo‘jamushkent davlat o‘rmon xo‘jaliklarida ham olib borilmoqda.

Tuproq unumdorligini oshirish yuqori hosil garovi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, rizqu nasibamiz manbaini eroziyadan asrab-avaylash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– Daraxt va buta turlari kuchli rivojlangan gorizontal ildiz tizimlari bilan tuproqni mustahkamlab eroziyaning oldini oladi. Natijada yer unumdorligi oshadi. Buning uchun barcha imkoniyatlardan unumli foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, o‘rmon, ayniqsa, tog‘ o‘rmon va qum sahro melioratsiyasida daraxt va butalar muhim ahamiyatga ega. Tog‘ yonbag‘irlarida terassalarga va maydonchalarga ekilgan daraxt turlari tog‘ o‘rmonlari eroziyasining oldini oladi. Shuningdek, tog‘li hududlarda eroziyaga qarshi ignabarglilar – Zarafshon archasi, tuya, virgin archa, yong‘oqmevalilar – bodom, pista, yong‘oq hamda tog‘ olmasi, do‘lana, na’matak, zirk, olcha kabi daraxt turlari ekiladi. Ko‘chma qumlarni mustahkamlashda psammofit o‘simliklari – saksovul, cherkez, yulg‘un, qandim, astragal, quyonsuyak kabilarning ahamiyati katta. Hozirgi kunda asosan saksovul, qisman cherkez ekilayotgani holda yulg‘unni tabiiy ko‘payishiga ko‘mak berilayapti. Daryo qirg‘oqlarini yemirilishidan saqlash maqsadida turanga (terak), tol, jiyda kabi daraxt va butalar ko‘chatlari o‘tqazilmoqda. Mavjudlari parvarish qilinib, asrab-avaylanmoqda.

Yana o‘qing:  Panda bambuk yeydimi?

O‘zbekiston sharoitida daraxtlarning biologik yetilishi, o‘rmonlarni sog‘lomlashtirish hamda yog‘ochsozlik sanoatiga bo‘lgan talab xususida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

– O‘rmonlarni parvarish qilish va sog‘lomlashtirishda daraxtlarning biologik yetilishi muhim ahamiyatga ega. Archa o‘rtacha 200-1500 yil umr ko‘rsa, qarag‘ay 150-300 yil, tuya 100-1000 yil yashaydi. Pista esa 300-1000 yil, yong‘oq 100-300 yil, bodom 50-100 yil umr ko‘radi. Terak 100 yil yashnab tursa, shumtol 150-250 yil, eman 300-800 yil yashaydi. Saksovulning umri 50-60 yilga to‘g‘ri kelsa, jiyda 60-80 yil yashaydi.

O‘zbekiston sharoitida daraxtlarning biologik yetilishi, xususan, igna bargli daraxtlar, pista, yong‘oq, eman daraxtlarida 41-80 yosh, qayrag‘och, shumtol, zarang, akatsiya, katalpa 21-40 yosh, tol, terak, bodom, turanga daraxtlari esa 11-20 yosh, saksovul 25-30 yosh, cherkez, qandim, yulg‘un 5-10 yoshdan iborat. Daraxtlarni kesilishida ularning biologik yetilishi muhim ahamiyatga ega. O‘rmonlarni sog‘lomlashtirish va parvarish qilish maqsadida joriy yilning 1 yanvar holatiga jami 5422 kub metr ishbop yog‘och tayyorlanib, shundan 3425 kub metri aholiga va tashkilotlarga 1997 kub metri o‘rmon xo‘jaliklari sexlarida qayta ishlab chiqarildi. O‘zbekiston yog‘ochsozligida Rossiya davlatidan keltirilayotgan yog‘ochlar bilan bir qatorda mahalliy yog‘ochlardan foydalanish ham yildan-yilga ko‘payib bormoqda.

Ma’lumki, yashil do‘stlarimiz biz uchun bebaho kislorod manbai hisoblanadi. Havoni tozaligini ta’minlash uchun qaysi daraxtlarni ekish maqsadga muvofiq. Bu boradaqanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– Barcha daraxt va buta turlari havoni tozalash xususiyatiga ega. Olimlarning olib borgan kuzatuvlariga qaraganda 1 gektar maydondagi saksovulzor chang va tuzlarning havoga ko‘tarilishini keskin kamaytiradi, parchalanishni 35 foizgacha pasaytirib, havoning nisbiy namligini 28 foizgacha oshiradi. Shuningdek, bir gektar maydondagi 4 yoshli saksovul 1158 kg. karbonat angidridni yutib 835 kg. kislorod ajratadi, cherkez o‘simligi esa 1548 kg. karbonat angidrid gazini yutib 1116 kg. kislorod ajratishi aniqlangan. 1 tup saksovul ko‘chati o‘z ildizi atrofida 5 kubometr miqdordagi qumni tutib turadi.

Odatda shaharlarda havoning tarkibi ko‘proq ifloslangan bo‘ladi. Shaharda o‘suvchi manzarali daraxt, butalar havoni gazlardan va changdan tozalab, muhim sanitar-gigiyenik funksiyalarni bajaradi. Ko‘pgina daraxt turlari havoga uchuvchi moddalar-ftonsidlarni ajratadi, ular o‘z navbatida havodagi zararli va kasallik keltiruvchi bakteriyalarni bartaraf etadi. Shuning uchun ham ko‘kalamzorlashtirishda qrim va eldor qarag‘ayi, virgin va oddiy archa, qayrag‘och, soxta kashtan, dala zarangi, shumtolsimon zarang, o‘tkirbargli zarang, oq, qora terak, eman, akatsiya, bunduk, majnuntol kabi daraxt va buta turlarini ekish maqsadga muvofiqdir. Shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish ishlariga katta e’tibor berilayotgan bugungi kunda birgina Toshkent shahri misolida nazar tashlaydigan bo‘lsak go‘shadagi yuzlab istirohat bog‘larini ko‘rib ko‘z quvonadi, aholi salomatligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ko‘kalamzorlashtirish ishlarining adog‘i yo‘q. Ilgari shaharda sof havoning barqarorligini hozirgi kun bilan solishtirsak tubdan farq qilishini anglash qiyin emas. So‘lim xiyobonlar ko‘rkam favvoralar qo‘yniga cho‘mgan Toshkent bag‘ridagi sof havo dillarga surur bag‘ishlaydi. Ko‘kalamzorlashtirish ishlari nafaqat poytaxtda balki mamlakatimizning barcha hududlarida keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda.

Yana o‘qing:  TANTI TABIAT NE’MATI

Bugun o‘rmonchilik sohasining yetuk bilimdonlari – No‘mon Yahyoev, To‘qson Safarov, Avaz Tog‘ayev, Egamberdi Shodiyev, Nizom Jumanov, Sa’dullo Hamroyev (marhum) kabi soha bilimdonlarining boy tajribalari yoshlarga qo‘l kelmoqda. Ustozlaridan o‘z kasbining sir-asrorini o‘rganayotgan yosh mutaxassislar ularning, “Har bir daraxtga, har bir butaga, yam-yashil giyohlarga mehr qo‘ygan kishigina bu sohasining yetuk bilimdoni bo‘la oladi”, – degan o‘gitlariga amal qilmoqda. Chunki, Ona tabiatni asrab-avaylash, kelajakni asrash demakdir. Bunday xayrli ish nafaqat soha xodimlarini, balki barchamizning muqaddas burchimizdir.

Bir so‘z bilan aytganda O‘zbekiston Respublikasining barqaror rivojlanishi, aholining yuksak darajada turmush kechirishi va salomatligi, shuningdek, milliy xavfsizligi tabiiy ekotizimlarni muhofaza qilish, atrof-muhit sifatini qo‘yilgan talablar darajasida saqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va qayta tiklash orqaligina ta’minlanishi mumkin.

Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.

 

Jamila HAYDAROVA suhbatlashdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: