San’atim, sozimda madhing Vatan!
Yoqimli qo‘shiq og‘ushida o‘z holicha xirgoyi etayotgan bolaga e’tibor berganmisiz? Uning ko‘zlaridagi baxtiyorlik, mamnunlik, ohang zavqidagi sehrni hech narsa bilan baholab bo‘lmaydi. Ha, bu san’atning kuch-qudrati. Qolaversa, birgina shu harakat orqali oiladagi ahillik, kishilar orasidagi totuvlik, xotirjamlik, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikning bahosini bilish mumkin. Istiqlol yillarida xalqimiz qo‘lga kiritgan bebaho ne’matlardan biri ham, aslida, dunyoqarashi keng, ilmli, salohiyatli, eng muhimi, sog‘lom farzandlarni voyaga yetkazish baxtidir.
Qariyb yigirma uch yillik davr mobaynida yurtimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildiki, buning mahsuli sifatida O‘zbekiston farzandlari xalqaro maydonlarda fan, san’at, madaniyat va sport sohasida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Albatta, shu kabi muvaffaqiyatlarga erishishda Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati asosiy omil bo‘layotir. Xususan, Yurtboshimizning 2008 yil 8 iyuldagi “Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009 – 2014 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori fikrimiz tasdig‘idir.
Darhaqiqat, san’at va madaniyat xalqning ma’naviy dunyoqarashini shakllantiradigan, uning tarixi, milliy mentaliteti hamda madaniy salohiyatini namoyish etadigan qudratga ega. Jajji avlodni esa san’atga oshufta ruhda o‘stirish kelgusida mamlakatimiz taraqqiyotiga bemisl hissa qo‘shadi.
Ayni paytda yurtimizda faoliyat yuritayotgan 298 ta Bolalar musiqa va san’at maktabida 52 ming nafardan ortiq o‘g‘il-qiz tahsil olmoqda. Ularning orasidan xalqaro va respublika miqyosida o‘z iqtidorini namoyish etib, diplom va faxriy yorliqlar bilan taqdirlanayotganlar soni kun sayin ortmoqda. Birgina Toshkent shahridagi 2-Bolalar musiqa va san’at maktabida o‘z iqtidorini takomillashtirib borayotgan o‘quvchilar 2009 yildan buyon 100 ga yaqin xalqaro va respublika ko‘rik-tanlovlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlar safidan munosib o‘rin egallagan. Maktab ma’muriyati esa bu yutuqlarni mustaqillik sharofati, deb biladi.
– O‘ttiz yildan ortiq vaqt mobyanida bolalarga musiqa va san’at sirlarini o‘rgatib kelaman, – deydi muassasa rahbari Sayyora Adilova. – Jajji avlodning san’atga qiziqishi hali bu darajada rag‘bat topgan emas. Ularning iste’dodini shakllantirishga e’tibor berilmagan. Yarim asrdan ko‘proq davr mobaynida nomigagina musiqa maktabi sifatida tashkil etilgan muassasamiz 2009 yili kapital ta’mirdan chiqarilib, moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Zamonaviy qiyofa kasb etgan bino “Bolalar musiqa va san’at maktabi”, deya nomlandi. Bu esa ikkita yangi yo‘nalish – raqs va tasviriy san’atning qo‘shilishiga zamin hozirladi. Ayni paytda bolalar fortepiano, skripka, gitara, estrada xonandaligi, o‘zbek xalq cholg‘ulari, tasviriy san’at, zarbli cholg‘ular bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini boyitib kelmoqda. O‘n to‘qqiz yildan buyon muassasada rahbarlik qilib kelayotgan bo‘lsam, so‘nggi besh yillik davr mobaynida o‘quvchilarimiz xalqaro maydonlarda o‘z qobiliyatining yuksakligini to‘laqonli namoyish eta oldi. Ilgari ta’mirga muhtoj xonalarda yetarlicha cholg‘u asboblari yo‘q, muassasaning moddiy-texnik bazasi haminqadar ahvolda edi. Prezidentimizning “Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009 – 2014 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori esa sohadagi barcha yutuqlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Bilasizmi, ushbu qarorning qabul qilinishi faqat imkoniyati emas, iqtidori bor har bir bolaning musiqa va san’at sirlarini o‘rganishiga qulaylik yaratdi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi va Moliya vazirliklari hamkorligida “Ota-onalar tomonidan bolalarning bolalar musiqa va san’at maktablarida o‘qishi uchun haq to‘lash va undan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning tasdiqlanishi esa qo‘shimcha imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Mazkur nizomning 10-bandida “Bolalar musiqa va san’at maktabida o‘qiydigan bolaning ta’lim olishi uchun to‘lanmagan to‘lov bir oy ichida to‘langan taqdirda, bola mazkur sinfning dasturiy talabini bajargandan so‘ng o‘quvchilar safiga qayta tiklanadi”, deb belgilab qo‘yilgan. Bu yurtimizda bolalar ta’lim-tarbiyasi, ularning iqtidorini yuksaltirish birinchi masala ekanidan dalolatdir. Shuningdek, ushbu nizomning 12-bandida har bir Bolalar musiqa va san’at maktabida o‘qish uchun to‘lovlardan ozod etish va o‘qituvchi hamda konsertmeysterlarga har oylik ustamalar belgilash bo‘yicha komissiya tuzilishi qayd etildi. Bu, albatta, har bir bola taqdiri Vatan taqdiri bilan chambarchas bog‘liq ekanini anglatmaydimi?! Bu sa’y-harakatlar o‘z natijasini berayotir. Bugun har bir musiqa va san’at maktabidan jonajon O‘zbekistonimizga sevgi va sadoqatini baxshida eta oladigan bolalar yetishib chiqyapti.
Ayni vaqtda bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilari san’atning har bir yo‘nalishi bo‘yicha o‘z iste’dodini namoyish etib kelmoqda. Madina Saidazimova 6-sinf o‘quvchisi. U 2013 yilda “Novoye valka” deb nomlangan xalqaro tanlovda akademik ijrochilik bo‘yicha ishtirok etib, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Yosh ijrochi Italiyaning San-Reno shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro tanlovda ham muvaffaqiyatli qatnashib, oliy sovrin – Gran-priga sazovor bo‘ldi.
– O‘zbek yoshlariga faqat g‘oliblik yarashadi, – deydi Madina. – Ustozlarimiz shunday o‘rgatishgan. Albatta, muvaffaqiyat qozonish uchun kishi o‘z ustida tinimsiz izlanishi lozim. O‘qituvchilarim esa bu borada meni qo‘llab-quvvatlashmoqda. Ular bor bilim va tajribasini o‘rgatishdan tolmaydi. Qo‘lga kiritgan yutuqlarim zamirida ustozlarimning hissasi borligini alohida aytmoqchiman. Qolaversa, davlatimiz tomonidan biz yoshlarga ulkan imkoniyatlar yaratib berilyapti. Ushbu e’tiborning qadriga yetish, jonajon Vatanimizga munosib farzand bo‘lish esa asosiy maqsadimiz. Kelajakda yana ham katta yutuqlarni qo‘lga kiritib, yurtimiz dovrug‘ini dunyoga tarannum etishda davom etaveramiz.
Shuningdek, muasssasa o‘quvchilari turli xalq sayllari, bayramlarda ishtirok etib kelmoqda. Qator tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan xayriya tadbirlarida ham o‘quvchilar faolligini namoyish etayotir. Maktabda “Tumor” estrada-vokal, “Toshkent” estrada-cholg‘u, “Nurli” raqs guruhlari tashkil etilgan. Guruh a’zolarining iqtidori va mahorati kun sayin oshib bormoqda.
– Muassasamizda 257 nafar bola tahsil olmoqda. Ularga 48 nafar tajribali o‘qituvchi saboq beradi, – deydi raqs o‘qituvchisi Nodira Topilova. – Ma’lumki, Bolalar musiqa va san’at maktablarida mashg‘ulotlar umumta’lim maktablaridan tashqari holatda, ya’ni darslardan so‘ng o‘tkaziladi. Bu esa bolalarda san’at sirlarini o‘rganish uchun qulay imkoniyat yaratadi. Bu yerda har bir bola faqat san’at sirlarini o‘zlashtiradi. Albatta, bunday ta’lim o‘z samarasini bermay qolayotgani yo‘q. Shu dargohga ishga kirganimga ikki yil bo‘lishiga qaramay, shogirdlarim respublika miqyosida qator ko‘rik-tanlovlarda g‘olib bo‘ldi. Bu menga iftixor bag‘ishlaydi. Ammo bir gapni alohida ta’kidlashni istardim: agar shunday shart-sharoit, ishlashga qulay muhit yaratilmaganida bu kabi yutuqlarga erishilmasdi. Hukumatimiz tomonidan moddiy-texnik bazasi mustahkam, zamonaviy, yorug‘ va keng xonalar ta’minlab berilgan ekan, bunday qulay sharoitlarning qadriga yetishni, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanib, munosib javob berishni biz pedagoglar o‘z burchimiz deb bilamiz.
Darhaqiqat, Bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyatini takomillashtirish, ularning sonini oshirish, sifatini yaxshilashga katta e’tibor berilmoqda. Maxsus dastur asosida besh yildan buyon sohada ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida 56 ta shunday ob’yekt hududlar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shgan bo‘lsa, bu yil “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi asosida yana 48 ta “Bolalalar musiqa va san’at maktablari”ni tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Bahodir HALIMOV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri