Quvonch ulashayotgan “Quyoshcha”
279-maktab nafaqat Mirzo Ulug‘bek tumanida, balki Toshkent shahrida ham o‘z o‘rni, nufuziga ega. Ta’lim o‘zbek va rus tillarida olib borilayotgan 1560 o‘rinli mazkur muassasada ayni paytda to‘rt smenada “Quyoshcha” nomli yozgi oromgoh ham faoliyat ko‘rsatmoqda.
– Biz maza qilib cho‘mildik. Men chalqancha suzishni o‘rganib oldim, men esa suzish musobaqasida g‘olib bo‘ldim, – deyishdi bir guruh bolajonlar bizning – Qayerdan kelayapsizlar? – degan savolimizga javoban.
– Ingliz tili to‘garagimizdagi multimediya darslari juda qiziqarli. Bugun ustozimiz bizga ko‘plab issiqsevar qushlar, yovvoyi hayvonlar haqida gapirib berdi. Ularning nomlarini ingliz tilida bemalol ayta olamiz, – deydi bo‘ychan bolakay bilag‘onlik bilan.
– Oshpaz opalarimizning tayyorlagan taomlari juda shirin, ishonmasangiz, mana, o‘zingiz tatib ko‘ring, – deya mehmonga chorlagan Dilnozaning bizga ko‘rsatgan xushtakallufi biram o‘ziga yarashganki, asti qo‘yavering.
– Yashil burchagimizdagi gullarni har kuni parvarishlaymiz. Chunki, ular ham odamlar singari mehrni qo‘msaydi. Bu gulning nomi yorongul, bu esa kaktus. Mana bu gul chiroyli ochilib, uzoq vaqt yashnab turadi, – deydi Behruzbek ko‘zlari chaqnab.
Ta’lim maskanidagi qay bir o‘quvchi bilan suhbatlashmang ularning ustozlari boshchiligida ko‘plab muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritayotganining guvohi bo‘lasiz.
– Har bir smenada 135 nafarga yaqin bolajon ertalab soat 8-00 dan 17-00 gacha maktab qoshidagi kunduzgi oromgohda dam olishadi. Barcha qulayliklarga ega shinam oshxona, dam olish, tibbiyot xonasi bolajonlarga xizmat ko‘rsatmoqda.
Oromgohdagi o‘quvchilarni chiniqtirish maqsadida “Lokomotiv” sport majmuasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Mazkur majmuadagi suv havzasida bolajonlar cho‘milib, chiniqishadi. Bu yerda har bir kun qiziqarli tarzda tashkil etilgan. Kunlik mashg‘ulotlar ham bir-biridan tubdan farq qiladi. Bolajonlarning sog‘lig‘i muntazam ravishda tekshirib turiladi. Shuningdek, ular teatr tomoshalariga, istirohat bog‘lariga, hayvonot bog‘iga, turli qadamjolarga sayohatga borishadi. Ayniqsa, toza havoda sayr etish, jamoalar o‘rtasidagi bellashuvlar, yugurish estafetalari, turli tomoshalar, musiqiy dasturlar bolalarning jonu dili, – deydi oromgoh rahbari Buzaynab Buzrukova.
Qator yillardan buyon ta’lim maskaniga rahbarlik qilib kelayotgan Aqida Tohirova bizni o‘quvchilar bilan gavjum to‘garaklar tomon yetakladi. Rasm to‘garagida bolajonlar mo‘yqalamda tabiat manzaralarini jonlantirayotgan bo‘lsa, ingliz tili to‘garagida saboq jarayoni uchun zarur ko‘rgazmali vositalar, multimediya dasturlari o‘quvchilarda yanada katta qiziqish uyg‘otmoqda. Shu bois ham o‘quvchilarning chet tillarini o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqi baland. Maktab qoshidagi zamonaviy jihozlarga ega bo‘lgan informatika, mehnat, sport to‘garaklari yoshlar ixtiyorida.
– Olga Gerasimova, Mavluda Pardayeva, Mohira Umarova, Dilfuza Berdiyeva, Shohida Bo‘riyeva kabi tajribali va malakali o‘qituvchilarning to‘garak saboqlari o‘quvchilar bilimini yana boyitayapti, – deydi Aqida Do‘smatova. – Bolajonlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Til o‘rganib, dunyo kezamiz”, “Kim ko‘p kitob o‘qiydi?”, “Kitob bizning do‘stimiz!” nomli bellashuvlar, turli-tuman sport musobaqalari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tuman kengashi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan bayram tadbirlari ularni aqlan va jismonan chiniqtirib bormoqda. Kuni kecha bo‘lib o‘tgan “Giyohvandlik – asr vabosi” nomli tadbir ham haqiqiy bayramga aylanib ketdi. Chunki, 8-guruh a’zolari Ziyovuddin O‘tkirov, Behruz Muhammadov, Hasan-Husan Mirqodirov, Dilnoza Ziyomuhammedova, Mirzabobur Mavlonov kabi o‘quvchilar o‘zlarining o‘tkir zehni va chaqqonligi bois g‘oliblikni egallab, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Ayni vaqtda maktabning boshlang‘ich sinf o‘quvchilari kunduzgi oromgohda dam olayotgan bo‘lsa, yuqori sinf o‘quvchilari mehnat amaliyotini o‘tashmoqda. Bunda yoshlarning kasbga bo‘lgan qiziqishi shakllanadi.
Darhaqiqat, Aqida opa aytganidek ustoz degan ulug‘ nomni oqlash uchun munosib shogird tayyorlamoq lozim. Ta’lim maskanida mehnat qilayotgan har bir o‘qituvchi buni teran anglab shogirdining ertasini bugunidan yaratishga intilmoqda. Yozgi ta’til payti bo‘lsa-da, maktab quchog‘idagi qaynoq hayotdan barcha mamnun.
Bolajonlarning erishayotgan muvaffaqiyatlari hamda ota-onalarning ta’lim maskani jamoasi nomiga yozgan tashakkurnomalarini o‘qib, bunga yana bir bor amin bo‘ldik.
Jamila HAYDAROVA