Necha yoshdan ishlash mumkin?
Farzandim maktabni tugatdi, kollejda o‘qishni davom ettirishi uchun hujjatini topshirib qo‘ydik. Ta’tilda bolamni ishga joylashtirish istagim bor. Ham mehnatga o‘rganadi, ham bo‘sh vaqtini bekor o‘tkazmaydi. Tashkilotlar bolani necha yoshdan boshlab ishga olishi mumkin?
I.SAIDOV,
Toshkent shahri
Mustaqillik yillari mamlakatimizda bolalar huquqiy holatini belgilash, himoya qilish va bola huquqlari kafolatlarining aniq mexanizmlari yaratildi.
“Bolalar mehnatining og‘ir shakllarini ta’qiqlash va yo‘q qilishga doir shoshilinch choralar to‘g‘risidagi konvensiyani (Jeneva, 1999 yil 17 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi va “Ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh to‘g‘risida”gi konvensiyani (Jeneva, 1976 yil 26 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari Qonunchilik palatasi tomonidan 2008 yil 14 martda qabul qilinib, Oliy Majlis Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisida tasdiqlandi. Bu hujjat Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan imzolandi.
Voyaga yetmaganlarning huquq va erkinliklari himoyasini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslaridagi voyaga yetmaganlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga oid normalari yanada takomillashtirildi.
Ayni kunda “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga” va ”Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda Xalqaro Mehnat Tashkilotining (XMT) “Ishga qabul qilishda eng kichik yosh to‘g‘risida”gi (1976 yil 26 iyun, Jeneva) Konvensiyasining 2-moddasiga binoan ishga qabul qilishdagi eng kichik yosh umummajburiy ta’limni tugatgan paytdagi yoshdan past bo‘lmasligi va barcha holatlarda, 15 yoshdan kichik bo‘lmasligi belgilangan.
Milliy qonunchiligimizda, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi (77-modda) va O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga (20-modda) binoan ishga qabul qilishda 16 yoshdan boshlab yo‘l qo‘yiladi, shu bilan birga, 15 yoshga to‘lgan shaxs, uning ota-onasidan birining yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxsning yozma ravishdagi roziligi bilan ishga qabul qilinishi mumkin. Shunday qilib, 15 yosh O‘zbekiston Respublikasida ishga qabul qilishdagi eng kichik yoshni anglatadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisining 2009 yil 26 yanvardagi 4-sonli bayoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududida ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh 15 yosh deb tasdiqlandi va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tegishli bayonot Xalqaro Mehnat Tashkilotiga yuborilgan. Xalqaro tajriba ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Avstriya, Belgiya, Germaniya, Gretsiya, Italiya, Koreya, Shveysariya, Yaponiya va boshqa mamlakatlarning xalqaro-huquqiy tajribasi – ko‘pchilik mamlakatlarda ishga qabul qilishda eng kichik yosh sifatida 15 yosh belgilanganligini ko‘rsatadi (150 mamlakatdan 66 tasida –15 yosh, 48 tasida –14 yosh, 36 tasida –16 yosh).
Milliy qonunchilikda 12 yillik majburiy ta’lim nazarda tutilgan. Bu o‘z navbatida O‘zbekistonda umuminsoniy qadriyatlarni, bola huquqlari himoyasini ta’minlashga doir davlat siyosatining amalga oshirilishi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari bo‘yicha Konvensiyasi talablari bilan bog‘liq xalqaro majburiyatlari bajarilishini ta’minlaydi.
Ushbu qonunlar ma’sul organlarning, shu jumladan, katta yoshdagi shaxslarning ham kelajak avlod tarbiyasida ma’suliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi 5-davlat notarial idorasi notariusi Asqar PO‘LATOV tavsiyasi asosida Javlon SA’DULLAYEV yozib oldi.