Sajdagohim, g‘ururimsan, Vatan!

Yurtimiz mustaqillikka erishgan sana yaqinlashavergani sari bir voqea yodimga tushaveradi. O‘tgan o‘quv yilining boshida barcha bilim dargohlarida bo‘lganidek, men ta’lim olayotgan oliy o‘quv yurtida ham o‘qishning birinchi kuni mustaqilligimiz sharafiga darslar o‘tkazildi. Guruhimiz rahbari Vatanimiz avliyolar makoni ekanini ta’kidlab, iymon-e’tiqodi bilan Alloh karamiga musharraf bo‘lgan ajdodlarimiz haqida ta’sirli qilib so‘zlab berdi. Ularning xoki qo‘nim topgan maskan sobiq mustabid davrda qay ahvolda ekanini, hozir esa qanday ko‘rinish kasb etishini izohlab, video-materiallarni taqdim etdi.

Biz, talabalar dars davomida shunchalik qattiq ta’sirlanganimizdan, muqaddas qadamjolardan hisoblangan Hazrati Imom jome’ masjidini ziyorat qilishni ahd qilib yo‘lga tushdik. Chiroyli, bejirim sharq arxitekturasi asosida qayta ta’mirlangan, atrofi bog‘u rog‘ga aylantirilgan qadamjoda mahalliy ziyoratchilardan tashqari ko‘plab xorijiy sayyohlarni ham uchratdik. Ziyorat shartlariga amal qilib, yo‘lakka chiqar ekanmiz, qayga borarini bilmay turgan sayyohga duch kelib qoldik. U bizdan nimanidir so‘ragani chog‘lanib ildam qadam tashladi-yu, negadir shashtidan qaytib, ortga chekindi.

Shunda biz o‘zimiz mehmondan: “Janob, sizga yordam kerakmasmi?” – deb so‘radik. Mahalliy xalqdan o‘z ona tiliga mansub nutq ohangini kutmagan sayyoh ortiga “yalq” etib qaradi. Uning nigohida ham taajjub, ham hayrat hukm surar edi. U avvaliga o‘ng‘aysizlanib, so‘ng vaziyatni tushuntirib berdi. Mehmonning so‘zlaridan yurtimizga birinchi marta tashrif buyurganini, ilk kundayoq o‘z hamrohlaridan ajralib, adashib qolganini bilib oldik. Bizning quvnoq davrada nafaqat ingliz balki nemis, fransuz tilida so‘zlasha oladiganlar borligini bilib, o‘zini ancha xotirjam his qilgan mehmon, biz bilan bemalol suhbatlashib kasb-korimiz, o‘qishimiz bilan qiziqdi. Gap orasida: “Chet tillar institutining talabalari bo‘lsangiz kerak-a?”, deb qoldi.

Bizning o‘zbek filologiyasi bo‘yicha mutaxassisligimizni bilib havas bilan: – Hamkasb ekanmiz-ku – dedi ko‘zlarini katta-katta ochib, o‘z yurtimda talabalarga ona tilimizdan saboq beraman, ammo sizlardan farqli o‘laroq, begona tilda sof, ravon gapira olmayman, – dedi afsus ohangida yerga qarab. – Yurtingiz go‘zalligi haqida tasavvurga egaman, ammo yoshlarining bunchalik iqtidorli, zukko ekanligidan bexabar ekanman”, – dedi hayratini yashirolmay. Yana: “Qanday qilib begona chet tilida deyarli nuqsonsiz, sof gapira olish mumkin?

Yana o‘qing:  Zarrin nurlar shifosi

Biz yurtimiz ta’lim tizimi haqida so‘zlab berdik. Unga binoan maktabgacha ta’lim muassasalaridan boshlab bolalarga sport, san’at, xorijiy tillar mukammal o‘rgatilayotgani, kasb-hunar kollejlarida nafaqat bilim berilayotgani, qo‘shimcha kasb-hunar o‘rgatilayotganini tushuntirdik.

Davlatimiz ta’lim sifatini oshirish uchun Kadrlar tayyorlash milliy dasturi ishlab chiqilgani haqida so‘zlab berdik. Mehmon bizni diqqat bilan tinglab: “Qisqa muddat ichida shunchalik samaradorlik, qoyil qolsa arziydi. To‘g‘risini aytsam, sizlarga berilayotgan sifatli ta’lim-tarbiya tahsinga sazovor, ustozlaring oldida bosh egib ta’zim bajo keltirish lozim”, – dedi-da shartta bosh kiymini yechib, ta’zim qilgancha xayrlashdi. Mehmon transportga o‘tirar ekan, to ko‘rinmay qolguncha bizga qo‘l silkib bordi.

Rivojlangan davlat fuqarosidan maqtov so‘zlarini eshitish, xorijlik talabalardan saviyamiz yuqoriligi, ulardan kam emasligimiz va buni o‘z ustozi ta’kidlashi qalbimni to‘lqinlantirib yubordi. O‘zbekistondek yurtda tug‘ilib o‘sganimdan, shu yerda kamol topganimdan cheksiz iftixor tuyib dilimda uyga qaytar ekanman, bo‘lib o‘tgan voqeani oyijonimga gapirib berdim.

– Bularning barchasi mustaqillik sharofati qizalog‘im! Hozirgi yoshlarga yaratilgan keng imkoniyatlar chegara bilmaydi. Ana shunday imkoniyatlardan oqilona foydalanish har bir yoshning burchi hisoblanadi. Biz yoshligimizda sizlar kabi e’zozlanmaganmiz. Sizlar biz uchun ham o‘qishlaringiz kerak, bilim olib, dunyo nazariga tushishlaringiz shart” – deydi oyijonim.

Mustaqillikdan oldingi davrda o‘zimni bir lahza tasavvur qildim-u, yoshi ulug‘larning “Bu kunlarning qadriga yetinglar” deb jon kuydirib bergan nasihatining mag‘zini chaqdim. Yaxshiyamki, osmonlardek baland g‘ururimni endi hech kim yerga qulatib poymol qilolmaydi. Mening himoya qo‘rg‘onim – mustaqil, ozod Vatanim bor.

Shahnoza RAVSHANOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: