Ta’limning keyingi bosqichiga yo‘llanma
Bitiruv oqshomi va diplom topshirish marosimlari o‘zgacha tayyorgarlik hamda hayajon ostida o‘tishi, tabiiy. Shu bois ushbu tadbirni tantanali tarzda tashkillashtirish va unga o‘zgacha shukuh bag‘ishlash, bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga ko‘tarinki kayfiyat bilan kuzatish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ana shunday tantanali diplom topshirish marosimi Buxoro davlat tibbiyot instituti qoshidagi 2-son G‘ijduvon akademik litseyida ham bo‘lib o‘tdi.
Joriy yilda mazkur mussasaning 21 nafar o‘quvchisi fan olimpiadasida ishtirok etib, undan 4 nafari respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. Litsey talabasi Otabek Toshev fransuz tili bo‘yicha fan olimpiadasi respublika bosqichida 1-o‘rinni egallab, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga imtiyozli ravishda o‘qishga qabul qilindi.
– O‘g‘lim Navro‘z Sulaymonov ushbu litseyni tamomlab, ayni paytda Westminister International college va London School of Commeree Group o‘quv yurti talabasi bo‘ldi. Buning uchun ta’lim bergan ustozlariga rahmat aytamiz, – deydi Odil Tursunov.
Tadbir so‘nggida bitiruvchilarga diplom topshirildi.
Shoira RAHMONOVA,
Buxoro viloyati