Shahar bilan bo‘ylashayotgan qishloqlar

Yuqori Chirchiq tumanidagi “Istiqlol” mahallasida namunaviy loyiha asosida barpo etilgan zamonaviy uy-joylar o‘zining saranjom-sarishta, ko‘rkamligi bilan ajralib turadi. Bir tekisda qurilgan binolar, keng, yorug‘ va fayzli ko‘chalarni ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi, dilingiz yayraydi.

Toshkent-Chorbog‘ avtomobil yo‘lidan boraverishda, Yangibozor muyulishiga yetmasdan qad rostlagan mazkur uy-joylar aholining hayotini tubdan o‘zgartirib, ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamladi. Yaqinda mazkur mahalla a’zolari bilan uchrashib, bunga amin bo‘ldik.

– Namunaviy loyiha bo‘yicha qurilgan turarjoylar hududimiz ko‘rkiga-ko‘rk qo‘shdi, – deydi mahalla raisi T.Quvondiqova. – Shunga hamohang odamlarimizning yashash sharoiti, ongu tafakkuri o‘sdi. Boshqacha aytganda, qishloq bilan shahar o‘rtasida farq qolmadi, desak xato bo‘lmaydi.

Mahallada yaratilgan shart-sharoitlar aholiga katta qulaylik tug‘dirmoqda. Bu yerda uchta oshxona, beshta do‘kon, tibbiyot maskani, dorixona, sartaroshxona, boshqa maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyat yuritmoqda.

Istiqlol mahallasida 3 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Uning qariyb 40 foizi voyaga yetmaganlar. Yoshlarning bo‘sh vaqti mazmunli o‘tishini ta’minlash maqsadida hududdagi 31-, 9– umumta’lim maktablarida turli fan va sport to‘garaklari, mahallada bolalar maydonchasi tashkil etilgan.

Mavzeda Transport va iqtisodiyot kasb-hunar kolleji joylashgan. Bu yil mahalladagi 20 nafar yigit-qiz shu ta’lim muassasasini tamomladi. Bitiruvchilar hududdagi fermer xo‘jaliklari va tikuv sexiga ishga olindi.

– Zamonaviy, barcha qulayliklarga ega, eng asosiysi, qishloq sharoitiga mos uy-joylarga ega bo‘lganimizga ham bir yil bo‘ldi-ya! – deydi Ziyoda Abdullayeva. – Maqtanayapti demangu xonadonlarimizdagi sharoitga shaharlik uy bekalar ham havas qilmoqda.

– Bank krediti foizi ham juda past, – deydi xonadonlardan birining egasi Zohid Ergashev. – Belgilangan tartib bo‘yicha, 15 yil ichida to‘lab boriladi. Bunday katta imtiyoz va imkoniyat tufayli qanchadan qancha oila yangi uyli bo‘ldi. Bu ishlarga bosh-qosh bo‘layotgan davlatimiz rahbariga ming rahmat.

Bu samimiy gaplar – Prezidentimiz rahnamoligida ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etish yo‘lidagi ezgu sa’y-harakatlarning hayotdagi yorqin ifodasi, hamyurtlarimiz ongu tafakkuridagi in’ikosi. Ko‘ngil obodligining oddiy ko‘rinishidir.

Bekzod HIDOYATOV,

O‘zA muxbiri

Vam mojet takje ponravitsya...

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: