Xolis ishning qo‘sh yutug‘i

– Yaxshi inson haqida so‘zlash, uni davralarda alqab o‘tish yaxshi-da… – deya so‘z boshladi tahririyatimizga kelib, o‘zini Dilfuza opa deya tanishtirgan ayol. – Ayniqsa, o‘z ishiga sidqidildan mas’uliyat bilan yondashganlar haqida qancha ko‘p so‘z aytsak, o‘zgalarga o‘rnak bo‘lsa bo‘ladi-ki, hech qusur bo‘lmaydi.

Dilfuza opa aytganidek, “bamani va xolis inson” – “Sog‘lom va zaif eshituvchilar” karate-do klubi rahbari, yetti karra O‘zbekiston chempioni, 4 marotaba O‘zbekiston kubogi sovrindori, Markaziy Osiyo chempioni kabi unvonlar sohibi bo‘lgan, shuningdek, qator jahon chempionatlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan Jasur Jamilov bo‘ladi. Ochig‘i bir onaning ustoz haqida shu qadar to‘lqinlanib gapirishi kaminani hayratga soldi va menda murabbiy Jasur Jamilov bilan yaqindan tanishish istagi tug‘ildi.

Toshkent shahrida tug‘ilib, bolaligidan sportga qiziqqan, intilishlari samarasi o‘laroq Toshkent davlat jismoniy tarbiya institutining belbog‘li kurash fakultetini tamomlagan va ayni kunlarda “Jar” sport majmuasiga qarashli Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida tashkil etilgan sport to‘garagida murabbiylik qilib kelayotgan Jasur Jamilov huzuriga hozirgi kunda 200 nafardan ortiq yoshlar karate sport turini o‘rganish maqsadida kelishadi. O‘z faoliyati haqida ko‘p ham to‘xtalishni istamaydigan ustozni kuzata turib, mashg‘ulot davomida o‘quvchilarga talabchan va qattiqqo‘l ekanligiga guvoh bo‘ldim. Mashg‘ulotlarga kelayotgan turli yoshdagi o‘quvchilarning porloq nigohlari, berilgan ko‘rsatmalarni sidqidildan ado etishi ustozning muvaffaqiyatidan dalolat beradi. O‘z shogirdalarida mehnatidan zavqlanish xislatini uyg‘ota bilgan muallim esa hamisha va har yerda sharafga loyiq.

– Farzandim Abdulqodirning organimizmi biroz ta’sirchanligi meni tashvishga solardi, – deydi biz bilan suhbatda Mohira opa. – Uni chiniqtirish maqsadida shu sport turiga olib keldim. Oradan bir yil o‘tgandan so‘ng bola organizmidagi chidamlilik birinchi muvaffaqiyat bo‘lsa, uning ruhiyatida shakllangan qat’iyat va bosiqlik navbatdagisi bo‘ldi. Ilk dasrlarga majburan keladigan o‘g‘lim endilikda o‘zi mashg‘ulotlarga shoshadi. Amin bo‘ldimki, farzandimga sport turini, ayniqsa, murabbiy tanlashda adashmagan ekanman.

Aytishadiki, yaxshi ustoz bo‘lish uchun nimani o‘qitsang – o‘shanga, kimni o‘qitsang – o‘shalarga mehr qo‘ymog‘ing lozim. Ana shundagina kasbning barakasiga, elning olqishiga erishasan. Ehtimol karate sport turi bo‘yicha murabbiy Jasur aka ko‘plab ota-onalarning hurmatiga fidoyilik, kamtarlik va o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondoshganligi tufayli erishgan. E’tibor bersam, bolalarning aksariyati qiziqish ortidan kelayotgan bo‘lsa, ayrim ota-onalar farzandini jismoniy va ruhiy chiniqtirish maqsadida mashg‘ulotlarga jalb qilayotganiga guvoh bo‘ldim.

Яна ўқинг:  Ёшлар маънавиятига дахлдорлик

– Sport bola tarbiyasida muhim vosita, – deydi Jasur Jamilov. – Afsuski, bunga aksariyat ota-onalar tushunib yetmaydi. Ularning fikricha, bolaning chuqur bilim olishida sportning salbiy ta’siri bor. Oradan biroz vaqt o‘tgach, uni sportdan cheklashadi. Aksincha, ota-onalar farzandlarini zararli kompyuter o‘yinlaridan, turli uyali aloqa vositalaridan chegaralashlari lozim. Zero, yoshlar ongiga eng katta xavf ular orqali kirib kelyapti.

Murabbiyning faoliyatini kuzatib, u kishini kasbida kamol topgan deya hech ikkilanmay ayta olasan.

Ezgu ishning natijasi xush va qo‘sh bo‘ladi, deganlaridek, bugun Jasur Jamilov karate sport turi bo‘yicha Shodixon Odilxonov, Abdulloh Hasanov, Saidislom Jo‘rayev, Alisulton Xojiyev, Mahmudjon Foziljonov, Akmal Aksanov, Hasan Isoqov kabi ko‘plab sport yuzlduzlarini kashf etdi.

Ma’rifat TOLIPOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: