Bolalikning baxtiyor manzillari

– Kim kuchli? Nimaga tirsagingni ko‘tarasan? Bu o‘yin qoidasiga to‘g‘ri kelmaydi.

– Bo‘pti, bo‘pti. Qo‘lim ko‘tarilib ketdi-da, o‘rtoq. Kel, boshidan boshlaymiz, – deya bahslashadi armrestling bo‘yicha kuch sinashayotgan bolalar. Ular Sergeli tumanidagi 300-davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi qoshida tashkil etilgan “Kamalak” bolalar yozgi oromgohi dam oluvchilari.

Daraxtlari ko‘kka bo‘y cho‘zgan soya-salqin maktab hovlisiga kirib borar ekansiz, o‘zingizni ertaklar olamiga tushib qolgandek tasavvur qilasiz. Oddiy yelim idishlardan yasalgan bobo Quyosh go‘yo tog‘lar, dov-daraxtlar ortidan nur taratayotgandek. Rang-barang gullar orasida esa jirafalar quvlashmachoq o‘ynab, atrofga olazarak boqishadi. O‘zbegimning atlasidan yasalgan tovus xush kelibsiz, deyayotgandek bizni qarshi oladi.

Oromgohda “Shodlik”, “Omad”, “Do‘stlik” kabi guruhlardan tashqari rusiyzabon bolajonlardan tashkil topgan “Улыбка”, “Солнышка”, “Радуга” guruhlari ham mavjud bo‘lib, bolajonlar o‘zlari uchun ajratilgan stol atrofida yig‘ilishgan. Birlari ingliz tili saboqlarini olishayotgan bo‘lsa, boshqa guruh a’zolari bo‘lgan qizaloqlar stol atrofida kashtachilik sirlarini ustozidan o‘rganmoqda. Ularning yonginasida milliy burchak – o‘zbekona supa ustiga ko‘rpachalar did bilan solib qo‘yilgan. Supa ustida qiziqarli o‘yinlar o‘ynab o‘tirgan bolajonlar bizni ko‘rib o‘rinlaridan turib salom berishdi.

– Maktabimiz qoshida tashkil etilgan oromgoh bag‘rida ikkinchi mavsumda 125 nafar o‘g‘il-qiz maroqli hordiq chiqarmoqda. Barcha qulayliklarga ega bo‘lgan mazkur dam olish maskanidagi bolajonlarning ko‘pchiligini maktab, mahalla va oila hamkorligi doirasida kam ta’minlangan oilalarning farzandlari tashkil etadi, – deydi biz bilan suhbatda maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari, oromgoh rahbari Munira Yusupova. – Dam olish istagida bo‘lgan o‘quvchilarning soni tobora ortib bormoqda. Bolajonlar bir kunda uch martadan mazali va sifatli taomlar bilan siylanadilar. Tibbiyot xonasida barcha kerakli dori-darmonlar taxt qilib qo‘yilgan. U yerda malakali shifokor va hamshira bolajonlarning salomatligini mustahkamlash uchun faoliyat ko‘rsatmoqda. Dam olish, gigiyenik xonalar bolajonlar xizmatida. Quvonarlisi, bolalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan turli sport musobaqalari, ko‘rik-tanlovlar, bellashuvlar orqali yangi iqtidor egalarini kashf etmoqdamiz.

Texnik yo‘nalishdagi mazkur oromgohga Sergeli tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti markazidan to‘garak rahbarlari biriktirilgani ayni muddao bo‘lgan. Ular avtomodel, yosh texnik, rasm, tennis, shaxmat, shashka, musiqa, ingliz tili, suzish yo‘nalishlari bo‘yicha saboq bermoqda.

Яна ўқинг:  2050 йилда Ўзбекистон аҳолиси 41 миллион кишига етади

– Oromgohimizdagi bolajonlar 17-Bolalar va o‘smirlar sport maktabining suzish havzasiga boradilar. Maktabimiz o‘tgan yili yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Eng yaxshi oromgoh” tanlovi g‘olibi bo‘lgan, – deydi oromgohning bosh tarbiyachisi Natella Kazi. – Oldin maskanimizda sport anjomlari yetishmasdi. Keyinchalik bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tuman bo‘limi tomonidan oromgohimizga turli sport anjomlari taqdim etildi. Bundan tashqari Tuman axborot resurs markazining maktabimizda joylashgani ham bizga qo‘l keldi. Chunki bir-biridan qiziqarli yangi adabiyotlar, ertak kitoblarini bolalar qiziqish bilan o‘qishmoqda. Shuningdek, kompyuter to‘garagi faoliyati ham shu yerda olib boriladi.

Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz: bu yilgi yozgi ta’til davrida respublikamizning 532 ta umumta’lim maktabida kunduzgi oromgohlar tashkil etilgan. Poytaxtimizdagi maktablarning 36 tasida kunduzgi, uchta ixtisoslashtirilgan, bitta ekologiya, 2 ta texnik hamda 3 ta badiiy mehnatga yo‘naltirilgan oromgohlarning faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Biz faoliyati bilan tanishayotgan 300-davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi qoshida tashkil etilgan oromgoh ham shular jumlasidandir.

Muhabbat XO‘JAMURODOVA,

Muallif olgan surat.

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: