Bank sarmoyalari natijasida tadbirkorlar safi ortmoqda
Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli iqtisodiy islohotlar avvalo inson, uning manfaati va turmush darajasini yanada yaxshilashga qaratilgandir. Olib borilayotgan bu kabi iqtisodiy islohotlarda respublikamiz bank tizimi ham faol ishtirok etib kelmoqda. Mana shunday islohotlar samarasini respublikamiz bank-moliya muassasalaridan biri “Qishloq qurilish bank” misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
“Qishloq qurilish bank”ning joriy yil o‘tgan davri mobaynidagi faoliyati davomida hukumatimiz tomonidan qabul qilingan bir qator huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amaliyotga tatbiq etish bilan birga, bankning uzoq muddatli rivojlanishiga katta e’tibor qaratildi.
Bankning kapitallashuv darajasi va depozitlar hajmining o‘sishi aktiv operatsiyalar hajmini oshirish, xususan, kreditlash imkoniyatlarini yanada kengaytirishga mustahkam zamin yaratmoqda.
“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi bilan belgilab berilgan ishlarni uzviy davom ettirgan holda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatlarini har tomonlama rivojlantirish, jumladan, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, sifatli bank xizmatlarini taklif etish borasida bank tomonidan alohida tadbirlar amalga oshirilib borilmoqda.
O‘tgan davr davomida kichik biznes sub’yektlarini moliyaviy qo‘llab‑quvvatlash maqsadida bankning o‘z mablag‘lari hisobidan ajratilgan kreditlar 2013 yilning 1 iyun holatiga nisbatan 36,8 mlrd. so‘mga ortib, 2014 yil 1 iyun holatiga 191,8 mlrd. so‘mni tashkil etdi. Bank tomonidan barcha manbalar hisobidan ajratilgan kreditlar hisobiga 2271 ta ishchi o‘rinlari yaratilishi ta’minlandi.
Bank filiallari tomonidan 2014 yilning besh oyi davomida aholining faol qismiga o‘z biznesini tashkil etishlari uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida ajratilgan mikrokreditlar miqdori 53,3 mlrd. so‘mni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich 2013 yilning 1iyun holatiga nisbatan 11,2 mlrd. so‘mga oshgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 26 yanvardagi “Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish va ichki bozorni to‘ldirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida respublika aholisini oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini barqaror ta’minlash, ichki iste’mol bozorini mamlakatda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, asosan qishloq joylarda zamonaviy, yuqori unumli texnika va texnologiya bilan jihozlangan qayta ishlovchi ixcham korxonalarni barpo etish, shu asosda yangi ish joylarni tashkil qilish, aholini ish bilan ta’minlash maqsadida bank tomonidan qariyib 32,2 mlrd. so‘mlik kreditlar ajratildi.
Xususiy tadbirkor Sardor Rahimov bugun bankning moliyaviy ko‘magida non va non mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.
– Hukumatimiz tomonidan men kabi yosh ishbilarmonlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik tufayli bugun yurtimiz iqtisodiyoti rivojlanmoqda. Tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan imtiyozli kredit asosida yangi ish o‘rinlar yaratilmoqda.
2013 yil avgust oyida non va non mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida OATB “Qishloq qurilish bank”ning Yangiyo‘l filialiga murojaat qildim. Loyiham bank tomonidan ko‘llab-quvvatlandi hamda 70 mln. so‘m miqdorida kredit olishga erishdim. Natijada, 7 nafar tengdoshlarim ham doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘lishdi. Joriy yilda ishlab chiqarish quvvatini yanada oshirib, yangi ish o‘rinlarini yaratmoqchimiz – deydi yosh tadbirkor.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 28 yanvardagi “Mahalliy nooziq-ovqat iste’mol tovarlari ishlab chiqarish kengaytirilishini rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida bank mijozlari tomonidan raqobatbardosh, yuqori sifatli nooziq-ovqat iste’mol tovarlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish va turlarini kengaytirishni rag‘batlantirish, ichki iste’mol bozorini ular bilan boyitish, tayyor nooziq-ovqat tovarlari ishlab chiqaruvchi yangi, mahalliy korxonalarni tashkil etish hamda mavjudlarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash maqsadida bank tomonidan 2014 yilning o‘tgan davrida ajratilgan kreditlar hajmi 39,9mlrd. so‘mni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich 2013 yilning 1 iyun holatiga nisbatan 2179,3 mln. so‘mga ortdi.
– 2013 yilda “Olis osmon” nomi ostida qurilish materiallari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan xususiy korxona tashkil etdim. Termiz tumanida ishga tushgan korxonamizning rivojlanishida OATB “Qishloq qurilish bank” Qumqo‘rg‘on filialining moliyaviy ko‘magi katta bo‘ldi, – deydi xususiy korxona rahbari Furqat Narxamedov. O‘ylab yurgan rejalarimni amalga tatbiq qilishga kirishdim va biznes rejamni puxta qilib bankka murojaat qildim. Biznes rejam qisqa fursatda mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqildi. Ko‘p o‘tmay korxonamizga binolarni ta’mirlashda qo‘llaniladigan maxsus suvoq materiallari hamda suvli bo‘yoq emulsiya ishlab chiqarish uchun 300 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. Olingan kredit mablag‘i ishlab chiqarish rivojlanishiga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatdi va 26 turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Zamonaviy ishlab chiqarishga ega bo‘lgan korxonamizda o‘tgan 2013 yili bank krediti evaziga jami 772,7 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Tumanimizga taklif etayotgan qurilish materiallariga bo‘lgan talab tufayli esa 24,9 million sof foyda olishga erishdik. Natijada 6 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Hozirda “Olis osmon” xususiy korxonamiz Surxondaryo viloyati aholisi hamda qurilish korxonalarini sifatli mahsulotlari bilan ta’minlab kelmoqda.
Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida tashkil etilgan “Do‘stlik” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham bankning krediti asosida bugun toshni qayta ishlashni hamda qum-shag‘al mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.
– 2013 yil sentyabr oyida OATB “Qishloq qurilish bank” Qashqadaryo mintaqaviy filialidan 830,0 mln. so‘m miqdorida kredit olib, jamiyatning ishlab chiqarish qobiliyatini yanada rivojlantirdik. Bugungi kunda oyiga o‘rtacha 2500 kub metr mahsulot ishlab chiqarib, namunaviy loyihalar asosida barpo etilayotgan uy-joy va ijtimoiy ob’yektlar, quruvchi korxonalarga yetkazib bermoqdamiz. Foydalanilgan kredit evaziga korxonada 5 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi, – deydi korxona rahbari Farhod Normahmatov.
Muxtasar aytganda, OATB “Qishloq qurilish bank” jamoasi tomonidan tadbirkorlarning loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirayotgan sarmoyalari iqtisodiyotimizni yanada rivojlantirishga, aholi turmush farovonligining oshishiga xizmat qiladi.
Bank matbuot xizmati