Hayot guli so‘lmasin
giyohvand moddalar iste’moli – qora kunlar debochasi
O‘spirinlik davrida har bir yigit-qizning ko‘ngli nozik bo‘ladi. Kimdir hali bolalik olami quvonchlarini tark etgisi kelmasa yana ba’zi o‘smirlar kattalarga o‘zlarining ulg‘ayib qolganligini isbotlagisi keladi. Bola bo‘lib bola emas, katta bo‘lib katta emas, ammo jismoniy va jinsiy, aqliy jihatdan ulg‘ayayotgan farzandlariga ota-onalar yanada yaqinroq sirdosh va do‘st bo‘lishi kerak. Chunki, vujudida ro‘y berayotgan gormonal o‘zgarishlar xususida tibbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan ayrim yoshlarni ba’zan uyatchanlik, o‘zini aydborday his etish, gohida esa turli qo‘rquv va vahimali o‘ylar qurshab oladi. Maktab va litsey shifokori yoki ota-onalarning o‘zlari o‘smirlik davri xususidagi tibbiy risolalarni ularga taqdim etsalar, o‘smirlik davri o‘zgarishlari tabiiy jarayon ekanligini anglab yetadilar. Ko‘ngli xotirjam tortgan o‘spirinning qalbida halovat bo‘ladi. Oldiga hayotda o‘z o‘rnini topishni maqsad qilib qo‘ygan va kasb-hunar egallash uchun o‘qib-izlanayotgan, sport sohasida turli yutuqlarga erishayotgan yoshlarimiz to‘g‘ri yo‘ldan adashmaydilar.
Ammo irodasi sust yoki nosog‘lom oilaviy muhitda ulg‘ayayotgan ba’zi o‘spirinlar birovlarning yomon ta’siriga tez tushib qolishadi. Yana giyohvand moddalar oldi-sottisi bilan shug‘ullanuvchi nokas kimsalar ham qora dori savdosi “tegirmoniga suv quyadilar”.
Dastlab bu “serhimmat homiylar” tuzoq quyish uchun 1-2 marta bepulga bo‘lajak giyohvandlarni “mehmon” qilishadi. O‘smirlar qiziquvchan bo‘lishadi. Ayrim yoshi katta nopok kimsalarning “qahramonliklari”ni tinglab, ba’zida ota-ona nazoratisiz qolgan o‘spirinlar giyohvand moddani iste’mol qiladilar. “Bir oz tatib ko‘rsam, hech narsa qilmas” degan xom xayol ularni jarlikka tortib ketishi mumkin.
Xalqimizda “do‘sting kimligini ayt, men senga kimligingni aytaman”degan maqol bor. Ota-onalar farzandlari kimlar bilan do‘st tutinayotganligiga katta e’tibor qaratib, ogoh bo‘lishlari zarur. Chunki, yosh niholni qayoqqa egsangiz o‘sha yoqqa qarab o‘sadi. Zero, ogohlik hushyorlikka chorlashini unutmang, azizlar!
Giyohvand moddalar tabiiy o‘sadigan o‘simliklardan olinadi va kimyoviy sun’iy yo‘l bilan ham tayyorlanadi. Tibbiyot amaliyotida vrach ko‘rsatmasiga doir ayrim kasalliklarda ma’lum miqdorda og‘riq qoldiruvchi dori vositasi sifatida ham tarkibi narkotik bo‘lgan dori vositalari qo‘llaniladi. Misol uchun, saraton kasalliklarida. Ammo undan boshqa holatlarda qabul qilinsa, inson ruhiyatiga salbiy ta’sir etib, kishining shaxs sifatida tanazzulga yuz tutishiga sabab bo‘ladi. Giyohvand moddalarni muntazam iste’mol qiladigan odamlar bemor hisoblanadi. Unga jinoyatchiga qaraganday qaramasdan jamiyatga va atrofidagi insonlarga zarari yetmasligi uchun yaqinlari vrach-narkolog bilan maslahatlashib narkologik dispanserda davolanishiga ko‘maklashishi zarur. Chunki, giyohvandlikka mubtalo bo‘lgan odam narkotik moddaning xumori tutgan paytida a’zoi-badani qaqshab og‘riydi. Natijada ular og‘riq azoblariga dosh berolmay, zahri qotilni sotib olishga pul topish maqsadida har qanday qabih jinoyatdan ham toymaydi.
Mutaxassislarning fikricha giyohvand vositalar organizmdan kalsiy moddasini peshob orqali ko‘p miqdorda chiqarib yuborar ekan. Natijada giyohvand shaxslarning suyaklari zichligi kamayib, og‘riydi. G‘ovak suyaklar mo‘rtlashib, sinishga moyil bo‘ladi.
Giyohvand vositalarni iste’mol qilishga moyillikka yana bir sabab dastlab zahri qotil odamning a’zoi-badanini bo‘shashtirib, ongida g‘ayrioddiy yoqimli hissiyotlarni qo‘zg‘aydi. Nashavand ilgari kamgap bo‘lgan bo‘lsa, so‘zamol bo‘lib hammani og‘ziga qaratib o‘tiradi. “Qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan” odamlar sherga aylanadi. Ular beixtiyor kutilmaganda kuchga to‘lib, o‘zlarini har ishga qodir hisoblaydilar. Ular asta-sekinlik bilan o‘zligini yo‘qota boshlaydi. Miya organizmga tashqaridan kiritilgan zahar ta’sirida zo‘riqib ishlaydi. Bu holat vujudga ham ta’sir etadi. Giyohvand bir necha soat charchoqni bilmay ishlashi mumkin. Ammo organizm ichki rezerv kuchlarini yo‘qotganidan so‘ng tana biologik soatga bo‘ysungan holatda bir necha kun dam olgachgina o‘ziga keladi. Giyohvand vositalar tarkibiga ko‘ra organizmda turli o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi. Chunki, zahar, avvalo miya faoliyatini izdan chiqaradi. Keyin giyohvand shaxsning fe’l-atvorida salbiy o‘zgarishlar kuzatiladi. U tajovuzkor, janjalkash, “tirnoq ostidan kir qidiradigan” bo‘lib qoladi. Unga nisbatan bildirilgan har qanday tanqidiy munosabatga agressiv javob beradi. Shaxs sifatida tanazzulga yuz tutadi. Jamiyatda va oilada o‘z o‘rnini yo‘qotadi. Nashavand odamning fe’l-atvori giyohvand dori vositalari ta’sirida yomon tomonga o‘zgarib, u ijtimoiy xavf tug‘dirishi mumkin. Bunday holatda ular maxsus narkologik dispanserlarda davolanishlari shart va zarur.
Endi giyohvand vositalar deganda biz nafaqat tibbiy tushunchaga ega bo‘lamiz, balki ular ijtimoiy va yuridik ahamiyatga ham egadir. Chunki, atrofimizdagi insonlar sog‘lom fikrlasalar, farzandlarimiz sog‘lom muhitda tarbiya topadi.
Aziz ota-onalar!
Og‘uning zarrasi ham zahar. Ayniqsa, o‘smir yoshdagi yigit-qizlarning organizmi har tomonlama rivojlanayotgan bo‘ladi. Ular bo‘lg‘usi ota-onalardir. Kelajakda mayib-majruh, nogiron va nuqsonli go‘daklar “Muruvvat uylari”ni to‘ldirmasin desangiz hamda irsiyat sog‘lomligi uchun qayg‘ursangiz giyohvandlikning oldini olishga bel bog‘lang. Farzandlarimizni turli zararli illatlar – spirtli ichimliklarni ichish, chekish, giyohvandlik, OIV va OITS hamda jinsiy yo‘llar bilan yuquvchi turli kasalliklar, g‘oyaviy mafkuramizga zid diniy aqidaparastlikdan asrash sizu bizning mas’uliyatli burchimizdir. Zero, oydin orzular bilan yashayotgan har bir yosh nurafshon kelajagimizning munosib vorislari bo‘lishiga ishonamiz.
Chunki, farzandlarimiz hayotimiz guli, umrimiz mazmunidir. Ular ertamizning umidbaxsh charog‘bonlaridir. Ular bilan ko‘nglimiz to‘q, turmushimiz farovon. Umrimiz davomchilarini asrab-avaylash esa har birimizning ota-onalik vazifamizdir.
Gulchehra ShIRINOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri