QIZALOQLAR

Ozor – gul kabi nozik inson qalbi shu to‘rt harfdan iborat birgina so‘z tufayli qanchalik qiynalishini hamma ham birdek tushunavermaydi. Ba’zan, chumoliga ham ozor bermang, – degan so‘zlarni beparvo eshitganlar ham yo‘q emas.

Kishi ta’bini xira qiluvchi ko‘ngilsiz kechinmalardan yiroqlab ketging kelaveradi. Afsuski, dilingni kemiruvchi dilozor so‘zlarni o‘chirish qiyin ekan. Qaniydi guldek qalbimiz mayin shabbodalar singari dilga xush yoquvchi shirin so‘zlarga, nafis his-tuyg‘ularga limmo-lim to‘lib tursa. Shunda munavvar olamdan bahra olib, yashashga bo‘lgan ishtiyoqimiz jo‘sh urib yana ham zavqlangan bo‘lar edik.

NAVNIHOL

– Oyijon, sinfdoshim Dildora bugun maktabga yig‘lab keldi. Oyisi urgan emish. Unga biram rahmim keldiki, qanday yordam berishni bilmay boshim qotdi. Siz meni hecham urmagansiz-ku.

Endigina ishdan qaytib kechki ovqatni shosha-pisha qozonga solayotganim uchun, dastlab qizimning gaplariga unchalik e’tibor bermasdan, qizlar o‘zi arazchiroq bo‘ladi-da, oyisi biroz koyigan bo‘lsa, yig‘lagandirda, deya ko‘nglimdan o‘tkazib qo‘ydim. Ammo Mohinurning, bilasizmi oyijon dugonamning qo‘llari ko‘karib qolibdi. Oyisi yomon ekan, nimaga ukangni kiyimlarini joyiga taxlab qo‘ymading, darsingni bahona qilib menga gap qaytarding, deb Dildorani rosa xafa qilibdi, – deya gapini davom ettirayotganidan zumda hushyor tortdim. Bir pas qizimga tikilib qoldim, so‘ngra uning yoniga borib bag‘rimga bosdimda sochlarini silab qo‘ydim. Uning gavdasi shunchalik navniholki sal qattiqroq tegsang egilib qolayotgandek.

Xayolim olis bolalik tomon ketdi.

Sakkizinchi sinfda o‘qirdik shekilli, o‘shanda Salima ismli dugonamiz ham xuddi shunday yuzi ko‘karib, ko‘zlari shishgan ko‘yi darsga kelgan edi. O‘qituvchimizning, qizim yuzingga nima qildi,– degan savoliga, bilmasdan yiqilib tushdim, deya javob bergandi. Oradan yillar o‘tib buvimning shu Salimani onasi keksayganda zaharli tili tufayli xor bo‘ldi-da, belida kuch-quvvati borida nuqul bolalariga dilozorlik qilib xafa qilardi, to‘ng‘ichlari unga nisbatan mehrsiz, mahalla-ko‘ydagi har xil gap-so‘zlardan uyalagan chog‘i hartugul shu Salimagina onda-sonda holidan xabar olib turadi. Bir kuni uyiga kirsam, hay-haylashimga qaramasdan shu beozorgina qizini ham yuziga tarsaki tortib yuborsa bo‘ladimi. Qiz bolani ursa baxti kemtik bo‘ladi, degan so‘zlarimga parvo ham qilmadi. Gap buyoqda ekanda-a, o‘shanda dugonam boyaqish, yiqilib tushdim, deb yolg‘on gapiribdi. Aslida esa …

Yana o‘qing:  ELDA E’ZOZ TOPIB

Afsus, deyman qizimdan eshitgan so‘zlarimni hazm qilolmay. Va o‘z-o‘zimcha opajonimsan, singiljonimsan, sirdosh dugonajonimsan, navniholim, bo‘yi-bo‘yimga bo‘ylashayotgan, aqli-aqlimga tenglashayotgan qizim, ishqilib Salima yoki Dildoraning oyisi kabi tarbiyangda xato qilmayin deyman yoqamni ushlab.

YIG‘LAMAGIN MUNISA

Oyijon,oyi-i-i-i qarang anavu Sabina meni yiqitib ketdi, egni-boshi chang bo‘lgan Munisa ko‘p qavatli uyning o‘zi yashaydigan derazasiga qarab, ovozining boricha ho‘ngrab yig‘lardi. Shu payt shitob bilan ochilgan derazaning bir pallasidan cho‘chib ketgan musichalar “g‘u-g‘u”lab uchib ketishdi. – Nim-a-a-a yiqitsa qarab turdingmi, yig‘lama, bor sen ham uni itarib yubor, – degan ayol kishining zardali ovozi yangradi. Nazarimda yeru ko‘k siltanib ketgandek bo‘ldi.

– Voy, Munisa nimaga yig‘layapsan, yig‘lamagin, kel o‘zimga, yiqilib tushdingmi?

– Yo‘q, anavu Sabina meni yiqitib yubordi.

– Hechqisi yo‘q, u sen ekanligingni bilmaganda bo‘lmasa hecham yiqitmas edi, hozir kiyimlaringning changini qoqib qo‘yay, keyin uyimizga kirib, yuz-qo‘lingni ham yuvamiz, – qulog‘imga eshitilgan bu tanish ovoz kimniki ekan, – deb derazadan yana bir bor qarashimga ulgurmasimdan, eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Bir qo‘lida sumkasi bir qo‘lida esa qo‘shni qizaloqni qo‘lidan tutganicha turgan Mohinurni eshik oldida ko‘rib, xuddi farishtani ko‘rgandek bo‘lib ketdim.

SABOQ

– Nega bu yerga kelayapsan, bor uyingga jo‘na, seni o‘yinga qo‘shmaymiz, – dedi Aziza o‘zlari tomon yugurib kelayotgan Nilufarga qo‘lini bigiz qilib. Bu so‘zlarni eshitib joyida taqqa to‘xtab qolgan qizaloq ko‘zlarini bekitib yig‘lab yubordi. – Yig‘lasang yig‘layver, – baribir biz bilan o‘ynamaysan, sening oying yomon xotin ekan, buni oyim aytdi.

Bu so‘zlarni eshitib nima qilishimni bilmay, hangu mang bo‘lib qoldim. Chunki, Azizaning oyisi Nilufarning oyisiga ovsin bo‘lishini bilardim. Biroz sukut saqlab turdim-da qadamimni tezlatganimcha qizlarning davrasiga qo‘shildim.

– Aziza qizim, oyingning so‘zlarini yaxshi tushunmabsan, yomon ayol deb ertakdagi yalmog‘iz kampirni aytgan, Nilufarning oyisi yaxshi ayol. Axir kennoying bog‘changda ishlaydi-ku, yomon bo‘lsa har kuni pishirgan mazali ovqatlarini mazza qilib yemas eding. Qizlarim gapim to‘g‘rimi yoki noto‘g‘rimi? Atrofimdagi qizaloqlar nima deyishini bilmasdan, bir zum o‘ylanib qolishdi. – To‘g‘ri, Nilufarning oyisi kecha bizga tayyorlab bergan chuchvarani mazza qilib yeganmiz,– o‘rtadagi jimlikni buzib so‘zlay boshladi oq-sariqdan kelgan qizaloq. – Ha, gaping to‘g‘ri Durdona, shu ovqatni bog‘cha opam ham maqtagan edi, – dugonasining gapini ma’qullaydi sochlari o‘rilgan qiz.

Yana o‘qing:  G‘OLIB O‘G‘LON

– O‘rtoqlaringning gapini eshitdingmi, Aziza, – deganimcha uning yonimizda yo‘qligini ko‘rib u yoq-bu yoqqa alangladim. Qarasam, Aziza Nilufarning qo‘lidan tutganicha nimalarnidir gapirib biz tomonga ildam kelar edi.

Bir zumda Nilufarning ko‘zlaridagi quvonchdan mening ham dilim ravshan tortib, yo‘limda davom etdim.

Jamila HAYDAROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: