MILLIY EMLASH taqvimida yangi vaksina

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, sayyoramizda har yili ikki milliondan ko‘proq inson rotavirus infeksiyasi bilan xastalanib shifoxonalarga tushadi. Ulardan qariyb besh yuz ming nafari ushbu o‘tkir yuqumli kasallik tufayli olamdan ko‘z yumadi.

Ushbu infeksiya, ayniqsa, yosh bolalar o‘rtasida ko‘proq qayd etilishi va salomatligiga jiddiy tahdid tug‘dirishi bilan xatarlidir. Shu bois jahon miqyosida ushbu muammoga qarshi kurashning samarali yechimi sifatida bir qator yangi vaksinalar ishlab chiqilgan va ulardan tibbiyotda samarali foydalanilmoqda. Shu yilning 16 iyunidan boshlab mamlakatimiz milliy emlash taqvimiga ham ana shunday yangi vaksina joriy etildi. Endilikda ikki-uch oylik chaqaloqlar rotavirus kasalligiga qarshi bepul emlanadi.

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Sog‘liqni saqlash vazirligi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF)ning mamlakatimizdagi vakolatxonalari hamkorligida tashkil etilgan matbuot anjumanida shular haqida ma’lum qilindi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, Respublika Bosh davlat sanitariya vrachi S.Saidaliyev, YUNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari R.Fuderich va boshqalar inson manfaatlarini muhofazalash, aholi sog‘lom va uzoq umr kechirishi uchun qulay sharoit yaratish, oilada sog‘lom farzand tug‘ilishi va kamolga yetishini ta’minlash O‘zbekistonda Prezident Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishiga aylanganini alohida ta’kidladi.

Mamlakatimizda sanitariya-epidemiologiya holatini barqaror saqlash va yuqumli kasalliklarga qarshi kurashning zamonaviy tizimi yaratilgan. Milliy emlash taqvimiga muvofiq o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘nta kasallikka qarshi emlanmoqda. Bunday keng ko‘lamli chora-tadbirlar natijasida ilgarilari bolalar salomatligiga jiddiy tahdid tug‘dirgan ko‘plab kasalliklarning oldini olish, epidemiologik barqarorlikni ta’minlashga erishilmoqda. Milliy emlash taqvimiga kiritilgan immunoprofilaktika tadbirlariga ketadigan mablag‘lar davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirilayotir.

“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturiga muvofiq, bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda, xususan, yangi rotavirus vaksinasi joriy etilib, emlash ishlari boshlab yuborildi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining sanitariya-epidemiologiya boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, yangi vaksinani amaliyotga joriy etishga jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi. Sakkiz ming­dan ziyod o‘rta tibbiyot xodimlari emlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tdi. Qishloq vrachlik punkt­lari va oilaviy poliklinikalarda faoliyat yuritayotgan umumiy amaliyot vrachlari va patronaj hamshiralari ishtirokida maxsus o‘quv-uslubiy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Joylarda qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalar bazasida 3800 emlash punktlari tashkil etildi. Joriy yilning o‘zida qariyb uch yuz sakson ming bolani rotavirus infeksiyasiga qarshi emlash bilan qamrab olish rejalashtirilgan.

Yana o‘qing:  OILA MUSTAHKAMLIGI – YURT FAROVONLIGI

– Rotavirus infeksiyasi maishiy jihozlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari orqali yuqadi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi sanitariya-epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilorom Tursunova. – Kasallik virusi asosan me’da-ichak yo‘lida tarqaladi, ovqat hazm qilish fermentlarini ishdan chiqaradi. Buning oqibatida tana harorati ko‘tarilib, ko‘ngil ayniydi, ich ketishi kuzatiladi. Bu jarayon bolalarda ancha og‘ir kechishi, organizm bir kecha-kunduzda bir litrdan ko‘proq suyuqlik yo‘qotishi mumkin. Bolalarni o‘z vaqtida emlash orqali bunday muammolarning oldini olish mumkin.

Emlash ishlarini amalga oshirishda foydalaniladigan, jahon tibbiyoti amaliyotida keng qo‘llanilayotgan eng samarali emlash vositalari mamlakatimizga olib kelinib, tegishli tartibda tibbiy-laboratoriya sinovlaridan o‘tkazildi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan muvofiqlik sertifikati bilan kafolatlandi va sovuqlik zanjiri tizimiga rioya etilgan holda joylardagi emlash punktlariga yetkazib berildi. Aholining xabardorlik darajasini oshirish maqsadida xonadonlarda, mahallalarda tushuntirish ishlari amalga oshirildi.

Tadbir ishtirokchilari emlash ishlariga ko‘rilgan tayyorgarlik va bu jarayonning borishi bilan tanishish maqsadida poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 46-oilaviy poliklinikada bo‘ldi.

Bolalarni rotavirusga qarshi emlash ishlari mamlakatimizdagi barcha birlamchi tibbiyot maskanlarida tashkil etilgan emlash punktlarida ana shu tartibda boshlab yuborildi. Bunday xayrli ishlar bolalar salomatligini asrash, o‘tkir yuqumli kasalliklarga qarshi kurash ishlari samaradorligini oshirish, sog‘lom va barkamol avlodni kamolga yetkazishda yana bir muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

B.XIDIROVA,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: