ChO‘MILISHDA ehtiyotkorlik – xavfsizlik garovi

Cho‘milish kishiga g‘ayrat va shijoat baxsh etadi. Yoz mavsumi kelgach kunning issiq harorati kishining cho‘milishga bo‘lgan ehtiyojlarini oshiradi. Shu sababli nafaqat kichik yoshdagilar, balki, yoshi katta kishilarni ham suzish havzalarida uchratamiz.

Cho‘milish masalasida doimo hushyor bo‘lish cho‘kish bilan bog‘liq mudhish holatlarning oldini oladi. Keling, ayni damda siz bilan cho‘kish bilan bog‘liq favqulodda holatlarning oldini olish borasida nimalarga e’tibor berish kerakligi, shuningdek, bu borada foydali bo‘lgan ayrim maslahatlarga to‘xtalib o‘tamiz.

Demak, bolalar yoki birinchi marotaba suvga tushgan katta yoshdagilarni suzishga o‘rgatish joyi 60 – 90 santimetrgacha chuqurlikda bo‘lishi kerak. Bunday chuqurlikda odam suvdan cho‘chimaydi, chunki oyog‘i tayanch nuqtaga ega bo‘ladi. Ochiq suv havzalarida suzishga o‘rganishda, albatta suvning chuqurligi bilan birga, oqim tezligini ham e’tiborga olish lozim. Oqim tezligi daqiqasiga 10 metrdan oshmasligi zarur. Yoz oylarida farzandlarimizni suzishga o‘rgatish vaqtini to‘g‘ri tanlash kerak. Ayrim ota-onalar kunning issiq paytidagina (soat 13:00-15:00) suzishga o‘rgatishga yoki cho‘milishga ruxsat berishadi. Aslida esa ertalab soat 10.00 dan 12:00 gacha va kechqurun soat 17:00 dan 19:00 gacha quyoshning ultrabinafsha nurlari ko‘p bo‘ladi va ana shu soatlarda cho‘milish juda foydali. Cho‘milish muddati 5 daqiqadan 25-30 daqiqagacha davom etishi mumkin, unda bolaning yoshi, suzishga tayyorgarligi, suvning haroratiga e’tibor berib, suzish muddati asta-sekin oshirib boriladi. Yoz paytlari katta yoshdagi bolalar suv harorati +18obo‘lganda, kichik yoshlardagilar +20o+28odan kam bo‘lmaganda ochiq suv havzalarida cho‘milishlari mumkin. Agar suvning harorati 16odan past bo‘lsa, cho‘milmaslik kerak. Suvga tushishdan oldin bosh, ko‘krakni ho‘llab, so‘ng sho‘ng‘ib olish darkor.

Ta’kidlash joiz ayni yoz mavsumida cho‘kish bilan bog‘liq mudhish hodisalar uchrab turadi. Bunday fojeaga asosan ota-onalar, kattalar tomonidan nazorat bo‘shashtirilgani, mahalla, maktab, kollej, akademik litsey va boshqa xizmat xodimlarining yoshlar orasida tushuntirish ishlari qoniqarsiz olib borilayotgani, shuningdek, bolalarning suza olmasliklari ham sabab bo‘ladi.

Shuni eslatib o‘tish zarurki, faqat qutqaruv xizmati bo‘lgan joylardagina cho‘milishga ruxsat etiladi. Shunda baxtsiz hodisa yuz bersa, ya’ni biror bir odam cho‘ksa, qutqaruv xizmati tezda yordamga keladi. Cho‘milish joyini cheklaydigan, ko‘pirib oqayotgan suvga sho‘ng‘ish mumkin emas.

Yana o‘qing:  Ozod yurt bolalari

Cho‘kish nafas yo‘llarining suv va boshqa suyuqliklar bilan to‘lib qolishi oqibatida yuzaga keladigan holatdir.

Agar, nihoyatda charchagan, suvda uzoq vaqt qolib ketgan, yoki qorin och bo‘lsa, shuningdek, spirtli ichimlik iste’mol qilingan, chanqoq, kasallik sizni bezovta qilayotgan vaqtlarda cho‘milmaganingiz ma’qul.

Cho‘kayotgan odamni suvdan olib chiqish ham katta mahorat talab etadi. Bunda bir necha qutqarish usullari mavjud. Ulardan biri – cho‘kayotgan kishiga orqa tomondan suzib yaqinlashish, sochi va qo‘ltig‘i ostidan ushlab, yuzini tepaga qaratib, o‘zingizni ushlab olishga yo‘l qo‘ymagan holda qirg‘oqqa qarab suzish kerak. Harakat usullaridan biri jabrlanuvchining changak quchog‘idan ushlab olishdir.

Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish esa jabrlanuvchining ahvoliga bog‘liq. Agar u o‘z hushida bo‘lib, yurak faoliyati va nafas olishi saqlangan bo‘lsa, uning boshini pastga eggan holda quruq qiya joyga yotqizish va shundan keyin yechintirib, ho‘l yoki quruq sochiq bilan artish kerak. Imkoniyati bilan unga issiq ichimlik (choy, qahva, yoshi kattalarga 1-2 osh qoshiq spirtli ichimlik ham berish mumkin) ichirib, issiq ko‘rpa bilan o‘rash va dam oldirish talab qilinadi.

Agar jabrlanuvchining mustaqil nafas olishi yo‘qolib, yurak faoliyati saqlanib qolsa, uning nafas yo‘llari tozalanib, iloji boricha tezroq sun’iy nafas oldirishga kirishiladi. Vaqtida va malakali ko‘rsatiladigan birinchi tibbiy yordam jabrlanuvchining hayotini asrab qoladi.

Aytib o‘tish kerak, ayrim insonlar suv havzalariga spirtli ichimliklar ichib kelishadi. Ma’lumki, spirtli ichimliklarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish natijasida inson tanasini boshqara olmay qoladi. Xulosa qiladigan bo‘lsak, mast holatda cho‘milishning oqibati esa o‘zingizga ma’lum.

Ekspertiza xulosalari va tahlillariga qaraganda, suvda cho‘kish kabi baxtsizlik yuz berishiga sabab, avvalo, ta’qiqlangan joylarda cho‘milish, suzishni bilmaslik yoki spirtli ichimlik iste’mol qilish tufaylidir.

Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek cho‘milish borasida hushyor bo‘lish kishi salomatligi va xavfsizligining garovidir. Shunday ekan yurtimizda mavjud cho‘milish havzalaridan foydalanganda hushyor bo‘lish, bu borada ma’lum qoidalarga amal qilish hamda farzandlarimizning ta’qiqlangan joylarda cho‘milmasligini nazorat qilish orqali ularning xavfsizligini ta’minlash har birimizning zimmamizdagi burchdir.

Eldor MADATOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: