Ozod yurt bolalari
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi milliy jurnalistika, xususan, yurtimizda faoliyat yuritayotgan bosma OAV rivoji yo‘lida samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Sohani moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir necha yildan beri o‘tkazib kelayotgan grant loyihalari tanlovi fikrimiz tasdig‘idir. “Sog‘lom avlod” gazetasi ham “Innovatsion texnologiyalarning yosh sohiblari 2010” hamda 2012 yilda “Ozod yurt bolalari” nomli loyihalari bilan ishtirok etib, davlat grantiga ega bo‘ldi. Tahririyat mazkur grant mablag‘larini maqsadli yo‘naltirish, yurtimizda ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodning ham ma’nan, ham jismonan barkamol bo‘lib voyaga yetishi yo‘lida o‘z hissasini qo‘shish maqsadida gazeta sahifalarida qator tanlovlar e’lon qilib kelmoqda. “Ozod yurt bolalari” ko‘rik-tanlovi shular jumlasidandir. “Mening oilam” mavzusida rasmlar, fotosuratlar, “Oilam – mening qutlug‘ bog‘im” mavzusida she’rlar, hikoyalar, “Umidli sportchilar” yo‘nalishida mamlakatimiz va xalqaro miqyosdagi sport musobaqalarida faol ishtirok etib kelayotgan yoshlar haqida hikoya qiluvchi maqolalarni qamrab oluvchi ushbu tanlov ishtirokchilarining ijodiy ishlari bir yil davomida gazeta sahifalari orqali yoritib borildi.
Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida “Sog‘lom avlod” gazetasi tahririyati tomonidan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, “NESTLE” kompaniyasi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i, “Iffatli kelin” o‘quv markazi hamkorligida “Ozod yurt bolalari” xayriya tadbiri tashkil etildi.
Unda umumta’lim maktablarining faol o‘quvchilari, poytaxtdagi 24-“Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Vatanimizda taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan barkamol avlodni voyaga yetkazish masalasi doimiy e’tiborda ekanini ta’kidladi.
“Ozod yurt bolalari” loyihasi doirasida o‘quvchi-yoshlarning iqtidorini yuzaga chiqarish, ijodiy faoliyatini keng targ‘ib etish maqsadida tashkil etilgan tanlovda uch yuzdan ziyod o‘quvchi va yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir doirasida ishtirokchilarning ijodiy ishlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi chiqishlar namoyish etildi.
Xalqimiz e’zozidagi san’atkorlar, bolalar ansambllari, “Nihol” mukofoti sovrindorlari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
F.TOLIPOV