Mehmon bolaning odobi
Xonadonimiz davlati, uyimizning fayzi – bobo-buvimning yoshlari bir yerga borib qolgan bo‘lsa-da, yetti ajdodining ismini hech qiynalmay aytib berishi, meni hamisha taajjubga solardi. Ularni xotirlar ekanman qarindoshlik rishtasiga o‘z jonini bog‘lagan, baxtu iqbolini ahillik, birdamlikda bunyod etgan insonlar ekaniga yana bir bor amin bo‘laman.
Yodimda, bolaligimda buvim qarindoshlaridan birini yo‘qlab borsalar, albatta meni o‘zlari bilan olib ketardi. Onam hazil ohangda “bu ketishda qizingizni erkalatib yuborasiz”, desalar: “Mehr ko‘zda, yo‘qlab borganda! Bolaligidan qavmu qarindoshlarni yo‘qlab turishni o‘rgansa, buning nimasi yomon”, – deb qo‘yardi. Shu-shu bolalikda ko‘rgan, bilgan tanish chehralar dilga yaqin bo‘lib qoldi.
…Menga tanish ayolning bir odati bor. Farzandlarini o‘zi bilan biror joyga olib borganini hech ko‘rmaysiz. Hatto, oilaviy yig‘inlarda ham hamisha o‘g‘il-qizlarisiz ishtirok etardi. Bir qarashda bu ayolning yig‘inlarga tartib bilan kelib, tartib bilan ketishi havas qilsa arzigulik. Ammo shu yo‘sinda tarbiya ko‘rgan bolalar bora-bora, hatto bobosini ko‘rgani kelishga ham oshiqishmay qo‘yganini ona keyinchalik afsuslanib gapira boshladi.
– Farzandlarimiz hayotni hissiyot ila boshqarib boradi. Hissiyotlar bizning hayotdagi yo‘lboshchimiz, – deydi psixolog Zebiniso Ahmedova. – Bolalarimiz ko‘rish, anglash orqali hayotni o‘rganib boradi. Shu jumladan, insonlarni ham. Bola o‘z mahallasi, yetti avlodini, shevasini bilishi shart. Bu esa mehmondorchilikka borishda yanada yaxshiroq shakllanadi. Bolangiz atrofdagilar bilan muloqotga kirishgan chog‘idagina yangi axborot qabul qiladi. Shuningdek, o‘z “MEN”ini topishga kirishadi, mushohada etadi. O‘zgalar bilan kam muloqotga kirishgan bola, bunday jarayonga moslashishga qiynaladi va yolg‘iz bo‘lishga, o‘z ishlari bilan ovunishga urinadi. Natijada bolada o‘ziga bo‘lgan ishonch susayib boradi.
Ilgari mahalla yoki qarindoshlarnikida to‘y bo‘lsa, davrani bolalar egallab olar, to‘y egalarining “to‘y bola bilan fayzli-da”, degan so‘zlari quloqqa chalinar edi. Ammo, bugungi kunda to‘y-marosimlar tugul, gohida yaqinlarning kichik yig‘inlarida ham oilaga yaqin bolalarni uchratmaysiz. “Bolaning bo‘yi yetganda olib yurish yarashadi”, “Qo‘ying, tinchgina o‘tiraylik”, qabilidagi javob ham tayyor.
Savol tug‘iladi. Xo‘sh, farzandlarimizni mehmonga, yaqinlar davrasiga olib borish uning fe’l-atvoriga ijobiy ta’sir qilar ekan, nega oilaviy munosabatlarda farzandarimizning o‘rni sezilmayapti? Nega dilbandlarimizning qarindosh-urug‘lar bilan aralashuvi faol emas? Shu o‘rinda dugonamning bergan javobini keltirib o‘tsam: “Bola nomi bilan bola-da. Bir yerga olib borsam, doim beodobligi bilan meni izza qiladi. Tabiiyki, ota-ona bunday holatga tushmaslik uchun ham farzandlarini olib yurmaydi”. Bir qarashda onaning so‘zlarida ham jon bordek. Keling, masalaga bir tomondan yondashmaylikda yana psixologga murojaat etaylik:
– Rivojlangan axborot asrida kundalik hayotimiz yanada ildamlagandek, go‘yo. Ota-onalar o‘ziga xoli bo‘lish sharoitini farzandlarisiz yaratishga, yoki bola keltirishi mumkin bo‘lgan noxush holatlardan qochishga urinishadi. Ular nazdida bu boladan biron muddatga ozod bo‘lish, javobgarlikdan qochish yoki halovatga yetishish demakdir. Shuning uchun ularni barcha yaqinlar jam bo‘lgan bayram kechalariga, qarindosh yotgan shifoxonalarga, yoki shunchaki ziyoratga olib borishdan qochishadi. Ammo, tarbiyani birinchi o‘ringa qo‘yuvchi ota-onalar bunga unchalik ham e’tibor bermaydi. Sababi, ular bu holatga farzandini allaqachon tayyorlab bo‘lishgan.
Bola tabiatan shundayki, u o‘z xatti-harakatlarining oxirini o‘ylamaydi. U uchun qilayotgan ishining natijasi qanday bo‘lishi unchalik muhim emas. Shu bois ba’zi mehmondorchilikka borgan bola ko‘pincha noqulay vaziyatlarni yuzaga keltirishi mumkin. Masalan, shovqin-suron qilishi, dasturxonga tinimsiz qo‘l uzatishi yoki mezbon bolalar bilan janjallashishi va hokazo.
Tarbiya bola bilan unib-o‘sib, kamol topadi. Shunday ekan, bunday vaziyatni bolaga birdan uqtirib bo‘lmaydi. Uni yillar davomida sekin-astalik bilan o‘rgatib borish lozim. Har safar mehmonga otlanayotgan mahal bolangizga uning nihoyatda tarbiyali ekanini va u ota-onasini mehmonlar orasida uyaltirib qo‘ymasligiga ishonishingizni ta’kidlab boring. Ba’zan farzandingiz bilan uyda “mehmon-mehmon” o‘ynab, ongiga mehmondorchilik odoblarini o‘yin orqali singdirib boring. Bolam mehmonga borsa, u yerdagi bolalar bilan shovqin soladi yoki kelisholmay qoladi, degan fikrdan xoli bo‘ling! Sababi hissiyotli boladagina biroz kelishmovchilik bo‘lishi mumkin. Bolalardagi kelishmovchilik, nizolar ortidan ularda ijtimoiy hamfikrlik shakllanadi. Ular bir-birini kashf etadi, fe’l-atvorini bir-biriga moslashtirib boradi. Shuni unutmangki, “ishi bor”, “uyida tinch o‘tirsin” qabilidagi so‘zlar qaror emas, aksincha, sizning mas’uliyatdan qochishingizdan darak beradi.
Bolaning o‘zini tutishini real sharoitda ko‘rmoq lozim. Farzandingizni tashqaridan kuzatib boring. Bunday imkoniyatni esa bolangiz yaqinlarnikiga mehmondorchilikka borgan chog‘ida ko‘rishingiz, bevosita uning bilgan va bilmagan ijobiy hamda salbiy jihatlarini payqashingiz mumkin. Shuningdek, bu jarayonda tarbiyangizning yutuq-kamchiliklari ham oshkor bo‘ladi. Bolaning qilgan odobsizligi uchun uni qattiq urishmang. Mehmondorchilikdan so‘ng qilgan ishi yoki do‘stining harakati, hammaning e’tiborini tortganini va siz bu holatdan uyalganingizni tushuntiring.
Yaqinlaringiznikida mehmondorchilik chog‘ida bolalar uchun ham alohida dasturxon tuzashga e’tibor bering. Sababi e’tibor bergan bo‘lsangiz yosh bola kattalarga o‘xshagisi, tezda katta bo‘lgisi keladi. Shuning uchun bunday vaziyatda kichiklarga endilikda ular ham kattalar singari mas’uliyatli bo‘lganliklarini aytib, rag‘batlantirib qo‘ying. Bolalarni bunday paytda tinchlantiruvchi samarali usul bu – ular orasida eng to‘polonchi hamda sho‘xini sardor etib tayinlang va mehmondorchilikdagi tartib-intizomga mas’ul qilib qo‘ying.
Bola tasavvuri osmon qadar keng va musaffodir. Shunday ekan, mehmonga siz bilan borishga oshiqayotgan bolaga rad javob berib, uning shashtini so‘ndirmang. Zero, farzandingiz qalbida mehr-oqibat kabi insoniy fazilatlar ularni yaqinlar davrasiga olib borish orqali ham shakllanib boradi.
Ma’rifat TOLIPOVA