Toshkentda Paralimpiya o‘yinlari
Poytaxtimizda O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi tomonidan qator vazirliklar, davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda paralimpiya o‘yinlari tashkil etildi.
Mazkur musobaqadan ko‘zlangan maqsad mamlakatimizda paralimpiya harakatini rivojlantirish, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning iqtidorini yuzaga chiqarishdan iborat. Unda mamlakatimizning turli hududlaridagi maxsus maktab-internatlarda tarbiyalanayotgan 100 nafarga yaqin o‘g‘il-qiz tennis, stol tennisi, qilichbozlik, parakanoe, yengil atletika va o‘q otish sport turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi.
Joriy yilgi sport mavsumida ham paralimpiyachilarimiz xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etib, yuqori natijalarga erishmoqda. Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida yengil atletika bo‘yicha o‘tkazilgan Gran-pri turnirida o‘zbekistonlik paralimpiyachilar sakkizta oltin va uchta kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Poytaxtimizda tashkil etilgan paralimpiya o‘yinlari ana shunday muvaffaqiyatlar sonini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlarga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Paralimpiya o‘yinlari san’at ustalarining konsert dasturi bilan yakunlandi.