Oqilona ovqatlanish va tan salomatligi
Oqilona ovqatlanish – bu birinchi navbatda organizmning to‘g‘ri o‘sish va rivojlanishini, mustahkam sog‘lig‘ini, uzoq umr ko‘rish hamda samarali mehnat qilish qobiliyatini ta’minlovchi bosh omil sanaladi. Oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, uni taqsimlash, sifatli tayyorlash va oqilona iste’mol qilish insoniyat faoliyatini asosini tashkil etadi desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tib ilmining sultoni, buyuk vatandoshimiz Abu Ali ibn Sino ming yillar ilgari to‘g‘ri ovqatlanish va uning ahamiyati to‘g‘risida to‘xtalib: “Kimki sog‘lom turmush tarziga erishmoqchi bo‘lsa, o‘z sog‘lig‘ini saqlamoqchi va mustahkamlamoqchi bo‘lsa, ovqatlanish tartibiga, iste’mol qilinayotgan ovqatning sifatiga, miqdoriga, ovqatni iste’mol qilish vaqti va uning hazm bo‘lish jarayoniga asosiy e’tiborini qaratmog‘i lozim” deb ta’kidlagan edi.
To‘g‘ri, har bir mamlakatning, millatning va alohida mahalliy xalqlarning o‘ziga xos bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari va taomlari mavjud. Bu jarayon ularning yashash joyi, sharoiti, iqlimi va urf – odatlari bilan bog‘lanib ketadi. Biz ularni odatda milliy va mahalliy taomlar deb ataymiz. Bulardan tashqari har faslda, kunning ma’lum bir vaqtlarida ham iste’mol qilinadigan taom turlari borki, odamlar ovqatlanishning bu qonuniyatlarga o‘zlarining yoshi, jinsi, salomatlik darajasi va mehnat qilish turidan kelib chiqib o‘ziga xos tarzda alohida yondoshishlari kerak bo‘ladi.
Ayrim kishilar oilasida har kuni go‘shtli, yog‘li va yuqori kaloriyali oziq-ovqatlarni iste’mol qilsalar to‘g‘ri ovqatlanayapmiz deb tushunadilar. O‘zbek milliy taomlarining ham ko‘pchiligi yuqori kaloriyali ovqatlar sanaladi. Ayniqsa, to‘ylarda va shu kabi turli tadbirlarda bir nechta yuqori kaloriyali taomlarni muntazam iste’mol qilish, boz ustiga bir vaqtda spirtli ichimliklarni ichish, chekish va eng dahshatlisi kamharakatlik ayrim fuqarolarimizda ovqatlanish bilan bevosita bog‘liq ijtimoiy ahamiyatiga ega bo‘lgan, qon bosimi, qandli diabet, insult, miokard infarkti, buyrak va me’da-ichak tizimi a’zolarining turli xil kasalliklarining yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bergan ma’lumotiga qaraganda dunyo bo‘yicha kasallik va o‘lishga olib keluvchi har 10 ta kasalliklardan 6 tasi (semizlik, kamqonlik, qandli diabet, yurak – qon tomir, jigar, buyrak kasalliklarining yuzaga kelishiga noto‘g‘ri ovqatlanish sabab bo‘layotganligi ta’kidlanadi.
Oqsillar asosan organizmda moddalar almashinuvini boshqaradi, immunitetni mustahkamlaydi. Organizmda oqsillar yetishmaganda bolalar yaxshi o‘smaydi va rivojlanmaydi, kattalarda jigarda o‘zgarishlar paydo bo‘ladi. Yuqumli kasalliklarga qarshi immunitet pasayib ketadi. Xotira va ish qobiliyati pasayadi.
Hozirgi kunda odam organizmi uchun 13 ta turdagi vitaminlar zarurligi isbotlangan. Ularni biz asosan mevalardan, sabzavotlardan, ko‘katlardan va poliz mahsulotlaridan olamiz. Salomatlikni saqlab turish uchun insonga turli xildagi 16 ta mineral moddalar zarur. Bular kalsiy, natriy, magniy, kaliy, fosfor, yod, selen, temir, sink va boshqa elementlar. Ular asosan oqsil, uglevod va yog‘lar almashinuvida ishtirok etadi.
Odatda ko‘plab kasalliklar noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatida yuzaga keladi. Ular quyidagi holatlarda namoyon bo‘ladi:
1. Ovqatga to‘ymaslik – bu jarayon uzoq muddatga davom etsa, odam ozib ketadi, immuniteti pasayadi, kasalliklar yuzaga keladi va o‘lim holati tezlik bilan rivojlanadi.
2. Ovqatlanishda biron – bir oziq moddasining nisbatan yoki mutloq yetishmasligi natijasida yuzaga keladi. Masalan yod, temir yoki qaysidir bir vitaminlar va hakazo. (A, S, D va boshqalar).
3. Keragidan ortiqcha ovqat iste’mol qilish.
4. Nosog‘lom ovqatlanish – bu organizmga zarur bo‘lgan moddalarning o‘zaro nisbatiga rioya qilmaslik natijasida yuzaga keladi.
Buning uchun har birimiz sog‘lom ovqatlanish uchun mutaxassislar tomonidan maxsus ishlab chiqarilgan quyidagi tamoyillarga to‘liq rioya qilishimiz kerak bo‘ladi:
– kunlik ovqatlanishda har xil mahsulotlarni iste’mol qilish;
– har kunlik taomnomada yangi uzilgan meva va sabzavotlardan kamida 400 g iste’mol qilish;
– kunlik taomnoma tarkibida un, yorma va kartoshka mahsulotlarining bo‘lishini ta’minlash;
– ovqatda yog‘ miqdorini kamaytirish, ko‘proq o‘simlik yog‘larini ishlatish;
– yog‘siz go‘sht, baliq, tovuq va dukkakli (mosh, no‘xat, loviya) mahsulotlarni iste’mol qilish;
– tarkibida qand miqdori kam bo‘lgan mahsulotlarni istemol qilish, shirinliklarni kam istemol qilish;
– tuzni kamroq iste’mol qilish. Faqat yodlangan tuzni ishlatish;
– ovqat bilan choy ichmaslik. Imkoni bo‘lsa sharbatlar va qaynagan suv ichish;
– taomlarni imkon boricha dimlab, qaynatib tayyorlash. Yog‘, tuz, shakar miqdorini kamaytirish;
– bolalarni kamida 2 yoshgacha ko‘krak suti bilan boqish va asta – sekinlik bilan ko‘krak sutidan ajratish;
– tana vaznini me’yorda ushlab turish uchun organizmga o‘rtacha jismoniy og‘irlik berish zarur.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan to‘g‘ri, sog‘lom va oqilona (ratsional) ovqatlanishning piramidasi taqdim etilgan. Bu piramida tikkasiga asosan uchta rang bilan ajratilgan. Bu ranglar xuddi ko‘chalarda avtomobillarni boshqarib turadigan svetofor (yo‘lchiroq) ni eslatadi. Buning ham o‘ziga xos ramziy ma’nosi bor. Piramidaning pastidagi yashil rang ichida boshoqli don mahsulotlari, kartoshka, non va non mahsulotlari, sabzavotlar, mevalar va ko‘katlarning rasmlari keltirildi.
O‘rtadagi sariq rangda esa sut va sut mahsulotlari, go‘sht va go‘sht mahsulotlari, parranda, baliq, tuxum va dukkaklar ko‘rsatilgan. Nihoyat, piramidaning eng tepa uch qismida qizil rang timsolida yog‘lar, shirinliklar va qandolat mahsulotlarining ramzlari keltirilgan. Piramidaning ikkinchi mazmuni shuki, u qancha tepaga chiqqan sari kichrayib, nazarimizda iste’mol qilinadigan mahsulotlarning miqdorini kamaytirib borilishini anglatadi.
Xulosa o‘rnida buyuk mutaffakkir olim Abu Ali ibn Sino ta’biri bilan aytganda: “Birdan ko‘p yeyishni aylama odat. Dilni xira qilar, jon uchun ofat.” degimiz keladi.
Ibodulla Abdullayev,
tibbiyot fanlari doktori, professor,
Respublika Salomatlik va tibbiy statistika instituti