Yangi qonun kuchga kirdi
Ma’lumki, Yurtboshimiz Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining 2010 yil 12 noyabrda bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” nomli ma’ruzasida fuqarolarning axborot sohasidagi huquq hamda erkinliklarini ta’minlash masalasi insonning axborot olish, axborotni va o‘z shaxsiy fikrini tarqatish huquqi, erkinligini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, bu O‘zbekistonda demokratik jamiyat asoslarini barpo etishning muhim sharti, ta’bir joiz bo‘lsa, tamal toshi hisoblananishini ta’kidlagan edi. Va bu borada “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilish tashabbusini ilgari surgandi.
Mazkur qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan 2014 yil 11 martda qabul qilinib, Senat tomonidan 2014 yil 10 aprelda ma’qullangan edi. Joriy yilning 5 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonun imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 20 martdagi “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi sinovi bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkazish haqida”gi Farmoyishiga muvofiq, 2013 yilning mart-dekabr oylarida Buxoro va Samarqand viloyatlarida huquqiy eksperiment o‘tkazilib, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, OAV, fuqarolik jamiyati institutlari hamda boshqa axborotdan foydalanuvchilar bilan hamkorlikda qonun loyihasi muhokama qilindi.
Aytish joizki, mazkur qonun yuridik va jismoniy shaxslarga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborotdan keng ko‘lamda foydalanishni ta’minlash, fuqarolarning axborotga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish shakllarini kengaytirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilish tartib-qoidalarini belgilash, mahalliy hokimiyat organlarining qabul qilinadigan qarorlari yuzasidan javobgarligini oshirishning huquqiy jihatdan ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Qonunning 12-moddasiga ko‘ra, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborotni e’lon qilish (chop etish) davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rasmiy nashrlari, rasmiy veb-saytlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshiriladi.
Qonunning 19-moddasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir axborotdan foydalanuvchining so‘rovi ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan e’tiboran ko‘pi bilan 15 kun, OAVning axborot olish, shuningdek, mansabdor shaxslarning intervyusini tashkil etishga doir so‘rovi ko‘pi bilan 7 kunlik muddatda ko‘rib chiqilishi belgilangan.
Endigi oldimizda turgan asosiy vazifalardan biri mazkur qonunning ijrosi bo‘yicha huquqiy mexanizmni rivojlantirish uchun davlat sektoriga qarashli turli xil soha xususiyatlaridan kelib chiqib, ochiqlikni ta’minlashga qaratilgan qonun osti hujjatlarini qabul qilish ehtiyoji tug‘iladi.
Birinchidan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari axborot xizmati bo‘limlariga malakali kadrlarni jalb qilish talab etiladi. Chunki axborot xizmati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining “ko‘zgu”si sifatida namoyon bo‘lib, o‘z faoliyati to‘g‘risidagi axborotni tayyorlash, tarqatish vazifalarini bajaruvchi hamda ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan hamkorlikni ta’minlovchi-vositachi hisoblanadi.
Ikkinchidan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari internet tarmog‘idagi veb-saytiga axborotni joylashtirishga doir yo‘riqnoma ishlab chiqib, unda axborotni veb-saytda joylashtirish tartibi va ularga qo‘yiladigan talablar aniq ko‘rsatilishi kerak.
Uchinchidan, mahalliy hokimiyat organlarining ochiq yig‘ilishlarida axborotdan foydalanuvchilarning bevosita qatnashishini ta’minlash bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqilib, unda yig‘ilishlar o‘tkazish to‘g‘risida axborotdan foydalanuvchilarni xabardor qilish, yig‘ilishlarda qatnashishni tashkil qilish va qatnashish tartibi belgilab qo‘yilishi lozim.
To‘rtinchidan, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida faoliyat yurituvchi davlat xizmatchilarining axborot olish, uzatish va tarqatishdagi huquqiy madaniyati va savodxonligini oshirish zarur.
Muxtasar qilib aytganda, fuqarolik jamiyati rivojlangan demokratik davlatda fuqarolar davlat hokimiyati boshqaruvi organlari va mansabdor shaxslar faoliyati haqida tanishib borishi, ularning xalq farovonligi va jamiyat taraqqiyoti yo‘lida olib borayotgan ishlari to‘g‘risida xabardor bo‘lishi talab etiladi. Chunki fuqarolar qonunlar bilan taqiqlanmagan hukumat axborotidan erkin foydalanish va tarqatish imkoniyatiga hech qanday to‘siq va tazyiqlarsiz ega bo‘lishi lozim. Bu orqali davlat va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlar mustahkamlanib, tom ma’nodagi kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish mumkin bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonuni esa ushbu maqsadni amalga oshirishda ulug‘vor ahamiyatga egadir.
Adhamjon Usmonov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tinglovchisi