Tabiat bolalar nigohida
Bekobod shahridagi Hofiz G‘aniyev nomidagi istirohat bog‘ida “Qushlar va gullar” bayrami bo‘lib o‘tdi. Tadbir Bekobod shahar tabiatni muhofaza qilish va xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash hamda tashkil etish bo‘limlari hamkorligida o‘tkazildi.
Tadbirda asosiy e’tibor yosh avlod parvarishlab o‘stirayotgan gullar, uy hayvonlari, qushlar ko‘rgazmasiga qaratildi. Ko‘rgazmada jonli burchak tashkil qilish bilan birga, o‘quvchilar o‘zlari yasagan hayvonlar, qushlar, baliqlar maketlari, qush niqoblari, devoriy gazetalar, eng yaxshi guldastalar, noyob gullar kompozitsiyasidan iborat asarlarini namoyish etishdi.
“Qushlar va gullar” bayramida ekologiyamizda uchrayotgan muammolar, ularni bartaraf etish yo‘llari sahna ko‘rinishlari orqali namoyish etildi.
Tadbir so‘nggida Toshkent viloyati tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi tomonidan kechada faol ishtirok etgan o‘quvchilarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Osiyo JAYLOBOVA,
O‘zDJTU talabasi