Assalom, ey yashil olam

Bolalaringizga yaxshilikni singdirib o‘stiring, ularga baxtni faqatgina shu fazilat beradi.

Lyudvig van BETXOVEN

“Agar chang va g‘am bo‘lmaganida odamzot ming yil umr ko‘rardi”, – deganida Abu Ali ibn Sino haq edi. Darhaqiqat, tevarak-atrofning ozodaligi salomatlik garovidir. Ko‘p qavatli uylar yonidan o‘tayotgan zamonaviy avtomashina oynasidan tevarak-atrofga nazar solaman. Birdan ko‘zlarim muyulishdagi uylar orasidagi mo‘jazgina bolalar maydonchasiga tushadi. Ko‘m-ko‘k maysalarga burkangan maydoncha unchalik katta bo‘lmasa-da, miriqib dam olib, tabiat go‘zalligidan lazzatlanish mumkin. O‘rindiqlarning birida ayol yonidagi ikki yoshlar chamasidagi farzandiga nimalarnidir so‘zlab berayotgandi. Bir maromda ketayotgan mashinadan uylarning raqamini yaxshi ko‘ra olmagan bo‘lsamda, ammo o‘tirg‘ich tagidagi muzqaymoqning havorang qog‘ozlari va unda-bunda tashlangan yelimxaltachalarga ko‘zim tushdi.

– Obbo, shunday go‘zal o‘t-o‘lanlar ustiga bular hecham yarashmabdi-da, – dedim xafa bo‘lib.

– Maydonchadagi qog‘ozlaru yelimxaltachalarni aytayapsizmi? Yaqinroq borganimizda sochilgan pista po‘choqlarini ham ko‘rardingiz, opa, – dedi haydovchi gapimni bo‘lib. – Shu, ba’zi birovlarga hayronman. Loaqal beg‘ubor bolalarni hurmat qilishsa bo‘larmidi?!

Haydovchi ayni rost gapni so‘zlayotgani barobarida bir og‘ir tin olib qo‘ydi. Bir ko‘nglim shart­ta mashinadan tushiboq bu manzarani tasvirga olib, hududdagi mutasaddilarga ko‘rsatsammi, deb o‘yladim.

Bugungi ayni shiddatkor asrimizda ekologik muhitga berilayotgan zararlar: oddiy muzqaymoq qog‘ozidan tortib, pista po‘choqlarigacha yoki bekatlardagi maxsus qutilar kutayotgan sigareta qoldiqlari, g‘ijimlanib, shunday oyoq ostiga tashlab ketilayotgan yo‘l chiptalari kishini o‘yga toldiradi…

Tarozining ikki pallasi bo‘lganidek, bolalar ilk tarbiyani oila atalmish muqaddas qo‘rg‘ondan oladi. Shunday ekan ona tabiat, uning yam-yashil boyliklarini asrab-avaylash kerakligini bolalarimizga o‘rgatish payti kelmadimikin?! Shunda tabiat go‘zalligidan bahra olib ulg‘ayayotgan bolajon ertaga borliq-olamga, uning bag‘ridagi sog‘lig‘imiz manbai bo‘lgan dov-daraxtlarga nisbatan mehr ko‘zi bilan qarardi.

Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “Har qanday millatning ravnaqi, umumbashariyat tarixida tutgan o‘rni, mavqei va shuhrati, bevosita o‘z farzandlarining aqliy va jismoniy yetukligiga bog‘liqdir”.

Bundan ko‘rinadiki, ertamiz egalarining tarbiyasi uchun barcha birdek ter to‘kmog‘i lozim.

Darhaqiqat, go‘dakning ongu-shuuriga ulug‘ ajdodlarimizning bizgacha asrab-avaylab kelgan onajon tilimiz, jannatmakon yurtimiz, shuningdek tuproq taftiyu biz nafas olayotgan musaffo havoni ta’minlab berayotgan yashillik olamini kelgusida ukalari va singillariga ham eson-omon topshirishi lozimligini bot-bot eslatib turish kattalarning burchidir. Sir emas, ba’zan ko‘cha-kuyda yoshlardan noliganlarni, ota-onaning hurmatini joyi­ga qo‘ymaydigan ayrim farzandlar borligi haqida eshitib qolamiz. Agar e’tibor berilsa, buning tub ildizi, albatta, oiladagi tarbiyaga borib taqaladi. Chunki daraxt shoxini sindirib, gul g‘unchasini yulib ezg‘ilagan bolaga bunday ish yomon ekanini tushuntirmagan kattalar, u ulg‘aygach, albatta, yuqoridagi kabi holatga duch kelishi, tabiiy. Axir xalqimiz orasida “qush uyasida ko‘rganini qiladi”, degan maqol bejizga aytilmagan.

Yana o‘qing:  TURMUSH OBODLIGI

Avvalo, oilalarda yoshi kattalar bolalarga quyosh tufayli olam yorug‘likka burkanishini, bebaho ne’mat hisoblanmish tomchi suvda hayot jilvasi borligini, siqim tuproqda rizq-nasiba unishini, qushlar insonlarning haqiqiy do‘sti ekanini hikmatlar, kichik-kichik hikoyalar, qatra va she’rlar orqali tushuntirib borishsa, foydadan holi bo‘lmaydi. “Qizim ariqqa qarab ko‘cha supirmagin, bolam, axlatni oqayotgan suvga tashlash og‘ir gunoh hisoblanadi”, degan bobo-buvilarimiz, ota-onalarimiz, mahalla-ko‘ydagi yoshi katta kishilarning yoshlarni tergab, bergan mana shunday pandu-nasihatlari eng yaxshi tarbiya usulidir.

Xayol yana bolalar maydonchasi tomon yetaklaydi. Qiziq, mo‘jazgina bolalar maydonchasidagi bolasiga so‘zlayotgan ayol unga tabiat manzaralaridan hikoya qilayotganmikin? Yoki zangor samo sari bo‘y cho‘zgan azim daraxtlar haqida, yer bag‘rida quyosh nurlariga bosh tutgan maysalar haqida gapirayotganmikan? Yo yerda loqayd odamlar tomonidan tashlab ketilgan muzqaymoq qog‘ozlari-yu, sochilib yotgan pista po‘choqlarini maxsus axlat qutilariga tashlashni uqtirayotganmikin?

Bilmadim, lekin u o‘rnak sifatida o‘rnidan sekin turib shu sochilgan narsalarni yelimxaltachaga terib oldi-da, yaqinroqdagi axlat qutisiga tashlab kelib, qilgan ishidan ko‘ngli tog‘ qadar ko‘tarildi. U bu harakati bilan shunday nomaqbul ishlarni qilayotganlarga nisbatan tanbeh ham berayotgan bo‘lsa, ne ajab.

Jamila HAYDAROVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: