Shukronalik sururi

Toshkent viloyati Zangiota tumanining Qosim Odilov ko‘chasida yashovchi Rixsivoy Toshmuhammedovni mahalla-ko‘yning yoshu qarisi “buva”, deb atashadi. Otaxon 90 yoshni qarshilaganiga qaramay, qishloqning kayvonisi bo‘lib, mahallada, boringki, qishloqda qanday to‘y-marosim bo‘lmasin, hamisha u kishining hurmat-e’zozda ekanliklarini ko‘rasiz. Buvaga hazil ohangda “Nabira-yu, chevaralaringiz juda ham ko‘p-a? Ishqilib ularning hisobini bilasizmi?”, desak u kishi kamtarlik bilan “Shukur, shukur”, deb qo‘yadilar.

Chindan ham, otaxon ikki gapning birida “shukur” so‘zini ko‘p bora takrorlaydilar. Ularning eng yaxshi ko‘rgan kalomi ham shu so‘zdir. Shunda dadamdan bu so‘z buvaga odat bo‘lib qolgan bo‘lsa kerak, desam, ular: “Bunday baxtli kunlarga Rixsivoy buva osonlik bilan erishmadilar. Ikkinchi jahon urushida qatnashib, og‘ir yarador bo‘lganlar”, – deb qo‘ydilar. Otaxon urushning suronli kunlarini ko‘p ham eslagilari kelmaydi. Bu qora kunlarni yodga olib ko‘ngillarini xira etishni istamaydi. Ammo biz kabi nabira-yu, chevaralarga o‘rnak sifatida ba’zi bir voqealarni aytib berardilar. Ularning boshidan o‘tgan kechinmalarini tinglarkanman, yuragim qo‘rquvdan to‘xtab qolgandek bo‘lardi. Shunda kelajakdagi rejalarini xotirjamgina tuzib, o‘z maqsadlari sari dadil intilayotgan farzandlarimni eslab, yurtimizdagi tinchlik va xotirjamlik uchun “shukur”, deb qo‘ydim.

Hayotning o‘zi dono tarbiyachi. Kimdir uning qadr-qimmatini butun umri davomida ham his etmasa, yana kimlargadir bu baxtni anglab yetishi uchun lahzalarning o‘zi kifoya qiladi. Umrning qadrini dildan his etish ham bir baxt. Zero, bu orqali tortiq etilgan in’om – shamollarga sovurilmaydi.

Turmush o‘rtog‘i Zulfiya aya bilan birgalikda 6 nafar farzandni voyaga yetkazib, 24 nafar nabirayu, 21 nafar chevaraning mehribon bobo-buvisi bo‘lish baxtiga ega bo‘lishning ham gashti o‘zgacha.

Rixsivoy Toshmuhammedov bilan suhbatimiz chog‘ida otaxonning kenja chevarasi Xojiakbar yugurib kelib, o‘zini otani bag‘riga otdi. Avlodining davomchisini ko‘rish nasib etganidan mamnun bo‘lgan ota, uni beozorgina quchib, peshonasidan o‘pib qo‘ydi. Ularni kuzata turib, otaga: “Jang maydonlaridan shu go‘dak uchun omon qaytibsiz”, desak otaxon yana o‘sha samimiyat ila kamtargina “Shukur” deb qo‘ydilar.

Otaxonni kuzata turib, yurakdan bir so‘zlar takrorlanaverdi: Shu Vatanning, shu zaminning chin farzandi sifatida bugungi tinch va osuda hayotimiz, musaffo osmonimizning qadriga yetmaslik va unga shukur demaslik mumkin emas, mumkin emas.

Yana o‘qing:  To‘g‘ri tanlangan kasb

Ma’rifat TOLIPOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: