KAMRONBEK FALABA QOZONDI
Mamlakatimizning har bir hududida yoshlarning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun yetarli shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Quvonarlisi, bu boradagi ishlar ko‘lami yildan-yilga kengayib, sifat jihatidan yaxshilanib borayotir. Natijada o‘sib kelayotgan yosh avlod kuchli, sog‘lom, mard va qat’iyatli bo‘lib kamolga yetmoqda.
Poytaxtimizning Sergeli tumanidagi 11-son Bolalar va o‘smirlar sport maktabida yosh avlodning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoitlar yuqoridagi fikrimiz tasdig‘idir. Ayni paytda ushbu sport mujmuasida 500 nafardan ziyod o‘smirga, malakali murabbiylar milliy kurash, dzyudo, yunon-rum, sharq yakka kurashi kabi sportning ko‘plab turlari bo‘yicha saboq bermoqda.
– Xalqaro musobaqalarda ona Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgan yosh sportchilar safida maktabimiz o‘quvchilarining ham borligi biz murabbiylarga quvonch baxsh etadi, – deydi 11-son Bolalar va o‘smirlar sport maktabi direktori Ulug‘bek Rahmonov. – Biz bundan ruhlanib, o‘quvchilarni mashg‘ulotlarga kengroq jalb qilish va sport seksiyalari sonini yanada ko‘paytirishni rejalashtiryapmiz.
Darhaqiqat, hozirgacha maktabning yetti nafar o‘quvchisi jahon, 3 nafari Osiyo chempioni, shuningdek, 60 nafari respublika birinchiligi va mamlakatimiz kubogi musobaqalarida g‘olib va sovrindorlar safidan joy olgan. Ushbu maskanda mashg‘ulotlarni puxta tayyorgarlik bilan davom ettirayotgan 13 yoshli Kamron Bozorovning ota-onasi ham o‘g‘li erishayotgan yutuqlardan haqli ravishda faxrlanadi.
– O‘g‘limni sport to‘garagiga berishdan oldin mashg‘ulotlar o‘qishiga to‘sqinlik qilmasmikan, degan hadigim bor edi. Lekin sport orqali uning salomatligi mustahkamlanayotgani, intilish va harakatlarida alohida ishtiyoq paydo bo‘lganini ko‘rib, to‘g‘ri qarorga kelganimga amin bo‘ldim, – deydi Kamronning otasi Bahrom Jumanov.
Kamronbek mana bir necha yildirki, O‘zbekiston chempionatlarida munosib ishtirok etib, tengqurlariga har tomonlama o‘rnak bo‘lib kelmoqda. U yaqinda 9 may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan milliy kurash bo‘yicha 2000-2001 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan turnirda ham birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Bugun sport bilan shug‘ullanayotgan o‘g‘il-qizlar ertaga sog‘lom oila quradi va sog‘lom farzandni voyaga yetkazadi. Sog‘lom bolalar esa ona Vatanimiz va xalqimizning eng katta boyligi, kelajagimiz bunyodkorlaridir.
Navro‘z NORBOBOYEV