Har yaprog‘i – zar yaproq

Toshkent Botanika bog‘ida ekologik ta’lim festivali bo‘lib o‘tdi

Inson va tabiat o‘zaro bir-biridan quvvat oladi. Bu fikr asrlar davomida sayqallanib, teran mazmun kasb etib kelmoqda. Bugungi ekomuhit nochorlashayotgan davrda, ayniqsa, ikki taraflama hamjihatlikka ehtiyoj ortib borayotir. Har kuni uchrashishga odatlangan “do‘st”larimiz – dov-daraxtlar, gullar, yam-yashil maysalar, sharqirab oqayotgan daryolaru billur chashmalar, xullas turfa rangda tovlanuvchi go‘zal xilqat bizga tasavvur qilolmaydigan darajada vafodor ekani haqida o‘ylab ko‘rmaymiz. Inson salomatligini ta’minlovchi eng katta vosita hisoblangan toza havo tabiatning beminnat tuhfasidir. Shular haqida fikr yuritarkanmiz, beixtiyor borliq yaxlitligini saqlash – insoniyat taqdirini asrashdek ezgu fazilat ekanini anglaymiz.

Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, “Obodlik ko‘ngildan boshlanadi”. Aholi orasida ekologik madaniyatni shakllantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish borasida mamlakatimizda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Qator qonun loyihalari ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilayotir. Mahallalar, korxona-tashkilotlar, ta’lim muassasalarida targ‘ibot-tushuntirish ishlari uyushtirilyapti. Bundan ko‘zlangan maqsad kishilarda tabiatni ongli ravishda sevish, uni asrab-avaylash hissini shakllantirishdan iboratdir.

Toshkent Botanika bog‘ining qayta ta’mirlanishi, o‘simliklarning noyob turlari bilan boyitilishi fikrimizning tasdig‘idir. O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi mazkur bog‘da “Navro‘z. Kelajak nihollari” nomli ekologik ta’lim festivalini tashkil etdi. Tadbir “Har kunimiz Navro‘z bo‘lsin!” shiori ostida o‘tkazildi.

Ma’lumki, Toshkent Botanika bog‘i mamlakatimizning noyob tabiiy maskanlaridan biri hisoblanadi. Yetmish yil mobaynida bu yerda O‘zbekiston hamda jahonning asrash, ko‘paytirish va rivojlantirish zarur bo‘lgan ekzotik, dorivor, dekorativ noyob o‘simliklari kolleksiyasi to‘plangan. Mazkur tadbir ushbu bog‘ni ko‘p tarmoqli tabiatni muhofaza qilish muassasasi sifatida yanada takomillashtirish, shuningdek, xalqning milliy boyligi deb qadrlab, uni ommalashtirish, qolaversa, ijodkor yoshlar iste’dodini qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashish maqsadida tashkil etildi.

Festival dasturi o‘zbekona an’analar – milliy hunarmandchilik, milliy liboslar dizayni, tasviriy san’at, turli adabiy-badiiy asarlar namoyishi bilan boyitilgani yig‘ilganlarda katta taassurot uyg‘otdi. Shuningdek, tadbir poytaxtimizdagi sportga ixtisoslashgan va umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar o‘quvchilari hamda maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilari uchun jonli ekosaboq vazifasini o‘tadi.

– Navoiy hazratlari naql qiladilar: “Ulcha erur tiflg‘a shoyista ish, Bilki, kichiklikda erur parvarish”, mazmuni “Bolaga loyiq ish – uni yoshligida tarbiyalashdir”, – deydi Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Buloqcha” nomli 408-MTM direktori Shoira Normuhammedova. – Kishilarda tabiatga muhabbat uyg‘otish, ekomadaniyatni shakllantirish ham kichikligidanoq boshlansa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shu bois muassasamizda alohida ekologiyaga oid tarbiyaviy soatlar tashkil etilgan. Ayni paytda “Buloqcha”da 350 nafar jajji avlod ta’lim-tarbiya olmoqda. Ikki nafar maxsus tarbiyachi bolalarga ekosaboq berishi uchun birkitilgan. Qolaversa, MTMda maxsus eko burchaklar, tabiat manzaralari aks etgan tasviriy san’at asarlaridan iborat kolleksiyalar shakllantirilgan. Maxsus tarbiyaviy soat ham jonli tarzda, ya’ni sahna ko‘rinishi orqali sodda, tushunarli o‘tkazilyapti. Bolalar turli o‘simliklar nomidan rol ijro etadi. Bu, albatta, jajji qalb sohiblarining ekomadaniyati rivojlanishiga yetarlicha hissa qo‘shadi. Mana bunday tadbirlarning tashkil etilishi esa ularning tafakkur doirasi kengayishiga zamin hozirlaydi.

Yana o‘qing:  Suv ta’minoti sohasidagi islohotlar muhokama qilindi

Festivalda O‘zbekiston xalq artistlari, O‘zbekiston xalq shoirlari, taniqli san’atkor va yozuvchi-shoirlar hamda endi san’at olamiga kirib kelayotgan yoshlar tomonidan ijro etilgan she’ru kuy-qo‘shiqlar hammaga bayramona kayfiyat ulashdi. Ayniqsa, bolalarning tabiatdan bahra olib, quyoshning zarrin nurlari ostida qiyqirib o‘ynashlari, kattayu kichikning yuzidagi mamnunlik, ko‘tarinki kayfiyat yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik, to‘kin-sochinlikning sof mevasi sifatida namoyon bo‘ldi. Shu kuni xalqimizning farovon turmushi, orzu-umidlari, mehnatsevar va tantiligi ko‘rgazma va turli badiiy chiqishlar orqali aks ettirildi. Kasb-hunar kollejlari o‘zlari ixtisoslashgan yo‘nalishda olib borayotgan ijodiy ishlari, fan va hunarmandchilikda erishayotgan yutuqlarini ko‘rgazmalarda aks ettirdi. Ushbu ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘quvchilarning ijodiy izlanishlarini ko‘rib, yurtimiz kelajagi chinakam iste’dodli avlod qo‘lida ekaniga yana bir bor ishonch hosil qilindi. Qolaversa, sportga ixtisoslashgan umumta’lim maktablari o‘quvchilari qo‘lga kiritgan shoda-shoda medallar, kubok va faxriy yorliqlar jajji avlodga Vatan taqdiriga daxldorlik hissini kuchaytirish uchun xizmat qiladi. Yosh badiiy gimanastika malikalarining, shuningdek, karatechilarning chiqishlari har bir bolaning qalbida “Men ham, albatta, mahoratli sportchi bo‘laman. Sog‘lom va barkamol bo‘lib ulg‘ayaman”, degan qat’iy ahdnining tug‘ilishiga zamin hozirladi. Bu tuyg‘u ularning porlab turgan yuzu ko‘zida aks etdi.

– Ushbu festival “Har kunimiz Navro‘z bo‘lsin!” shiori doirasida “Navro‘z. Kelajak nihollari” nomi bilan tashkil etilishida ham teran ma’no-mazmun mujassam, – deydi Shayxontohur tumani xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi rahbari Arslonqul Rizoqulov. – Navro‘z – yasharish va yangilanish ayyomi. Xalqimizning ruhiyati, qarashlarini o‘ziga singdirgan bayram. Uning yoshlar bilan uyg‘unlashtirilishi esa ma’nan va jismonan barkamol avlodni tarbiyalashga turtki beradi. Shu nuqtai nazardan yoshlarga milliy hunarmandchilik sirlarini o‘rgatish, urf-odat, qadriyat va an’analarga sodiqlik ruhida kamol toptirish bizning muqaddas burchimiz hisoblanadi. Ushbu vazifani sidqidildan amalga oshirish, ayniqsa, milliy hunarmandchilikka o‘quvchilarni jalb etish borasida tumanimizda salmoqli ishlar amalga oshirilayotir. Biz bugun festivalda o‘quvchi-yoshlar tomonidan yaratilgan turli hunarmandchilik buyumlari bilan ishtirok etyapmiz.

Darhaqiqat, bunday nufuzli tadbirlar kishilar ongida ekologik madaniyatning shakllanishida katta ahamiyat kasb etadi. Shu kuni bog‘da yig‘ilgan yurtdoshlarimizning ko‘tarinki kayfiyati, tabiatni sevish, uni asrab-avaylashga bo‘lgan intilishi yaqqol namoyon bo‘ldi. Mazkur festival chinakam bayramona kayfiyat kasb etganidan bilish mumkinki, O‘zbekiston xalqi chinakam saodatli el. Buni kishilarning yuzu ko‘zidagi shukronalik hissidan ham bilish mumkin.

Yana o‘qing:  Cog‘lom avlod kamoloti yo‘lida

Bahodir HALIMOV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: