Hunardan naf yelga emas, elga

o‘quvchilar kulolchilik sirlarini qunt bilan o‘rganmoqda

Yurtimiz tuprog‘ining har zarrasi oltinga teng: unumdor va serhosil. Bu nafaqat dehqonchilikda, balki milliy hunarmandchilikning ham ravnaq topishida muhim ahamiyat kasb etgan. Oddiy loydan yaratilayotgan uy-ro‘zg‘or va turli xo‘jalik ashyolari fikrimizning yaqqol dalilidir. Ayniqsa, Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida asrlar osha kulolchilik maktabi shakllangan. Dunyoga ovoza bo‘lgan. Xo‘sh, bu go‘sha kulolchiligi boshqa vohalarnikidan qanday farq qiladi? Avvalo, unumdor qizil tuprog‘i hamda yopishqoq loyi, qolaversa, ustoz va shogird an’analarining bardavomligi, hunariga sodiq, mehnatsevar, izlanuvchan kulollari Rishtonni ma’lumu mashhur diyorga aylantirgan. Ana shunday loydan mo‘jiza yaratayotganlar safida O‘zbekiston xalq ustasi Nabijon Qodirov ham bor.

– Hunar – obro‘, Hunar – davlat, – deydi usta kulol biz bilan suhbatda. – Bejiz ota-bobolarimiz yigitga qirq hunar ham oz demagan. Loyga mehr qo‘yib kam bo‘lganim yo‘q. Yoshligimdan kulolchilik orqasidan ro‘zg‘or tebrataman. Ilk bor Rishtonda xalq ustasi Ibrohim Komilovdan saboq olgan bo‘lsam, bugun o‘zimning shogirdlarim ham yuqori natijalarni qo‘lga kiritmoqda. Bundan albatta faxrlanaman. O‘z ustimda izlanishga, yangi-yangi asarlar yaratishga bo‘lgan xohish kundan-kun kuchayib boraveradi. Hazrat Navoiyning:

“Hunarni asrabon netgumdir oxir,

Olib tuproqqami ketgumdir oxir”,

degan satrlari har bir hunarmand uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qilishi kerak. Hozir Toshkent shahrida ijod qilish barobarida yoshlarga hunarimni o‘rgatishdan aslo tolganim yo‘q. Poytaxtimizdagi 213-umumta’lim maktabi qoshida qiziquvchi o‘quvchilarga kulolchilikning sir-asrorlarini o‘rgatib kelmoqdaman. Jajji shogirdlarim respublika miqyosidagi ko‘rgazma va ko‘rik-tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etyapti.

Ilk bor 1985 yili millliy hunarmandchilik ko‘rgazmasida o‘z asarlarini namoyish qilgan Nabijon Qodirovning shogirdlari bugun yosh bo‘lishiga qaramay, bunday nufuzli tadbirlarda o‘zining iqtidori, ijodi bilan munosib ishtirok etmoqda. Ularning tirishqoqligi ustoziga ham ko‘tarinki ruh bag‘ishlaydi. U yosh kulollar bu hunarning sirlarini puxta va oson o‘zlashtirishi uchun Rishtondan maxsus tuproq olib keladi.

– Yurtimizda hunarmandlar uchun juda keng imkoniyatlar yaratilgan, – deydi Nabijon Qodirov. – Birgina misol: o‘zining hunari ortidan tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yganlarga soliqlarni to‘lashda imtiyozlar mavjud. Bundan unumli foydalanish, yoshlarda milliy hunarmandchiligimizga mehr uyg‘otish esa bizning asosiy vazifamiz. Joriy yilni Sog‘lom bola yili, deb nomlanishi zamirida ham farzandlarimizni ma’nan va jismonan sog‘lom etib tarbiyalashdek ezgu g‘oya mujassam. Milliy hunarmandchiligimizda ham xalqimizning qadimiy an’analari, urf-odatlar va qadriyatlari o‘z ifodasini topgan.

Yana o‘qing:  Farzand sog‘lom bo‘lsa, oila mustahkam

Darhaqiqat, yurtimizda jajji avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga jiddiy e’tibor berilmoqda. Ko‘pgina imkoniyat va sharoitlar yaratib berilyapti. Eng muhimi, buni kishilar to‘g‘ri anglab, o‘zlari ham amalga oshirishga kirishgan. Sharafli mehnat uchun O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi faxriy unvoni bilan taqdirlangan Nabijon Qodirov ana shunday yosh avlod ertasi uchun qayg‘urayotgan yurtdoshlarimizdandir.

Bahodir HALIMOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: