PLASTIK QUTILARDA ISITILGAN TAOM
Ko‘pchiligimiz odatda ovqatlanish paytida yeydigan taomimizni isitib olamiz. Bu jarayonda o‘z-o‘zidan plastik idishlardan ham foydalanamiz. Ammo buning salomatlikka zarari borligini bilasizmi?
Plastik idishlar tarkibida uchraydigan bisfenol (kimyoviy modda) shu kungacha faqatgina go‘daklar salomatligiga zarar yetkazishi bilan ma’lum edi.
Shu sababli mazkur modda qo‘shilib tayyorlangan go‘daklar suv idishlari tobora iste’moldan chiqib bormoqda. Lekin, kattalar bisfenol idishlarni ishlatishda davom etishmoqda. Bisfenol A ovqat solish uchun tayyorlanadigan plastik idishlar, turli ichimliklar idishlari tarkibida uchraydi. Ulardan iste’mol qilingan mahsulotlar bilan birga bisfenol ham inson qon-tomir yo‘llariga qo‘shilishi aniqlangan.
Stenford universiteti olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar davomida 114 nafar homilador ayolning salomatligi muntazam nazorat qilib borildi. Tadqiqotlar natijasida olingan xulosalarga ko‘ra qonda bisfenol miqdori qancha yuqori bo‘lsa, homila tushish havfi shuncha ortib boradi.
Bu holatning oldini olish uchun olimlar tomonidan juda oddiy usul tavsiya qilindi. Unga ko‘ra, ovqatni isitish vaqtida plastik idishlardan foydalanmaslik lozim. Chunki isish jarayonida plastik idish tarkibidagi bisfenol taomga qo‘shilib ketishi va homila tushish havfini yuzaga keltirishi mumkin.